«Dorixonalar shifokorlarning biznesiga aylanib qolgan» - Samarqand viloyat hokimi dori-darmon sotilishini tanqid qildi
Erkinjon Turdimov Samarqand viloyatida dori-darmon sohasi shifokorlarning biznesiga aylanib ketganini, tibbiyot xodimlari orasida odamlarning sog‘lig‘i orqali boyishni istab, bemorlarning ahvolini ikkinchi o‘ringa qo‘yayotganlar ham borligini ma’lum qildi.
Samarqand shahridagi viloyat yoshlar markazida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat hokimi bemorlar hisobidan boyishga urinayotgan ayrim shifokorlarni keskin tanqid qildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
«Noinsof, o‘tirasan-da, yozaverasan, yozaverasan retseptni, cho‘ntagidan uraverasan. Bitta Samarqand viloyati boshqa davlatlarga 482 mln dollar pul ko‘chirib, dori sotib oladi. Boshqa davlat odamlarini ish bilan ta’minlaymiz. Boshqa davlat budjetini samarqandliklar hisobidan to‘ldiramiz. Boshqa davlatni boy qilamiz. O‘zimiz u dorilarni ichib, mayib bo‘lamiz. Pachkalab, tonnalab dori yeymiz», degan viloyat hokimi.
Samarqand hokimining ta’kidlashicha, dori, odamlarning sog‘lig‘i biznesga aylanib ketgan. Ko‘p vrachlar o‘zining tanish aptekasi orqali dori yozib beradi. Standartga mutlaqo rioya qilmaydi.
«Chastniy»larning diqqatiga, kimdir kerak bo‘lmaydigan dorilarni yozib beradigan bo‘lsa, u korxonaga nisbatan qonuniy tarzda yopish choralarini ko‘ramiz. Sudga beramiz o‘sha korxonani va xalqqa o‘sha korxonani tanishtiramiz. «Glavvrachi»ni ham, ta’sischisini ham. Buni hamma xususiy klinikalar qulog‘iga quyib olishi kerak. Xalqning sog‘lig‘i orqasidan boylik orttirishni kim niyat qilayotgan bo‘lsa, u o‘ziga dushmanlik qilayotgan bo‘ladi», degan Erkinjon Turdimov.
Yig‘ilishda qatnashgan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Asadovning aytishicha, 2023 yil 30 noyabr kuni o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida Samarqand shahridagi 1-sonli bolalar shifoxonasida bemorni laborator tekshiruvlardan o‘tkazish uchun kelishuv asosida xususiy klinikaga yuborilgani, shuningdek, bemorga yozilgan dorilar orasida unga keragi bo‘lmagan ko‘plab har xil turdagi qimmat firma dorilar borligi aniqlangan.
Yig‘ilishda ayrim tibbiyot muassasalarida budjetdan ajratilgan ayrim dori-darmonlar bo‘lsa-da, bemorlar dorilarni ko‘chadagi dorixonalardan sotib olishga yuborilayotganini tanqid qildi.
«Har bitta kiradigan joyga, qanaqa dorilar borligini yozib qo‘yish kerak. Doska qilib, bo‘r bilan yozing. Shifoxonada har kuni qanaqa turdagi dorilar mavjudligini, qanaqa dorilar bepul va qanaqa dorilar pullik ekanini yozib qo‘yish kerak. Tibbiyotda hamma vijdonan ishlash kerak. Aks holda ketishi kerak. Kim standartdan chiqib, retsept yozsa, ishdan ketishi kerak. Shuning uchun hamma tibbiyot birlashmalari, «chastniy» firmalar, markaz rahbarlari, hamma xodimlar bilan tuzilgan shartnomaga qo‘shimcha kiritadi. Adliya va argos bilan kelishib, xodimlar shartnomasini qaytadan tuzasizlar», degan Turdimov.
Yig‘ilishda faollar bilan ham muloqot bo‘lib o‘tgan va unda Samarqand shahrida ayrim og‘riq qoldiruvchi tabletkalar shifokor retseptisiz sotilayotgani va bu maktab o‘quvchilari orasida taksikomaniyaning avj olishiga sabab bo‘layotgani aytilgan.
Viloyat hokimi mas’ullarga vaziyatni nazoratga olishni va dorixonalarda bunday tabletkalarni retsepsiz sotishni taqiqlash vazifasini topshirgan.
Mavzuga oid
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024