Jahon | 15:47 / 03.12.2023
52388
16 daqiqa o‘qiladi

Ikkiga bo‘lingan Mo‘g‘uliston: Chingizxon avlodlari bugun qanday yashayapti?

Aholi zichligi bo‘yicha eng katta davlat, dunyodagi eng sovuq poytaxt, dinozavr qoldiqlariga eng boy hudud, chorak aholisi haligacha ko‘chmanchi bo‘lib yashayotgan moviy osmon mamlakati – Mo‘g‘uliston haqida tasavvurlarimizni kengaytiramiz.

Mo‘g‘ulistonning O‘zbekistonga eng yaqin hududi bo‘lmish Bayan Ulgiy aymog‘i Andijonning Xonobod tumanidan atigi 1620 km uzoqlikda joylashgan. Bu masofani ko‘z oldimizga keltirish uchun Toshkentdan taxminan Boku, Tehron yoki Nyu-Dehligacha bo‘lgan uzoqlikni tasavvur qilsak bo‘ladi.

Insoniyat tarixida dunyoning tutash hududli eng yirik imperiyasini qura olgan Chingizxondan Rossiya va Xitoy o‘rtasida bugungi Mo‘g‘uliston qolgan. U ham unchalik kichik davlat emas, maydoni jihatidan dunyodagi 18-yirik mamlakat. Ammo Chingizxon imperiyasidan 20 marta kichik.

Mo‘g‘ulistonning hozirgi hududi O‘zbekiston hududidan 3,5 barobarga, xaritasi juda o‘xshash bo‘lgan qariyb Shveytsariyadan esa 38 barobarga katta.

Biroq Mo‘g‘ul davlati 3,5 million aholisi bilan O‘zbekiston aholisidan 10 baravarga, Shveytsariyadan 2,5 baravarga kam bo‘lib, aholi zichligi eng kam davlatlar orasida eng yirigi hisoblanadi – har kvadrat kilometr maydonga atigi ikki kishi to‘g‘ri keladi.

Tarix haqida qisqacha

Mo‘g‘ulistonning eng qudratli davlatchilik tarixi shubhasiz xonlar xoni Timuchin, ya’ni Chingizxon shaxsi bilan bog‘liq. Ungacha Mo‘g‘uliston hududlari bir muddat xitoylar ta’siri ostida bo‘lgan, keyinchalik Uyg‘ur va Turk hoqonliklari tarkibiga kirgan. Shu sababli bugungi mo‘g‘ulcha yashash tarzida ham turkiy, ham xitoycha madaniy unsurlarni uchratasiz. Mo‘g‘ullar tarixan turkiy xalqlar bilan yonma-yon yashab kelishgani sababli ularning ham turkiy ekani haqidagi iddaolar bahs-munozaralarga sabab bo‘lsa-da, hali aniq bir xulosaga kelinmagan.

14-asrda mo‘g‘ullar saltanati parchalangach, hozirgi Mo‘g‘uliston boshqaruvi Yuanlar qo‘liga, deyarli uch asrdan keyin Tsin davlati tarkibiga o‘tadi. Tsinlar ta’siri ostida ham qariyb uch asr yashagan mo‘g‘ullar 1924 yilda sovet ittifoqi ta’sirida kommunistik davlatga aylandi. 1990 yilgacha shu tuzum bilan hamohang bo‘lgan Mo‘g‘uliston xalq respublikasidagi sovetcha arxitektura va kirill yozuvining qo‘llanishi ham sobiq ittifoq bilan hamkorlik natijasidir.

Chingizxon savodsiz bo‘lsa-da, eski uyg‘ur yozuvini o‘z imperiyasining yozuvi sifatida qabul qilgan. 1930 yillarda lotin alifbosiga o‘tgan Mo‘g‘ul xalq respublikasi yozuvini 1941 yildan kirill alifbosiga almashtirdi. Mamlakat suvereniteti 1987 yilgacha ko‘plab davlatlar, jumladan, AQSh tomonidan tan olinmadi. 1990 yilda demokratik inqilob sodir bo‘ldi, 1991 yilda mamlakat nomi Mo‘g‘uliston Xalq Respublikasidan Mo‘g‘ulistonga o‘zgardi.

Bugungi Mo‘g‘uliston: boshqaruv

Davlatni to‘g‘ridan to‘g‘ri va yashirin ovoz berish yo‘li bilan 4 yil muddatga saylanadigan prezident boshqaradi va unda yana bir muddatga qayta saylanish huquqi qoladi.

Prezident, shuningdek, mamlakat qurolli kuchlarining oliy bosh qo‘mondoni hamdir. U yo‘qligida davlat boshlig‘i funksiyalarini Buyuk Davlat Xurali raisi bajaradi. Bu xuddi o‘zimizdagi Oliy Majlis Senati raisidek lavozim.

Pul birligi va oylik maoshlar

Mo‘g‘ulistonning yalpi ichki mahsuloti O‘zbekistonnikidan 5 barobar kam – 16 mlrd dollar atrofida, shunday bo‘lsa-da, mo‘g‘ul xalqi bizdan ikki barobar boyroq: jon boshiga YaIM 5 ming dollarga yaqinni tashkil etadi.

Pul birligi mo‘g‘ul tugrigi. 1 tugrik 3,5 o‘zbek so‘miga teng. Mo‘g‘ulistonda tangalar muomalada yo‘q, faqat qog‘oz kupyuralar ishlatiladi. O‘rtacha oylik ish haqi yillik 24 million tugrik yoki oylik 580 AQSh dollari atrofida. Eng kam maosh o‘rtacha 143 AQSh dollari bo‘lsa, eng yuqori oylik taxminan 2518 dollarga teng.

Aholining chorak qismi 330 dollargacha, yarmi 1650 AQSh dollarigacha hamda qolgan 25 foizi 1650 dollardan ko‘proq maosh oladi. Mamlakatda yashash uchun oyiga o‘rtacha 800 AQSh dollari yetadi.

Hukumat va xususiy sektordagi ish haqlarini solishtirsak, davlat xodimlari xuddi shu lavozimda ishlaydigan nodavlat xodimlardan 18 foiz ko‘proq maosh olishadi. Erkaklarga xuddi shu ishni bajaradigan ayollardan 8 foiz ko‘proq oylik ish haqi yoziladi. Eng ko‘p maoshlar moliya, arxitektura, biznes, savdo va marketing sohalarida bo‘lsa, eng kamlari qurilish, transport va mehmonxona xizmatlarida beriladi.

Iqtisodiy faollik 58 foiz atrofida, ishsizlik darajasi esa 6 foiz atrofida. Bu mamlakatda har o‘ninchi odam ishsiz, degani.

Demografik ko‘rsatkichlar

3,5 millionga biroz yetmayotgan mo‘g‘ulistonliklarning 95 foizi mo‘g‘ul millatiga mansub bo‘lib, aholi yiliga 40-50 ming nafarga ko‘payadi. 1 kishi vafot etsa, 4 chaqaloq tug‘iladi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, har soatda 10 nafar chaqaloq tug‘iladi. Har ikki soatda esa 5 nafar mo‘g‘ulistonlik hayotdan ko‘z yumadi.

O‘rtacha umr ko‘rish yoshi – 68,3 yil. Bu Birlashgan millatlar tashkiloti me’yoriga ko‘ra 71 yosh deb belgilangan global darajadan past.

55 foizga yaqin aholi tibet buddizmiga, 3 foizga yaqin qozoq va tuva turkiylari islom diniga, 2 foiz atrofidagi mo‘g‘ullar milliy shamanizmga, 3 foizga yaqin ruslar va boshqa millatlar xristian diniga e’tiqod qilishsa, qolgan aholi hech qaysi din yoki aqidaga amal qilmaydi.

Mo‘g‘uliston mis, ko‘mir va oltin kabi muhim tabiiy resurslarga ega. Qazib olingan foydali qazilmalarning asosiy qismi eksport qilinadi. Qolaversa, keyingi yillarda ayrim xorijiy kompaniyalar bu resurslarni qazib olish va qayta ishlashga katta sarmoya kiritmoqda. Mamlakat iqtisodiyoti sobiq ittifoq imzosidagi kommunistik tuzumdan kapitalizmga o‘tganidan biroz inqirozli davrni boshdan kechirib, yaxshilana boshlagan. Aholi asosan qishloq xo‘jaligi va chorvachilik bilan kun kechiradi.

30 milliard dollardan ortiq tashqi qarzi bilan mamlakat 145 ta davlat antireytingida 81-o‘rinda turadi. Keling, endi Mo‘g‘ulistonning boshqa soha va yo‘nalishlardagi reytinglarini ko‘rib chiqsak.

Reytinglar

Mo‘g‘uliston:

  • Pasport indeksi reytingida 78-o‘rinda. U yerliklar 61 davlatga vizasiz kirish huquqiga ega. Jumladan, O‘zbekistonga ham. O‘zbekistonliklar uchun ham mamlakat 2022 yildan vizasiz rejim joriy qildi.
  • Demokratiya indeksida 6,48 ball bilan 167 davlat orasida 61-o‘rinda.
  • Eng korrupsiyalashgan davlatlar reytingida 180 davlat ichida 113-o‘rinda – 33 ball.
  • Matbuot erkinligi bo‘yicha 180 ta mamlakat o‘rtasida tuzilgan ro‘yxatda 88-o‘rinda.
  • Yo‘l sifati bo‘yicha 2019 yilda tuzilgan 141 ta davlat reytingida 112-o‘rinni egallagan.
  • 10 foizli inflatsiya bilan esa dunyoning 186 davlatidan 150-o‘rnida turibdi.

Poytaxt Ulan Batorning ekologik muhiti yomon darajada bo‘lib, dunyoning eng ifloslangan shaharlari beshligiga kiradi. Shu sababli Mo‘g‘uliston prezidenti tashabbusi bilan cho‘llanish va ifloslanishga qarshi kurash bo‘yicha “Milliard daraxt” milliy harakati yo‘lga qo‘yilgan va hokazo.

Qiziqarli faktlar

Ulan Bator so‘zi mo‘g‘ulchadan “alvon botir”, “qizil bahodir” deb tarjima qilinadi. Ulan Bator – alvon botir. Biri mo‘g‘ulcha, biri o‘zbekcha so‘z. Ko‘rib turganingizdek, bu mo‘g‘ullar va turkiylar uyg‘unligidan kichik bir element xolos.

Ulan Bator – dunyodagi ko‘chmanchilar yashaydigan yagona poytaxt shahar. Mo‘g‘uliston osmoni yilning 260 kunidan ortiq muddatida ochiq bo‘lib, u “moviy osmon mamlakati” deyilsa-da, poytaxt Ulan Bator dunyoning eng sovuq poytaxti hamdir. Shaharda 50 darajagacha sovuq kuzatilishi mumkin. Va bu yog‘ingarchiliksiz shaharda doim quruq va izg‘irinli havo hukmron bo‘ladi.

Mo‘g‘uliston aholisining to‘rtdan bir qismi ko‘chmanchilar bo‘lib, ular mo‘g‘ulcha gerlarda yashashadi. Hech qanday manzil, kadastr hujjatlari yoki yer soliqlarisiz shartta uylarini yig‘ishtirib, tuya va otlarga ortib, o‘zlariga qulay bo‘lgan joyda joylashib istalgancha yashayverishadi.

Ger bu – barcha turkiy va mo‘g‘ul xalqlari tarixan foydalanib kelgan o‘tovlar bo‘lib, uni boshqa tillarda “yurta” ham deyishadi. “Yurta” turkiy “jurt”, aniqrog‘i “yurt” so‘zidan olingan.

Mo‘g‘ul xalqining mehmondorchilik madaniyati juda kuchli. Ular ko‘pincha mehmonlarni bir piyola "ayrag" bilan kutib olishadi. Bu fermentlangan ot suti bo‘lib, mezbon uzatgan bir piyola ayragni rad etish hurmatsizlik belgisi hisoblanadi.

Dunyo sayyohlari, asosan, cho‘l va tog‘ safarlari uchun mamlakatga tashrif buyurib, eng gavjum sayyohlik markazlaridan yana biri Ulan Batordan 50 km shimolda qurilgan milliy qahramon Chingizxon yodgorligidir. Ot ustida tasvirlangan imperator haykalining balandligi 40 metr, bu 12 qavatli bino balandligiga teng. Haykal ko‘rinishidagi imorat 2008 yil Chingizxon tavalludining 800 yilligiga 4 million dollar evaziga qurilgan.

Mo‘g‘uliston haqiqatan ham ko‘p go‘sht yeydigan mamlakat. U yerda otlar odamlardan 13 baravarga, qo‘ylar soni esa 35 baravarga ko‘p. Istalgan taom go‘sht bilan pishiriladi. O‘zidan ortganini tashqariga ham sotadi. Bu yilning o‘zida Mo‘g‘uliston O‘zbekistonga ham 500 tonna go‘sht va sut mahsulotlari eksport qilgan.

Osiyodagi eng yirik Gobi cho‘li 70 million yil oldin yashagan dinozavrlar qoldiqlariga eng boy hudud hisoblanib, u yerni 1920 yilda amerikalik tadqiqotchi va paleontolog Roy Chapman Endryus kashf qilgan. Bundan tashqari Mo‘g‘uliston tabiati Oltoy tog‘lari, qor qoploni, gobi ayig‘i, yovvoyi Baqtriya tuyasi va yovvoyi otlari bilan ham mashhur.

Mo‘g‘ullar qishda ham muzqaymoq iste’mol qilishni yaxshi ko‘rishadi. Havo sovuqligidan muzqaymoqlar hech qanday muzlatkichlarsiz, qog‘oz qutilarda sotiladi. Muzqaymoq ilk marta mo‘g‘ul otliqlari tomonidan ixtiro qilingan degan qarashlar ham yo‘q emas. Qadimda ko‘chmanchilar uzoq safarlarga hayvon ichaklarida to‘ldirilgan sut mahsulotlarini tashishgan. Muzlash va otning tebranishi natijasida ichak idishda muzqaymoqqa o‘xshash modda paydo bo‘lgan. Bu keyin Xitoyga, Marko Pologa, keyin esa Italiyaga yo‘l olgan bo‘lishi ehtimoli bor.

Mo‘g‘ulistonda xuddi O‘zbekistonning janubiy mintaqalaridagi kabi tomoqdagi ovoz bilan doston va xalq qo‘shiqlarini kuylovchi baxshilar bor. Ular bir vaqtning o‘zida tomoq va burun orqali qo‘shiq aytish texnikasidan foydalanib, ikki xil tovush chiqarishadi.

Mo‘g‘ul kurashi haqida afsona

Mo‘g‘ullarda bex nomli milliy sport turi bor. U Mo‘g‘ulistonda yashovchi tuva turkiylarining tilida “xurash”, ya’ni “kurash” deyiladi. Bex faqat erkaklar sport turi hisoblanib, u turli musobaqalar, to‘y va marosimlarda uyushtiriladi. Xurashning boshqa milliy kurashlardan farqi uning sport libosida bo‘lib, yaktak faqat ikki qo‘l va kurakni yopadi.

Ko‘rinishidan biroz g‘alati tuyuladigan bu sport kiyimining antiqa tarixi bor.

Afsonalarga ko‘ra, qadimgi mo‘g‘ullar yurtida kuragi yerga tegmaydigan bir bahodir paydo bo‘ladi. Mamlakatdagi barcha polvonlarni yengib bo‘lgach, u pahlavonning ayol kishi ekani yuzaga chiqadi. Shundan so‘ng, bexchining erkak kishi ekani bilinib turishi uchun yaktakning oldini ochiq holda qoldirish tartibi kiritiladi. Qiziq-a? Bu shunchaki kurash emas, or-nomus kurashi.

Mo‘g‘ul yigitlari kichikligidan bex kurashi bilan shug‘ullanishadi. Yengilishni qabul qilish juda og‘ir. Kurashda yenggan polvon an’anaga binoan, ikki qo‘lini ikki yonga ko‘tarib, burgut raqsini ijro etadi va bu harakatlar polvonning haqiqiy mo‘g‘ul o‘g‘loni ekanining bir isboti, ifodasi va belgisi hisoblanadi.

Ikkinchi Mo‘g‘uliston

Ichki Mo‘g‘uliston. Mo‘g‘uliston va Xitoy o‘rtasidagi bu yirik hudud 13-asrda mo‘g‘ullar kelishidan oldin janubda xitoylik dehqonlar va shimolda ko‘chmanchi qabilalar tomonidan navbatma-navbat nazorat qilingan. Xitoyga kirish darvozasi sifatida ko‘rilgan bu mintaqa asrlar davomida strategik ahamiyatga ega edi. Shu sababli Xitoy uni hech qachon boshqa birovlarga berib qo‘ymaslik harakatida bo‘lgan.

Ichki Mo‘g‘uliston allaqachon uch marta Xitoydan ajralib chiqishga uringan. Birinchi urinish 1911 yilda Mo‘g‘uliston Xalq Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinganida, ikkinchisi 1937 yilda Xitoyni yapon qo‘shinlari bosib olganida bo‘lgan. Ammo Ichki Mo‘g‘uliston uzoq vaqt davomida mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lmadi. Bor-yo‘g‘i 1945 yil 9 sentabrdan o‘sha yilning 6 noyabrigacha u yerlar de-fakto Yaponiyaga qaram bo‘lgan qo‘g‘irchoq davlat bo‘lib, Ikkinchi Jahon urushi tugaganidan keyin tan olinmasdan Xitoyning avtonom viloyatiga aylantirildi.

Hozirda Ichki Mo‘g‘uliston avtonom viloyatining aholisi 25 mlnga yaqin bo‘lib, Mo‘g‘uliston davlatidan 7 baravarga ko‘p. Biroq aholining asosiy qismi xitoy millatiga mansub bo‘lib, bu mintaqada 17 foiz aholi mo‘g‘ullardir. Shunda ham Ichki Mo‘g‘ulistondagi mo‘g‘ullar Mo‘g‘ulistondagilardan qariyb 1,5 baravarga ko‘p.

Agar Ichki Mo‘g‘uliston mustaqil davlat bo‘lganida, 1 mln 183 ming kvadrat kilometr hududi bo‘yicha sayyoramizning eng yirik 25 ta davlati ro‘yxatiga kirib, Janubiy Afrika va Kolumbiya o‘rtasida 25-o‘rinni egallar edi.

Agar ikki Mo‘g‘uliston qo‘shilganida, “Katta Mo‘g‘uliston” sayyoramizning 10 ta eng yirik davlatlaridan biri bo‘lardi. Hozirda bu avtonom viloyat Xitoy hududining 12 foiz qismini egallaydi.

Muallif: Sardorbek Usmoniy
Tasvirchi va montaj ustasi: Shohruzbek Abduraimov

Mavzuga oid