O‘zbekiston | 19:20 / 01.12.2023
14898
7 daqiqa o‘qiladi

«Senatorlar jamoatchilik e’tirozlariga e’tibor qaratishi lozim» - «Yuksalish» Qonunchilik palatasidan o‘tib ketgan qonun loyihasining shov-shuvli moddasi haqida

Mazkur norma bugungi ochiqlik siyosatiga zid ekani ta’kidlandi.

Foto: Yangi O‘zbekiston

«Yuksalish» harakati huquq-tartibot organlari xodimlarining tasvirlarini ularni «obro‘sizlantirish maqsadida» tarqatganlik uchun 15 sutka qamoq jazosi belgilash haqidagi qonun loyihasi atrofidagi vaziyatga munosabat bildirdi. Harakat bu boradagi e’tirozlarni asosli deb hisoblagan va buning sabablarini keltirgan.

«Ichki ishlar vazirligi tomonidan kiritilgan va Oliy Majlis Qonunchilik palatasida uchinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini obro‘sizlantirish yoki xaqorat qilish maqsadida foto va video tasvirlarni internet axborot tarmog‘ida joylashtirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq bilan jazolanishga oid norma jamoatchilik orasida keng muhokamaga va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. 

Jamoatchilik tomonidan ushbu normaning kiritilishi bugungi ochiqlik siyosatiga zid kelishi hamda mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq holatga putur yetkazishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. «Yuksalish» harakati mazkur e’tirozlarni quyidagi sabablarga ko‘ra asosli deb hisoblaydi.

Birinchidan, qonunchilikdagi har bir o‘zgarish, ayniqsa, demokratiyaning asosiy belgilari bo‘lmish inson huquqlari va davlat organlarining ochiqligi va shaffofligiga oid siyosatga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi yangi qoidani kiritish ma’lum bir asoslarga ega bo‘lish kerak.

Ya’ni bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning xodimlarini internet tarmog‘ida asossiz obro‘sizlantirish va haqoratlash holatlari juda ko‘payib ketdimi? Agar ko‘paygan bo‘lsa aniq raqamlar qancha? Sababi nimada va bu kabi holatlar tizimning sog‘lom ishlashi uchun nechog‘lik jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda? Albatta, bu savollarga javob berilishi lozim.

Ikkinchidan, ushbu normani asoslash uchun fuqarolik kodeksining 99-moddasi va «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonunning 4 va 28-moddalari asos sifatida keltirilgan. 

Ya’ni ushbu moddalarga ko‘ra, shaxsning hayoti va sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, ishchanlik obro‘si, shaxsiy hayotining daxlsizligi, xususiy va oilaviy siri, nomga bo‘lgan huquqi, tasvirga bo‘lgan huquqi, mualliflik huquqi, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlar hamda tug‘ilganidan boshlab yoki qonunga muvofiq fuqaroga tegishli bo‘lgan boshqa nomoddiy ne’matlar tortib olinmaydi va o‘zga usul bilan boshqa shaxsga berilmaydi. (99-modda)

Shu bilan birga, sub’yektning roziligisiz yoki boshqa qonuniy asos mavjud bo‘lmagani holda shaxsga doir ma’lumotlarni oshkor etish va tarqatishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot shaxsga doir ma’lumotlar hisoblanadi. (4-modda)

Biroq, bu boradagi huquqbuzarliklar uchun, allaqachon, qonunchilikda ta’sir choralari belgilangan. Ya’ni, shaxsni haqorat qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik bor, bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasiga ko‘ra, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shunday ekan, huquq-tartibot organlari xodimlariga qaratilgan alohida norma nima uchun kerak? Bugun davlat boshqaruvida inson huquq va manfaatlari markaziy o‘ringa qo‘yilmoqda. Mazkur g‘oya yangilangan Konstitutsiyaning bosh mezoni sifatida «inson-jamiyat-davlat» tamoyili ko‘rinishida aks etgan. Buning teskari bo‘lishi mumkin emas. 

Uchinchidan, mazkur normani tatbiq etishda Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Fransiya va Belarus kabi mamlakatlar tajribasi o‘rganilgan. Ammo, ushbu mamlakatlarda bu kabi normalar aynan qanday holatlar uchun qo‘llanilishi, ulardagi ijtimoiy-siyosiy muammolarning xarakterini chuqur tahlil qilish taqozo etiladi.

Sanab o‘tilgan va boshqa rivojlangan demokratik mamlakatlarda haqiqatan bu kabi cheklovlar bor, ammo ushbu mamlakatlarda har bir fuqaroning nizoli holatlarda politsiya xodimining bodi-kamerasidagi yozuvlarni olish huquqi kafolatlangan.

To‘rtinchidan, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi» to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, oshkoralik va shaffoflik hamda davlat idoralari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi davlat organlari faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplari sifatida belgilab qo‘yilgan. 

Yangi norma bilan kiritilayotgan yangi javobgarlikning belgilanishi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xizmati bilan bog‘liq faoliyatini tasvirga olish mumkin emas degan qoidani keltirib chiqarmasligi lozim. 

Beshinchidan, aksincha, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining nojo‘ya harakatlari aks etgan tasvirlar Internetda tarqalgan hollarda, rahbarlar o‘z e’tiborini tizimni takomillashtirib borishga qaratishi kerak. Bu huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatining xalqchilligi va professionalligini oshirishga xizmat qiladi. 

«Yuksalish» umummilliy harakati qonunning yo‘l harakati xavfsizligi, ayniqsa piyodalar xavfsizligini ta’minlash uchun kiritilayotgan o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlaydi. 

Shu bilan birgalikda, qonun Oliy Majlis Senati tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bu bosqichda senatorlar jamoatchilikda yuzaga kelgan savollar va e’tirozlarga jiddiy e’tibor qaratishi lozim deb hisoblaymiz», deyiladi harakat bayonotida.

Mavzuga oid