Iqtisodiyot | 16:22 / 07.12.2023
16133
4 daqiqa o‘qiladi

“Yandex Go tomonidan 13,5 mlrd so‘mlik 800 ming 483 ta chek shakllantirildi” – Soliq qo‘mitasi

Bugungi kunda taksi xizmati uchun naqd pul orqali to‘lov qilinganda chek berilishi yo‘lga qo‘yilmagan. Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bu borada bir nechta yechimlar ishlab chiqilgan va bozor ishtirokchilariga taklif qilingan. Yaqin kunlarda naqd pul orqali to‘lov qilinganida ham chek berilishi ta’minlanadi.

Foto: Yandex

Joriy yilning 1 dekabridan boshlab Yandex Go xizmati O‘zbekistonda o‘z faoliyatini mahalliylashtirib, soliq rezidentiga aylangani xabar qilingandi. Shu bilan birga, mazkur servis Soliq axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi natijasida har bir tashish xizmati uchun fiskal chek shakllantirish imkoniyati yaratilgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Xususan, o‘tgan kunlar davomida (1 – 6 dekabr) 13,5 mlrd so‘mlik 800 ming 483 ta chek shakllantirilgan. O‘z navbatida, qo‘mita mazkur sohada bir qator yechimini topishi lozim bo‘lgan masalalar saqlanib qolayotganligini ma’lum qildi.

“Birinchidan, taksi xizmati (Yandex Go va boshqalar) uchun naqd pul orqali to‘lov qilinganda chek berilishi yo‘lga qo‘yilmagan. Bu borada amaliyotga tatbiq etish uchun bir nechta yechimlar ishlab chiqildi va bozor ishtirokchilariga taklif qilindi, yaqin kunlarda naqd pul orqali to‘lov qilinganida ham chek berilishi ta’minlanadi.

Ikkinchidan, qolgan agregatorlarda, xususan – MyTaxi, Uklon va boshqalarda fiskal chek bugungi kungacha shakllantirilmayapti. Ushbu agregatorlar bilan texnik integratsiyalash ishlari yakunlangan va yaqin kunlarda yo‘lovchilar ushbu xizmatlardan foydalanganda fiskal cheklarni olishni boshlashi kutilmoqda. Bundan tashqari, respublikaning barcha hududlarida agregatorlar va taksi xizmatlarini fiskallashtirish ko‘zda tutilgan.

Uchinchidan, bugungi kunga qadar shakllantirilgan 13,5 mlrd so‘mlik 800 ming 483 ta cheklarning 13,4 mlrd so‘mlik 791 ming 100 tasi 232 ta yuridik shaxslar (Yandex Go hamkorlari va taksi kompaniyalari), 163,9 mln so‘mlik 9383 tasi esa 1821 nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunda, tashish xizmati o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi tomonidan ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, tashishning barcha summasi taksopark (hamkor) aylanmasida aks etish holatlari Soliq qo‘mitasi tomonidan kuzatilmoqda”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, taksi faoliyatidan rasmiy daromad shakllantirish imkoniyatining paydo bo‘lganligi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun alohida bir qator afzalliklarni keltirib chiqaradi. Jumladan, daromad to‘g‘risidagi ma’lumotlar keyinchalik ularga boshqa iqtisodiy harakatlarda imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu o‘z navbatida aholining iqtisodiy faolligi oshishiga xizmat qiladi.

 “Soliq qo‘mitasi taksi xizmatini ko‘rsatishda agregatorlar va ularning hamkorlari biznes jarayonlarini monitoring qilib bormoqda va aniq yechimlarni taklif etadi. Shu bilan birga yo‘lovchi tashish bozorida, turli baholashlarga asosan 500 mingdan 1 mln nafargacha fuqaro to‘liq yoki qisman bandligini, shuningdek, taksilarning kundalik logistika va harakatlanishdagi ahamiyati katta ekanini hisobga olib, mazkur sohadagi munosabatlarni avtomatlashtirish va fiskallashtirish jarayonini bosqichma-bosqich va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish zarur”, deya xulosa qilingan qo‘mita xabarida.

Mavzuga oid