O‘zbekiston | 18:21 / 07.12.2023
4390
2 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva YeI parlamentlari delegatsiyalari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

BAAning Dubay shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Yevropa Ittifoqi parlamentlari delegatsiyalari a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. 

Unda siyosiy, savdo-iqtisodiy sohalar, shuningdek, inson huquqlarini ta’minlash, global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish masalalarida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hamkorligini mustahkamlash borasida parlamentlar salohiyatidan keng foydalanish masalalari muhokama qilindi. 

Avstriya parlamenti vakillari qayta tiklanadigan energiya manbalari, xususan, shamol energiyasidan foydalanish yo‘nalishida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. 

Islandiya delegatsiyasi rahbari bilan uchrashuvda parlamentlararo munosabatlarni yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashildi. Islandiya tomoni Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini qayd etdi. 

Polsha Senati a’zosi bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ekologik muammolarning oqibatlarini bartaraf etish yo‘nalishida hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi. Polsha tomoni Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlashda YeI ijtimoiy jamg‘armasi bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirdi. Shuningdek, cho‘llanib borayotgan hududlarda o‘rmon massivlarini barpo etishda o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. 

Ruminiya parlamenti vakili bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish masalasi ustuvor bo‘ldi. Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarda ta’lim, qishloq xo‘jaligi, ilmiy tadqiqot yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashish kabi jihatlarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi. 

Sloveniya delegatsiyasi rahbari bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida ikki davlat parlamentlari a’zolari o‘rtasida yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali parlamentlararo hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.

Mavzuga oid