O‘zbekiston | 10:50 / 08.12.2023
18948
4 daqiqa o‘qiladi

Angren ko‘mir ombori mudiri qamoqqa olindi

Tekshiruvlar jarayonida katta miqdordagi ko‘mir va budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan. Angren ko‘mir ombori mudiri va boshqa qator mansabdorlarga jinoiy ish ochilgan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Angren ko‘mir ombori mudiri Muzaffar Ergashev, «Ko‘mir ta’minot» MChJ mansabdorlari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Kun.uz’ga «O‘zbekko‘mir» AJdagi manba xabar berdi.

Manba taqdim qilgan hujjatda ko‘rinishicha, Angren ko‘mir omboriga joriy yilning iyun oyidan noyabr oyiga qadar 25 112 tonna ko‘mir mahsulotlari qabul qilib olingan. Hisobotlarda ushbu ko‘mirning 21 411 tonnasi ijtimoiy soha muassasalari va aholiga imtiyozli narxlarda tarqatilgani hamda joriy yilning 11 noyabr holatiga omborda qoldiq 3700 tonna ko‘mir borligi aks ettirilgan.

«O‘zbekko‘mir» AJ bosh geologining 2023 yil 11 noyabrdagi Angren ko‘mir omborida o‘tkazilgan marksheyderlik o‘lchovidagi xulosasiga ko‘ra, omborda jami 1805 tonna ko‘mir qoldiqda mavjudligi ko‘rsatilgan. Bu orqali ombor mudiri Muzaffar Ergashev o‘ziga ishonib topshirilgan 569 mln so‘mlik 1895 tonna ko‘mirni rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilib, o‘zlashtirib yuborgani aniqlangan.

Shuningdek, «Ko‘mir ta’minot» MChJda o‘tkazilgan soliq tekshiruvlari jarayonida 1 tonna ko‘mir narxi aholiga nisbatan 300 ming 300 so‘m hamda budjet tashkilotlariga nisbatan 418 ming 245 so‘m qilib belgilangan bo‘lsa-da, jamiyat tomonidan 2022 yil 26 iyul kunidan 2023 yil 31 oktyabr kuniga qadar 27 ta holatda 15 ta budjet tashkilotiga arzon narxlarda 7 mlrd 869 mln so‘mlik 30 130 tonna ko‘mir realizatsiya qilingan. Ushbu ko‘mir mahsulotlari belgilangan narxda sotilganida 10 mlrd 958 mln so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblash bazasi vujudga kelishi lozim bo‘lgan. Bu orqali 3 mlrd 88 mln so‘m budjet mablag‘lari rastrata qilish orqali talon-toroj qilingan.

Bundan tashqari, jamiyatning tovarlar kirim va chiqim amaliyotlari tahlil qilinganida tegishli qonun talablariga zid ravishda jamiyat tomonidan katta miqdordagi benzin va dizel yoqilg‘isi, shuningdek, neft mahsulotlari litsenziya va boshqa hujjatlarsiz realizatsiya qilingani aniqlangan.

Ushbu holatlar bo‘yicha Angren ko‘mir ombori mudiri Muzaffar Ergashev va boshqalarga, shuningdek, «Ko‘mir ta’minot» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Kun.uz oldinroq Angrendagi «ko‘mir mafiyasi» haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Unda ko‘mirni kondan g‘ayriqonuniy tarzda olib chiqib, fuqarolar va tadbirkorlarga ulgurji sotishni yo‘lga qo‘ygan shaxsning firibgarligi haqida gap boradi. Kun.uz’ga murojaat qilgan fuqarolarning ma’lum qilishicha, mazkur ish doirasidagi tergov hozirda Angren shahridan olinib, Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasiga o‘tkazilgan.

Mavzuga oid