O‘zbekiston | 16:30 / 05.12.2023
11314
2 daqiqa o‘qiladi

Beeline Toshkent markazidagi bosh ofisini sotuvga qo‘ydi

Kompaniya buni bosh ofisning “boshqa binoga ko‘chishi” bilan izohlagan. Ayni paytda operatorning Qoratosh mavzesidagi uch qavatli aloqa markazi binosi ham sotuvga qo‘yilgan.

Foto: Beeline

Beeline kompaniyasi Toshkent shahri markazida, Amir Temur xiyoboni yaqinida joylashgan bosh ofisi binosini sotuvga qo‘yganini e’lon qildi.

Kompaniya, shuningdek, Shayxontohur tumani Qoratosh mavzesida joylashgan aloqa markazi ofisini ham sotmoqda.

Rasmiy xabarda har ikkala binoning sotilishi “boshqa binoga ko‘chib o‘tilayotgani” bilan bog‘liqligi aytilgan. Sotuv narxi ko‘rsatilmagan.

Beeline bosh ofisi 1988 yilda qurilgan bo‘lib, 2014 yilda rekonstruksiya qilingan. Bino 6 qavatdan hamda mansarda va yerto‘ladan iborat. Umumiy maydoni – 14 739 kv m. Shuningdek, 75 o‘rinli avtoturargohi bor.

Qoratoshdagi aloqa markazi ofisi 2010 yilda qurilgan, 2015 yilda rekonstruksiya qilingan. Bino 3 qavatli, mansarda va yerto‘lasi bor. Umumiy maydoni – 2 595 kv m. Avtoturargohga ega emas.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida Toshkentdagi Amir Temur xiyoboni yaqinida joylashgan, Beeline bosh ofisiga qo‘shni bo‘lgan Raqamlashtirish vazirligi va Aloqabank binolari Mikrokreditbankka 387 mlrd so‘mga sotilgan edi. Ikki binoning umumiy maydoni 11 ming kvadrat metrni tashkil etadi.

Mavzuga oid