Jahon | 16:43 / 05.12.2023
10462
5 daqiqa o‘qiladi

G‘azo janubi ham xavfsiz emas: qochqinlar endi qayerga borishi kerak?

G‘azodagi jurnalistlar va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tanklari va boshqa zirhli texnikalari allaqachon sektor janubidagi Xon Yunus shahri ostonasiga yetib kelgan.

Foto: Reuters

O‘tgan hafta oxirida vaqtinchalik sulh uzaytirilmay, Isroil armiyasi HAMASga qarshi harbiy harakatlarni qaytadan boshlagach, aholi zich yashovchi ushbu shahar isroilliklar yurishining asosiy maqsadiga aylandi.

TsAHAL rasmiy vakili, kontr-admiral Deniyel Hagarining qayd etishicha, armiya raqibning mustahkamlangan pozitsiyalari mavjud bo‘lgan barcha joyda harakatlanadi.

Isroil rasmiylari fikricha, Xon Yunusda HAMAS rahbariyati vakillari yashiringan bo‘lishi mumkin, qolaversa, bu harakat yetakchisi Yahyo Sinvar tug‘ilgan shahar hisoblanadi.

Misr bilan chegaradagi «Rafah» nazorat-o‘tkazish punktidan 10 km masofada joylashgan Xon Yunus G‘azo janubidagi eng yirik shahar bo‘lib, bu yerda 400 ming atrofida aholi istiqomat qiladi.

Isroil harbiylari Xon Yunusning ayrim hududlaridan evakuatsiya bo‘lishni tavsiya etmoqda

Isroil quruqlik amaliyoti boshlanganida jon saqlash uchun shimoldan qochgan yuz minglab falastinliklar aynan Xon Yunusda vaqtincha boshpana topishgandi.

Ammo 4 dekabr tongida TsAHAL Xon Yunusning ko‘plab tumanlari aholisini yanada janubroqqa ketishga chaqirib varaqa tarqatdi.

Isroillik harbiylar G‘azodagi tinch aholi vakillari Saloh-ad-din yo‘lining shimoldan janubga olib o‘tuvchi muhim uchastkasidan foydalanmasligi kerakligi, bu yo‘nalish o‘ta xavfli ekanidan ogohlantirgan.

Isroil harbiylari vakili tinch aholi vakillari Xon Yunusdan shimoldagi hududlardan janubga sohil bo‘yidagi yo‘llar orqali borishi mumkinligini qayd etgan.

Isroil armiyasi oldinga siljigan sari xalqaro hamjamiyat, xususan, uning asosiy ittifoqchisi AQSh tomonidan tinch aholi muhofazasi uchun faolroq choralar ko‘rishga chaqiriqlar ko‘proq yangramoqda.

Foto: Reuters

Isroil aholini ogohlantirayotgani, jumladan G‘azoning qayerdan qayerga evakuatsiya qilish mumkinligi ko‘rsatiladigan onlayn xaritalarini e’lon qilayotganini aytmoqda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning maslahatchisi Mark Regev esa BBC muxbiriga falastinliklarning G‘azoda endi xavfsiz joy qolmagani haqidagi so‘zlariga qo‘shilmasligini bildirgan.

«Hech bir joy xavfsiz emasligi haqidagi gaplarni men qabul qilmayman», — degan Mark Regev. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil yangi xavfsizlik hududlarini belgilab bergan va mahalliy aholi zarba ostida qolmaslik uchun o‘sha joylarga o‘tishi mumkin.

Ammo, BBC News’ning xalqaro bo‘limi muharriri Jyeremi Bouen Quddusdan turib xabar berishicha, G‘azoda aholi evakuatsiyasi bilan bog‘liq vaziyat favqulodda murakkab tus olgan.

Tvitterda va TsAHAL varaqalarida QR-kodli xaritalar tarqatilmoqda. Ammo bu ishlaydigan smartfoni borlar uchun mo‘ljallangan.

Bu vaqtda G‘azodagi asosiy internet-provayder hisoblangan Paltel kompaniyasi dushanba kuni kechqurun G‘azo sektorida barcha internet-xizmatlar va aloqa xizmatlari o‘chirilganini xabar qildi.

Paltel xabariga ko‘ra, «asosiy optik-tola yo‘nalishi o‘chishi» ro‘y bergan.

Hozirda 10 000 dan ortiq kishi Xon Yunusdagi asosiy shifoxona bo‘lmish Nosir shifoxonasida boshpana topgan, bu yerda yaradorlar bilan ham to‘lib-toshgan, deb xabar beradi BBC muxbiri Rushdi Abu Alof. Ko‘pchilik isroillik harbiylarning evakuatsiya xaritasidan bexabar va bu haqda xabari borlar ham internet yo‘qligi tufayli uni ko‘ra olmaydi.

«Aholi ko‘chib o‘tishi tavsiya etilgan tumanlardan biri — sohildagi Al-Muvasidir. Men bilan gaplashgan odamlarning so‘zlariga ko‘ra, u yerda hech qanday sharoit yo‘q, shu tufayli ular endi boshqa joyga yuborilmoqda», — deya qayd etadi Jyeremi Bouen.  

«Quddusda bo‘lib turib u yerda nima bo‘layotganini tushunish men uchun qiyin, ammo G‘azo ichkarisidagilar uchun bu juda qiyin bo‘lishi kerak. Transporti bo‘lmaganlar, oila a’zolari bilan birgalikda ko‘chirilganlar — bularning barchasi xavfsizlik kafolatlanmaydigan hududga bir zumda ko‘chib o‘tishni juda qiyinlashtiradi», — deya xabar bergan muxbir.

Xon Yunus ham Isroil zarbalariga uchramoqda. Foto 4 dekabr kuni olingan. Foto: Reuters

Mavzuga oid