O‘zbekiston | 20:47 / 07.12.2023
16947
2 daqiqa o‘qiladi

Yana ikki hududda «metan zapravkalar» faoliyati cheklandi

Andijon va Qoraqalpog‘iston ortidan Surxondaryo viloyatida ham metan gaz quyish shoxobchalari ish vaqtiga cheklov kiritildi. Viloyatdagi AGTKShlar 2023 yil 7 dekabrdan boshlab soat 8:00 dan 17:00 gacha ishlamoqda.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Andijon va Qoraqalpog‘iston ortidan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ham avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (AGTKS) ish vaqtiga cheklov kiritildi.

Surxondaryo viloyatida «metan zapravkalar» 7 dekabrdan boshlab, ertalab soat 8:00 dan 17:00 gacha faoliyat yuritadi.

Bundan maqsad birinchi navbatda tabiiy gaz yetkazib berilishi muhim hisoblangan aholi, shifoxona, maktab hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti kabi ahamiyatga ega muassasalarning tabiiy gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash ekani aytilgan.

Shuningdek, «Hududgazta’minot»ning Surxondaryodagi filiali tabiiy gazdan debitor qarzdorligi sabab viloyatdagi 28 ta metan gaz quyish shoxobchalari tarmoqdan vaqtincha uzilganini ma’lum qildi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati ham «metan zapravkalar» 8 dekabrdan, ertalab soat 6:00 dan 15:00 gacha faoliyat yuritishi haqida xabar berdi.

«Stansiyalar faoliyati cheklanishi havo harorati keskin sovib ketishi tufayli tabiiy gaz birinchi navbatda aholi xonadonlari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda ijtimoiy soha obektlariga yetkazib berilishi bilan izohlangan», deyiladi xabarda.

  • Bundan avvalroq Andijon viloyatida (soat 06:00 dan 15:00 gacha) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (soat 06:00 dan 15:00 gacha) xuddi shunday cheklovlar joriy etilgani xabar qilingandi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi shoxobchalar ishlashida ham uzilishlar bo‘layotgani va navbatlar yuzaga kelayotgani aytilmoqda.

Mavzuga oid