Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Insoniyatning asr muammosi: Boy va kambag‘al davlatlar nima masalada kelisha olmayapti?
Atrof-muhitni bulg‘ash hisobiga katta boylik to‘plab olgan, ulkan sanoatga ega davlatlar bu bulg‘anishdan jabr chekayotgan kambag‘allar davlatlarga o‘z texnologiyalari va moliyaviy resurslari bilan yordamlashishga shoshilmayapti.
30 noyabr kuni Dubayda sayyoramizning eng yirik ekologik forumi – BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasiga a’zo 200 ga yaqin davlatning 28-konferensiyasi (COP28) boshlandi. Sammitning ilk kunlarida 140 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari qatnashgan bo‘lsa, keyingi kunlarda konferensiya delegatlar, ekspertlar va ekofaollardan iborat 70 mingdan ortiq mehmon ishtirokida davom etmoqda.
Avvalo, bu konferensiyaning Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tishiga doir mojarolar yuz berganini aytish kerak. Ekologiya bo‘yicha ko‘plab halqaro tashkilotlar, yashillik himoyachisi bo‘lgan ba’zi davlatlar BAAni “greenwashing”da, ya’ni soxta yashillik himoyachisi ekanlikda ayblashadi. Ularga ko‘ra, BAA – dunyodagi oltinchi eng yirik neft va gaz ishlab chiqaruvchi davlat. Jon boshiga, amirlik eng ko‘p miqdordagi zaharli gazlar ishlab chiqaradi. Bunday salohiyatli konferensiyani o‘tkazish orqali amirlik o‘zi uchun noloyiq bo‘lgan soxta obro‘ va reputatsiyaga ega bo‘lishga intilishda ayblanadi.
Konferensiyani olib boruvchi shaxs – BAA eng katta neft kompaniyasi prezidenti Sulton Jobir ekani ham ekologlar tomonidan alohida tanqid qilindi. Ekologlarga ko‘ra, neft va gaz – sayyoramizni eng ko‘p bulg‘ayotgan omillardan hisoblanadi. Neft kompaniyalari esa, ekologik forumlarda raislik qilishi emas, tanqid qilinishi va neft hamda gaz ishlab chiqarish jarayonini xavfsiz o‘zanga o‘tkazishlari kerak, deb talab qilishadi ekologlar.
Xo‘sh, bu kabi konferensiyalar nimanidir o‘zgartira oladimi? O‘zi, muammo nimada? Juda ko‘plab tadqiqotlarga ko‘ra, 21-asrdagi hammani birdek bezovta qiladigan birinchi muammo – ekologiya, atrof-muhit bo‘ladi. Issiqxona effektini hosil qiluvchi gazlar rekord darajada ko‘paygan. Yer yuzi keyingi 9 yilda muttasil isib bormoqda. Har yili yangi issiqlik rekordlari o‘rnatilmoqda. 2015 yilda imzolangan Parij kelishuviga ko‘ra, Yer sharidagi harorat qo‘shimcha 2° darajadan oshmasligi kerak.
Lekin, BMT bosh kotibi Antoniu Gutterishga ko‘ra, shu ketishda sayyoramiz qo‘shimcha 3° darajadan ham isib ketishi aniq. Geturrish Dubaydagi chiqishida global isishni “Yer sharida do‘zax eshiklari ochila boshladi” deya tariflagan. Iqlim o‘zgarishi sabab 2050 yilgacha abadiy muzliklarning uchdan bir qismi erib tugaydi. Bundan keyin suvsizlik, qurg‘oqchilik, ommaviy ekologik ko‘chishlar avj oladi.
Dunyo davlatlari ekologik muammolar kuchayib borishini tan oladi, lekin ular hozircha kelisha olmayapti. Atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilarning 80 foizi dunyoning eng boy va sanoatlashgan 20 ta davlati hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng boy davlatlar keyingi bir yarim asrda atrof-muhitga eng katta miqdorda chiqindilar chiqarish hisobiga, boyib olishdi. Endi, bu chiqindilar kambag‘al va rivojlanayotgan davlatlarning ham muammosi hisoblanadi.
Kelishuvlarga ko‘ra, bundan keyin chiqindi chiqarish hajmi keskin kamayishi kerak. Bu, o‘z o‘rnida rivojlanayotgan va kambag‘al davlatlar uchun, katta muammo bo‘ladi. Chunki ularning qishloq xo‘jaligi yangi tartibga solinishi, sanoati qayta qurilishi, iqtisodiyoti esa yashil o‘zanga ko‘chishi kerak. Buning barisi uchun, juda katta miqdorda mablag‘ kerak bo‘ladi. Bu mablag‘larni kim beradi?
BMTga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlarning iqtisodiyotini yashil o‘zanga o‘tkazish uchun 2030 yilga qadar har yili 200 milliard dollardan ortiq mablag‘ kerak bo‘ladi. Boy davlatlar hozircha bu pulni berishga tayyor emas. Amirlikda 12 dekabrga qadar xalqaro ekspertlar halqaro fond tuzish va bu fondga boy davlatlardan pul tushirib, rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiyotini yashil o‘zanga o‘tkazish masalalari bo‘yicha kelishib olishlari kerak. Lekin bu kabi katta va og‘ir masalalarda, tez yechim topish imkonsiz, kelishuvlar oson kechmaydi.
1 dekabr kungi davlat va hukumat rahbarlari sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, nutq so‘zladi. Prezidentga ko‘ra, Orol fojiasi – bu global fojia. Orol – qurib bitgan eng katta ko‘l hisoblanadi. Havo isishi darajasi Markaziy Osiyoda global o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki marta yuqori. Ya’ni butun dunyoda 1-2 gradus qo‘shimcha isish kuzatilsa, mintaqamizda bu ko‘rsatkich 2-4 gradusni tashkil qilmoqda. Issiq kunlar soni ikki martaga oshgan. Mintaqa tog‘laridagi muzliklarning uchdan bir qismi erib bitgan. Chang va qum bo‘ronlari odatiy holga aylanmoqda. Tuproq yemirilishi juda katta tezlikda kechmoqda. Mana shu fonda O‘zbekiston yashil muhit va iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha davlat strategiyasini amalga oshirmoqda.
Dunyo davlatlari ekologik fojiani anglab yetdi, lekin qilinayotgan ishlar mutlaq yetarli emas. Qilinayotgan ishlarning zaifligi – davlatlarning milliy egoizmiga borib taqaladi. Atrof-muhitni bulg‘ab boy bo‘lgan, katta sanoatga ega, katta neft va gaz iste’mol qilayotgan iqtisodiyotlar o‘z texnologiyalari va moliyaviy resurslari bilan bo‘lishishga tayyor emas.
Lekin sayyoramiz – hamma uchun yagona. Agar vaziyat shu qadar tez izdan chiqaversa, yaqin o‘n yilliklarda yuz millionlab ekologik qochqinlar paydo bo‘lishi aniq. Markaziy Osiyo esa, ekologik fojianing qoq markazida turgandek. Anomal issiq, anomal sovuq, anomal qurg‘oqchilik, anomal ob-havo.... Bu hali boshlanishidek...
Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi
Mavzuga oid
17:37 / 13.05.2025
“Na ketishni bilamiz, na qolishni” - boysunliklar gaz hidi haqida
20:33 / 28.04.2025
BMT O‘zbekiston tashabbusi bo‘lgan rezolyutsiyani qabul qildi
17:06 / 28.04.2025
“Sudlashib, Toshkentdagi mingdan ziyod daraxtlarni asrab qolganmiz” - ekofaol Alisher Nasimov
09:38 / 26.04.2025