O‘zbekiston | 13:53 / 02.12.2023
174779
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «Saidaziz medgorodok» laqabi bilan tanilgan shaxs qo‘lga olindi

U atrofiga jismonan baquvvat shaxslarni to‘plab, qarzdorlik va boshqa muammolarni qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berish bilan shug‘ullangan.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Toshkent shahrida «Saidaziz medgorodok» laqabi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev qo‘lga olindi, deb xabar beradi poytaxt IIBB axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergov qilinmoqda. Mazkur jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari doirasida bir qator jinoiy holatlar aniqlangan.

Jumladan, Toshkent shahrida «Saidaziz medgorodok» laqabi bilan tanilgan 1987 yilda tug‘ilgan Saidaziz Saidaliyev sport bilan shug‘ullangan jismonan baquvvat shaxslarni o‘z atrofiga to‘plab, qator jinoyatlarni sodir etgan. Xususan, qarzdorlik va boshqa muammolari bo‘lgan shaxslarning muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berish evaziga moddiy jihatdan manfaatdor bo‘lish, tahdidlar yo‘li bilan pul mablag‘larini noqonuniy qo‘lga kiritish, bezorilik va tamagirlik holatlari shular jumlasidan.

Jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchi Saidaziz Saidaliyev va boshqa bir necha shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov davom etmoqda.

«Hurmatli fuqarolar, agar siz ushbu shaxsdan yoki guruh a’zolaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-45-66, 71-206-49-46 yoki 102 raqamiga yoxud yaqin oradagi IIOga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi», — deyiladi xabarda.

  • 30 noyabr kuni Kun.uz manbasi so‘nggi bir hafta ichida Toshkent shahrida huquq-tartibot idoralari tomonidan «ko‘cha jinoiy guruhlari va jinoiy dunyoning o‘nlab vakillari»ga qarshi keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edi
  • 2 dekabr kuni Toshkent shahar IIBB poytaxtda kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotgani tasdiqladi.

Mavzuga oid