Sport | 11:43 / 10.12.2023
44262
22 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul»da yana kambek, «Bavariya» Frankfurtda xo‘rlandi, «Real» to‘xtatildi. Kun o‘yinlari

Angliyada kutilmagan jamoa chempionlik poygasida. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: Salohning 200-goli va «MYu»ning degradatsiyasi

«Kristal Pelas» – «Liverpul» 1:2
Gollar:
1:0 – 57, penalti Mateta, 1:1 – 76 Saloh, 1:2 – 90+1 Elliott.
«Kristal Pelas» – Jonston (Mettyuz, 87), Uord, Andersen, Gehi, Klayn, Richards, Hyuz (Ozo, 90), Lerma (Olise, 68), Shlupp (Ahamada, 84), Ayyu, Eduar (Mateta, 46).
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Kuansa (Konate, 57), Tsimikas, Endo (Gomes, 46), Soboslai (Jons, 74), Gravenberh (Gakpo, 57), Saloh, Dias, Nunes (Elliott, 74).
Ogohlantirishlar: Uord (37), Ayyu (60), Lerma (64), Richards (71).
Chetlatish: Ayyu (75).

Alisson «Liverpul» darvozasiga qaytdi va birinchi bo‘lim o‘rtalarida braziliyalik posbon ajoyib seyvi bilan davolanish vaqtida formasini yo‘qotib qo‘ymaganini namoyish etdi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshida videotakrordan keyin arbitr jarima maydoni ichida Kuansa Matetaning oyog‘iga tepgan deb topdi va jabrlanuvchining o‘zi penaltini aniq ijro etdi. Qolaversa, qizillar hujumda muammolarga uchrayotgandi va barcha sensatsiyaga tayyorlana boshladi.

Ammo APLning bu mavsumida Yurgen Kloppning o‘ziga xos fergi-taymi kuzatilmoqda. Bu 75-daqiqadan keyingi oraliq bo‘lib, shu kuni deyarli ideal o‘yin o‘tkazib turgan «Kristal Pelas» aynan shu daqiqadan parokanda bo‘la boshladi. Ayyu ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etishi bilan Saloh rikoshet yordamida «Liverpul» safidagi 200-golini urdi. Keyin mezbonlarning asosiy darvozaboni Jonston jarohatlanib safdan chiqdi va APLda debyutini o‘tkazgan Mettyuz qo‘shimcha daqiqalarda Salohning uzatmasidan keyin Elliottdan gol o‘tkazib yubordi.

Faqat bu hali hammasi emasdi. Qo‘shib berilgan o‘ninchi daqiqa o‘tib borayotganida Alisson yaqin masofadan yo‘llangan zarbani qaytarib, yana bir qahramonlik ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. «Liverpul» 90-daqiqadan keyin urgan g‘alaba gollari soni 43 taga yetdi va jamoa bu borada mutlaq yetakchi. Bu gollardan 17 tasi Klopp davriga to‘g‘ri keladi. Mersisaydliklar bu mavsumda hisobda ortda borayotgan o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan ochkolar soni bo‘yicha ham yaqqol yetakchi. Jamoa jami 37 ochkodan 18 tasini shunday o‘yinlarda qo‘lga kiritgan va shuning evaziga birinchi o‘ringa chiqib oldi.

«Manchester Yunayted» – «Bornmut» 0:3
Gollar:
0:1 – 5 Solanke, 0:2 – 68 Billing, 0:3 – 73 Senesi.
«Manchester Yunayted» – Onana, Diogu Dalot, Maguayr, Shou (Evans, 79), Regilon, Brunu Fernandesh, Amrabat, Maktominey, Antoni (Pelistri, 79), Garnacho (Reshford, 79), Marsiyal (Hoylund, 56).
«Bornmut» – Neto, Smit, Senesi, Zabarniy, Kerkez, Kristi, Kuk (Rotuell, 88), Taverne (Uattara, 88), Klyuyvert (Sinisterra, 72), Solanke, Semeno (Billing, 58).

«Old Trafford»da bu mavsumda olti o‘yinda raqiblar birinchi bo‘lib hisobni ochishdi. Bundan yomonrog‘i — faqat umidsiz autsayder «Sheffild Yunayted»da kuzatilmoqda. 

Erik ten Hag jamoasi ko‘plab o‘yinlarda bir necha yorqin kambeklar amalga oshirdi, jumladan hafta o‘rtasida — «Chelsi»ga qarshi o‘yinda ham. Ammo, aftidan, barcha hissiyot va omad o‘sha o‘yinda qolgandi. Shanba kungi natijani tasodif deyish qiyin. Masalan, Solanke tezkor goliga ikkinchisini qo‘shib qo‘yishi mumkin edi, uning birinchi bo‘lim oxiridagi zarbasi ustunga tegdi. Tanaffusdan keyin esa «Bornmut»ning boshqa futbolchilari gol urishdi va «MYu» o‘z tarixida ilk bor o‘z uyida turnir jadvalining ikkinchi qismidagi jamoaga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi.

«Aston Villa» – «Arsenal» 1:0
Gol:
1:0 – 7 Makginn.
«Aston Villa» – Martines, Konsa (Kesh, 66), Diyego Karlos, Pau Torres, Din (Moreno, 78), Beyli (Diabi, 46), Makginn, Tilemans (Remzi, 56), Kamara (Dendonker, 66), Duglas Luis, Uotkins.
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko, Nelson, Edegor, Rays, Haverts, Martinelli (Trossar, 70), Saka, Gabriel Jyezus (Nketia, 82).
Ogohlantirishlar: Zinchenko (28), Din (53), Duglas Luis (62), Makginn (73), Rays (77), Diyego Karlos (88).

Shanba kuni «Arsenal» safarda «Aston Villa»ga yutqazib, Angliya chempionatidagi peshqadamlikni boy berdi. Mezbonlar o‘yinni yetarli darajada kuchli boshlashdi: darvozadan hujumlar qisqa paslar bilan boshlandi va o‘yin boshida «Arsenal» pressingi shunchaki yaxshi ishlamadi. «Villa» futbolchilari bosimni oson yengib o‘tishdi va hujum qilish uchun kengliklarga ega bo‘lishdi. Va Makginning yettinchi daqiqadagi goli mutlaqo o‘yin mantig‘idan kelib chiqdi.

«Arsenal» futbolchilaridan birortasi qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, deb bo‘lmaydi, ammo shunday bo‘ldiki, Emeri jamoasi o‘z darvozasidan raqib darvozasiga deyarli qarshiliksiz yetib bordi. Tez va aniq uzatmalar yakunida Makginn darvoza qarshisiga chiqib bordi – unga to‘pni qabul qilib, o‘girilgan holda aniq zarba berishiga yo‘l qo‘yib berishdi.

Bo‘lim oxirida «Arsenal» to‘liq ustunlik qildi, mehmonlar asosan chap qanotdan – Martinelli orqali hujum qilishdi. Epizodlardan birida u to‘pni darvozabondan o‘tkazdi, ammo to‘pni deyarli darvoza chizig‘ida «Villa» himoyachisi qaytardi. Chap qanotdan uyushtirilgan boshqa bir hujum Jyezus Edegorni qulay vaziyatga chiqarishi bilan yakunlandi, ammo londonliklarning sobiq darvozaboni Martines o‘zini ko‘rsatdi.

Ikkinchi bo‘lim ham mehmonlarning keskin hujumlari bilan davom etdi. Jarima maydoni ichida Jyezusning oyog‘iga tepildi, ammo bosh hakam penalti qo‘ymadi, takrorda braziliyalikning oyog‘iga zarba bo‘lganini ko‘rish mumkin, ammo bu 11 metrlik jarima zarbasi uchun yetarli bo‘lmadi.

Keyingi vaziyatda to‘p «Villa» himoyachilaridan biri orqali darvoza ustuniga bordi. Keyin Edegor yana bir qulay vaziyatga ega bo‘ldi, ammo u 11 metrlik nuqta atrofidan xato zarba berdi.

Keyin Saka darvozani ishg‘ol etdi, ammo gol kichik ofsayd tufayli bekor qilindi. «Arsenal» bosh murabbiyi bu vaziyatlarni tribunada boshini changallagancha kuzatishga majbur bo‘ldi. Arteta «Luton» bilan o‘yinda g‘alaba golini nishonlayotganida maydonga chiqib ketgani uchun sariq kartochka olgan va bu uning mavsumdagi uchinchi ogohlantirilishi bo‘lgani tufayli bir o‘yinga diskvalifikatsiya qilingandi.

«Arsenal»da o‘yinda burilish yasash uchun vaziyatlar yetarlicha bo‘ldi (12 – zarba, beshtasi – darvoza sohasiga borgan), ammo bu hisobni tenglashtirish uchun ham yetarli bo‘lmadi. Hatto Haversning goli yordam bermadi, o‘yin oxiridagi bu gol ham bekor qilindi. Bu safar to‘p qo‘l bilan o‘ynalgani uchun – bu vaziyatda to‘p bir necha marta futbolchining qo‘liga tegdi, ammo birinchi teginish aynan nemis futbolchisida bo‘lgandi. Endi APL turnir jadvalini bu turda «Arsenal»dan bir ochkoga o‘zib ketgan «Liverpul» boshqarmoqda. Uch kun ichida amaldagi chempion va vitse-chempionni mag‘lub etgan «Villa» esa bir ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda. Jamoa Emeri boshqaruvida uy uchrashuvlarida qatorasiga 15-g‘alabasini nishonladi – bu top-klub bo‘lmagan jamoaga xos bo‘lmagan rekorddir.

Ispaniya: Isko qasd olishiga bir baxya qoldi

«Betis» – «Real» 1:1
Gollar:
0:1 – 53 Bellinghem, 1:1 – 66 Ruibal.
«Betis» – Ruy Silva, Ruibal, Pesselya, Riad, Abner, Isko, Roka, Altimira (Guardado, 70), Peres (Luis Enrike, 83), Ezzalzuli (Diao, 61), Villian Joze.
«Real» – Lunin, Alaba, Ryudiger, Mendi, Modrich (Sebalos, 70), Kroos (Pas, 83), Valverde, Braim Dias (Xoselu, 79), Bellinghem, Vaskes (Nacho, 83), Rodrigo.

«Betis» birinchi bo‘limdayoq «Real»ning asabiga tegishni boshladi. Madridliklar sifatli o‘yin namoyish etib, vaziyatlar yaratishdi, urilgan gol ofsayd tufayli bekor qilindi. Ammo madridlik himoyachilar ham, darvozadagi Lunin ham zerikib qolmadi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanganida esa Braim Dias haqiqiy shedevr namoyish etib, to‘pni o‘ziga xos tarzda himoyachilar ortiga tashlab berdi va Bellinghem Ispaniyadagi 16-golini urdi. Lekin bu gol «Betis»ni sindira olmadi va ko‘p o‘tmay Ruibal yuqori burchakni aniq nishonga olib, bu golini yaqinda jarohat olib safdan chiqqan jamoadoshi Guido Rodrigesga bag‘ishladi.

O‘yin oxirida Isko «Qirollik klubi»ni afsuslantirishi mumkin edi, ammo 90-daqiqada uning bosh bilan yo‘llagan zarbasi ustunga tegdi. Javob hujumida esa Rodrigoning reydidan keyin Hoselu g‘alaba golini urib ketishi mumkin edi. Ammo, durang o‘yin uchun mantiqiy yakun bo‘ldi. Endi yakshanba kungi o‘yinda «Jirona» Kataloniya derbisida «Barselona»dan ustun kelsa, Madrid birinchi o‘rinni tark etadi.

Italiya: «Inter» yana birinchi

«Inter» – «Udineze» 4:0
Gollar:
1:0 – 37, penalti Chalxono‘g‘li, 2:0 – 42 Dimarko, 3:0 – 44 Tyuram, 4:0 – 84 Martines.
«Inter» – Zommer, Darmian, Acherbi, Bastoni (Karlos Augusto, 56), Bissek, Dimarko (Kuadrado, 71), Mxitaryan (Sensi, 79), Chalxono‘g‘li (Aslani, 71), Barella, Tyuram (Arnautovich, 56), Martines.
«Udineze» – Silvestri, Ebosele (Kristensen, 62), Kabasele, Peres, Joau Ferreyra, Zemura (Exizibue, 86), Pereyra, Uolas, Payyero (Sarraga, 86), Samarjich (Lovrich, 62), Lukka (Toven, 75).

«Udineze» bu mavsumda faqat bitta o‘yinda g‘alaba qozondi — «San-Siro»da «Milan» ustidan. Faqat shu tushunarsiz hodisa «zebralar»da shanba kuni ochko olishga imkon qoldirib turgandi. Ammo mo‘jiza ro‘y bermadi va mehmonlar faqat yarim soatdan ortiqroq bardosh beroldi — o‘yinga VAR aralashgach, arbitr monitorga yaqinlashdi va neradzurrilar bu mavsumda o‘ninchi bor penalti tepish huquqiga ega bo‘lishdi, Hoqon Chalxono‘g‘li bu safar ham zarbada adashmadi. Buning ortidan yana ikki zarba berildi, turkiyalik yarimhimoyachi Dimarkoga assistentlik qildi, Mxitaryanning dohiyona pasidan keyin Tyuram shunchaki to‘pni darvozaga olib kirib ketishi qolgandi. Amalda o‘yin taqdiri shundan keyin hal bo‘ldi va ikkinchi bo‘lim rasmiyatchilikka aylandi. O‘yin oxirida esa charchoq bilmas Lautaro Martines maydon markazida to‘pni egallab, uni jarima maydonigacha olib bordi va pastki burchakni aniq nishonga oldi. Argentinalik hujumchi 14 gol bilan to‘purarlar poygasida birinchi, «Inter» esa bir kun o‘tib yana turnir jadvalida birinchi o‘ringa qaytdi.

«Atalanta» – «Milan» 3:2
Gollar:
1:0 – 38 Lukman, 1:1 – 45 Jiru, 2:1 – 55 Lukman, 2:2 – 80 Yovich, 3:2 – 90+5 Muriel.
«Atalanta» – Musso, Dzappakosta, Jimshiti, Skalvini, de Ron, Rudjyeri (Holm, 90), Pashalich (Adopo, 87), Kopmeyners, Ederson, de Ketelare (Muriel, 82), Lukman (Miranchuk, 82).
«Milan» – Menyan, Kalabriya, Tomori, Ernandes, Florensi, Loftus-Chik (Yovich, 72), Reynders (Adli, 88), Musa, Pulishich, Chukvueze (Binnosir, 59), Jiru.
Chetlatish: Kalabriya (90).

«Milan» qatorasiga to‘rt o‘yindan buyon g‘alaba qozonmagan «Atalanta» mehmoni bo‘ldi. O‘yinda barchasi bergamoliklarning rossiyalik legioneri Aleksey Miranchuk tushishi bilan o‘zgardi: bungacha ushbu futbolchi A Seriyada jami 252 daqiqa o‘tkazgan va biror golli harakat amalga oshirmagandi. Jan Piyero Gasperini uni 82-daqiqada, milanliklar hujumchisi Yovich hisobni tenglashtirishi bilan maydonga tashladi, u esa avvaliga Kalabriyani o‘ziga qo‘pollik qilishga majbur etib, raqib bir kishi kam bo‘lib qolishini ta’minladi, qo‘shimcha daqiqalarda esa Luis Muriyel urgan g‘alaba goliga assistentlik qildi.

Bergamoliklar bu g‘alabadan keyin ham yettinchi o‘rinda qolmoqda, lekin endi YeChL hududidan jamoani atigi bir ochko ajratib turibdi.

Germaniya: «Bavariya»ning dahshatli tushi va beqaror Dortmund

«Ayntraxt» F – «Bavariya» 5:1
Gollar:
1:0 – 12 Marmush, 2:0 – 31 Dina-Ebimbe, 3:0 – 36 Larsson, 3:1 – 44 Kimmix, 4:1 – 50 Dina-Ebimbe, 5:1 – 60 Knauff.
«Ayntraxt» F – Trapp, Buta (Baum, 89), Kox, Tuta, Pacho, Dina-Ebimbe (Nkunku, 76), Getse, Larsson, Ngankam, Shaibi, Knauff (Xeuge, 82), Marmush (Xasebe, 81).
«Bavariya» – Noyyer, Mazraui (Laymer, 46), Upamekano, Kim Min Je, Devis (Gerreyru, 46), Goretska, Kimmix, Koman (Gnabri, 66; Musiala, 71), Sane, Shupo-Moting (Myuller, 66), Keyn.

36-daqiqaga kelib «Bavariya» 0:3 hisobida ortda borishi — yangicha hodisa. Yoki unutilgan eskilik, chunki o‘n ikki yil oldin ham nemislar gegemonini «Verder» shu tarzda tor-mor etgandi. Bu safar myunxenliklarning dahshatli tushini bu mavsumda tezkor gollar bo‘yicha mutaxassisga aylangan Marmush boshlab berdi. To‘p darvoza to‘sinidan qaytganida unga birinchi bo‘lib yetib kelgan misrlik bu mavsumda ilk o‘n besh daqiqalikda beshinchi bor darvozani ishg‘ol etdi. Uning ortidan Knauff va Ebimbe kombinatsiyasida ikkinchi gol urildi, Larssonning goli esa amaldagi chempionlarning bu o‘yindagi holatini yaqqol ko‘rsatib berdi. 19 yoshli yarimhimoyachi maydon markazida Kimmihning uzatmasini egallab oldi, keyin esa jarima maydoni ichida Upamekanoni yosh bolalarcha dog‘da qoldirdi.

Bo‘lim oxirida Kimmihning «to‘qqizlik»ka yo‘llagan aniq zarbasidan keyin bavarcha kambek kutganlar adashdi. Mezbonlar ikkinchi bo‘limda ham raqibni xo‘rlashda davom etishdi. Bir oy davomida g‘alaba qozonmagan «Ayntraxt» raqib mudofaasini shunchaki yanchib tashladi va to‘rt mag‘lubiyatdan iborat seriyaga ajoyib tarzda yakun yasadi. «Burgutlar» muxlislari shanba oqshomida o‘z sevimlilarining barcha gunohlarini kechirishdi. «Bavariya»ning esa bir o‘yini bilan xulosa qilish to‘g‘ri emas, bu jamoada ham qora kunlar bo‘lishi mumkin. 2021 yil oktyabrida Menxengladbahda 0:5 yoki 2019 yil noyabrida Frankfurteda 1:5 hisoblari qayd etilganida ham jamoa yakunda baribir chempionlikni o‘ziniki qilgandi.

«Borussiya» D – «RB Leypsig» 2:3
Gollar:
0:1 – 32, avtogol Bensebayni, 1:1 – 45 Zyule, 1:2 – 54 Baumgartner, 1:3 – 90+1 Poulsen, 2:3 – 90+3 Fyullkrug.
«Borussiya» D – Kobel, Mene (Reyna, 82), Hummels, Shlotterbek, Bensebayni (Malen, 82), Roys (Adeyyemi, 71), Jan, Brandt, O‘zjan, Bayno-Gittens (Zyule, 19), Fyullkrug.
«RB Leypsig» – Blasvix, Xenrixs, Klostermann, Lukeba, Simakan, Raum, Shlager, Aydara (Kampl, 81), Baumgartner (Forsberg, 75), Simons (Sheshko, 76), Openda (Poulsen, 75).
Chetlatish: Hummels (15).

To‘rtlikdagi o‘rin uchun kurash «Leypsig» foydasiga hal bo‘ldi, «Borussiya»ning sobiq bosh murabbiyi Marko Roze  Dortmunddan ketganidan buyon «asalarilar»ga qarshi to‘rt o‘yindan uchtasida g‘alaba qozondi. Dortmundliklar bu mavsumda turlicha o‘yinlar ko‘rsatmoqda, Chempionlar ligasida «o‘lim guruhi»da vazifa muddatidan avval uddalandi, ammo ichki arenada vaqti-vaqti bilan pasayishlar kuzatilmoqda.

Eng alamlisi — Edin Terzich to‘g‘ridan to‘g‘ri raqiblarga qarshi yomon o‘ynamoqda. «Bavariya»dan 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lindi, «Shtutgart» bilan o‘yinda Germaniya Kubogi tark etildi, yagona istisno — «Bayyer» bilan o‘yinda durangga erishildi, bu o‘yinda «Borussiya»ga ko‘p vaziyatlarda omad kulib boqqandi. Endi esa jamoa qarzini qaytarishiga to‘g‘ri keldi. Mezbonlar yarim soat ichida Hummels chetlatilishi tufayli bir kishi kam bo‘lib qoldi, Bensebayni esa avtogol muallifiga aylandi.

Zyule bo‘lim oxirida hisobni tenglashtirgandi, ammo ikkinchi bo‘lim boshida Xavi Simons uyushtirgan hujumda Baumgartner qaytgan to‘pga zarba berib, mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Dortmundliklar ikkinchi golni urish uchun ochila boshlaganida, raqib qarshi xavfli hujumlar uyushtirdi va qo‘shimcha daqiqalarda uchinchi gol ham urildi. Shunda ham «Borussiya» xarakter ko‘rsatdi, Fyullkrug burchak zarbasidan keyin darvozani ishg‘ol etdi va «Leypsig» jarima maydonida parokandalik yuzaga keldi, ammo mezbonlar Blasvih darvozasiga yana bir gol urishni uddalay olishmadi. O‘tgan mavsumda chempionlik uchun kurashgan Dortmund bu mavsumda kuchli to‘rtlik uchun kurashishga majbur.

Fransiya: Kolo Muani «Nant»ni ayamadi

«PSJ» – «Nant» 2:1
Gollar:
1:0 – 41 Barkolya, 1:1 – 55 Muhammad, 2:1 – 83 Kolo-Muani.
«PSJ» – Tenas, Xakimi, Markinios (Shkrinyar, 61), Danilu Pereyra, Ernandes, Soler (Asensio, 79), Ugarte (Zair-Emeri, 60), Vitinya (Dembele, 67), Li Kan In, Barkolya (Kolo-Muani, 79), Mbappe.
«Nant» – Lafon, Kastelletto, Jyemert, Dyuvern (Bamba, 86), Sissoko (Ablin, 86), Molle, Duglas, Mutussami (Markinios, 61), Koko (Piyer-Gabriel, 61), Saymon, Muhammad (Merlen, 73).

Ilk daqiqalardanoq «PSJ» katta kuch sarflamay g‘alaba qozonmoqchidek tasavvur uyg‘ondi. Yoki parijliklarning xayoli Dortmundda YeChL pley-offi uchun kechadigan o‘yin bo‘lgan. Barkolya Vitinya bilan «devor» uslubida o‘ynab, o‘tkir burchakdan darvozani ishg‘ol etganida navbatdagi muvaffaqiyat kafolatlangandek ko‘rindi. Lekin mezbonlar erta xotirjamlikka berilishdi, tanaffusdan keyin «kanareykalar» burchak zarbasidan keyin hisobni tenglashtirishdi. Lekin o‘yin oxirida «Nant» tarbiyalanuvchisi Kolo Muani sobiq jamoasi darvozasiga g‘alaba golini urdi. Ushbu forvard zaxiradan tushganidan ko‘p vaqt o‘tmay qaytgan to‘pga zarba berdi va golni nishonlamadi.

Kun statistikasi

  • Opta kompaniyasi ma’lumotlarni yig‘ishni boshlaganidan buyon (2004 yil) bundesligada ilk bor nemis futbolchisi standartdan uchta golli uzatma berdi, bu «Haydenhaym» yarimhimoyachisi Beste.
  • Unai Emeri APLda qatorasiga 15 ta uy uchrashuvida g‘alaba qozongan 5-murabbiy bo‘ldi. Bungacha bunday natijaga erishgan murabbiylar — Aleks Fergyuson, Roberto Manchini, Yurgen Klopp va Xosep Gvardiola — o‘sha mavsumlarda chempion bo‘lgandi.
  • Uch ochkolik tizimga o‘tilganidan buyon «Aston Villa» 5-marta 16 turdan keyin kamida 35 ochko jamg‘ardi. Oldingi holatlarda birminghemliklar bir marta marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelishgan, uch bor chempionlikni nishonlagan. Oxirgi titul 1980/81 yillar mavsumiga to‘g‘ri keladi.
  • «Milan» hujumchisi Jiru 2023 yil boshidan buyon 8 marta bosh bilan gol urdi. Fransuz bu ko‘rsatkich bo‘yicha top-5 ligalarda Keyn bilan birgalikda yetakchilik qilmoqda.
  • «Fenerbahche» yarimhimoyachisi Shimanski bu mavsum barcha turnirlar qo‘shib hisoblanganda 11 gol urdi — bu uning shaxsiy rekordi.
  • «Brayton» APLda qatorasiga 20 o‘yinni o‘z darvozasidan gol o‘tkazmasdan tark etmayapti va bu ligada eng yomon seriya.
  • «Latsio» dastlabki 15 turda 21 ochko jamg‘ardi. «Burgutlar»da so‘nggi o‘n yillikda bunday yomon ko‘rsatkich faqat 2015/16 yillar mavsumida qayd etilgandi (15 ochko).
  • «Monako» 15 turda 30 ochko jamg‘ardi, jamoa oxirgi bor bunday natijani 2016/17 yillar mavsumida qayd etgan va chempion bo‘lgandi.
  • «Feyyenoord» hujumchisi Santiyago Ximenes yil boshidan buyon urgan gollari sonini 31 taga yetkazdi. O‘tgan safar rotterdamliklar futbolchisi bilan bunday natija 1967 yilda qayd etilgan.

Mavzuga oid