Jahon | 21:38 / 11.12.2023
24731
20 daqiqa o‘qiladi

Milliy manfaat va lobbilar to‘qnashganda. Ekspertlar –yahudiylarning AQSh siyosatiga ta’siri haqida

Dunyodagi eng qudratli lobbi – AQShdagi Isroil lobbisi ekani aytiladi. Xo‘sh, lobbi o‘zi nima, ularning Amerika siyosatidagi o‘rni qay darajada? “Geosiyosat” ruknida siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov, Kamoliddin Rabbimov va Hamid Sodiq shu haqda so‘z yuritdi.

— Qo‘shma shtatlardagi lobbizmning hukumatga ta’sir etish mexanizmi qanday shakllangan? Lobbi guruhlarining AQSh ichki va tashqi siyosatini shakllantirishdagi roli qanday?

Farhod Tolipov: — AQShdagi lobbizm ancha tarixiy jarayonlarga ega. Birinchi alomatlar 19-asrda paydo bo‘lgan. Lekin AQShda lobbizmga nisbatan yagona bir qarash yoki qonuniy me’yorlari mavjud emas. Ayrim shtatlarda lobbizm qonuniy asosga ega, ayrimlarida esa taqiqlangan, ya’ni yakdil qarash yo‘q bu borada. Lobbi so‘zi inglizchadan olingan bo‘lib, bizda koridor, dahliz degan ma’nolarni beradi.

AQSh azaldan demokratiyaga borib taqaladigan fenomen. Lobbizm esa turli siyosiy kuchlar manfaatlarini qaror, qonun qabul qiluvchi idoralargacha yetkazish mexanizmi sifatida ko‘riladi. Qandaydir manfaat guruhlarining manfaatini ifoda etuvchi muayyan shaxslar, qaysidir ma’nodagi fraksiyalar paydo bo‘ladi, ular lobbi hisoblanadi. Ular o‘sha manfaat guruhlariga tegishli, ularni himoya qiladigan qonun, qarorlar qabul qilinishiga harakat qiladi.

Lobbizm har doim ham muvaffaqiyatli bo‘lavermaydi. Aytganimdek, qarashlar ham turlicha. Demokratiyaga to‘g‘ri kelmaydi, deydiganlar ham, aynan demokratiyaning bir ko‘rinishi, deydiganlar ham bor. Shuning uchun bu narsa ziddiyatli.

Kamoliddin Rabbimov: — Farhod aka aytgandek, lobbi koridor, dahliz ma’nolarini beradi. AQSh Kongressi va Senati binolarida har bir kongressmen va senatorning o‘z xonasi bor, u yerga begonalar kirmaydi. Ular o‘z xonasidan chiqib, majlislar zaliga borguncha koridordan o‘tadi, ayni o‘sha koridorda lobbistlar senator yoki kongressmenga o‘z manfaatlarini, loyihalarini aytib qoladigan bo‘lgan. Lobbi tushunchasi shundan shakllangan, keyinchalik esa bu narsa katta fenomenga aylandi.

AQSh demokratiyasi qoidasiga ko‘ra, parlamentdagi 2 ta palata ham ijtimoiy manfaatlardan kelib chiqib qarorlar qabul qilishi kerak. AQShdagi ochiqlik va shaffoflikdan kelib chiqib, lobbilar ularga o‘z manfaatlarini singdirishga harakat qiladi. Masalan, Kapitoliy zinapoyalari oldida yoshi katta, qimmat kostyum-shimdagi kishilarni ko‘rish mumkin. Ular siyosatchilarga o‘z manfaatlarini singdirishga harakat qiladi, qog‘ozda qandaydir ma’lumot-statistikalar ham berishadi. Bugungi kunda dunyoda professional lobbi guruhlar shakllangan. O‘zbekistondagi endi shakllanayotgan siyosiy madaniyatimiz uchun AQShdagi lobbizm qo‘pol, agressiv ko‘rinishi mumkin, ammo AQShdagi ochiqlik va shaffoflikdan kelib chiqsak, bu me’yoriy holat.

Hamid Sodiq: — Lobbizm bugungi kunda institutsionallashib ketgan. Parlamentga ta’sir qilish richagi hisoblanadi. AQSh – liberal-demokratiyaning markazlaridan biri. Liberal-demokratiyada jamiyatda mavjud bo‘lgan, foyda keltirishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy jarayonlarni siyosatda aks ettirishga harakat qilinadi. Agar parlamentga ta’sir qilish bo‘lsa, buni ham huquqiy doiraga oladi va keyinchalik nazorat qilish imkonini qo‘lga kiritadi. Lobbizm ham xuddi shunday liberal-demokratiyaning o‘ziga xos bir xususiyati.

Lobbizm partiyaga o‘xshagan tarqoq siyosiy institut hisoblanadi. AQShda 15 mingdan ortiq lobbistik agentlar mavjud. Bularning partiyadan farqi shundaki, hokimiyatga intilishmaydi, ammo hokimiyatning qarorlari, resurslarini taqsimlashda ishtirok etadi. Boshqa davlatlar uchun korrupsion ko‘rinish bo‘lishi mumkin, lekin AQSh uchun mutlaq me’yoriy holat. Lobbizm doirasida bo‘layotgan har qanday moliyaviy va boshqa harakatlar tegishli tashkilotlar nazoratida turadi.

— Mavzuni o‘rganish chog‘ida, AQShdagi lobbi kompaniyasi direktori Jyeyms Jatrasning intervyusini ko‘rdim. U Serbiyaning bombalanishida alban lobbisi haqida gapiradi va jurnalist savol beryapti: Agar Miloshivich ham lobbilar bilan qandaydir kelishuv qilganda, bu bombalash bo‘lmasmidi? Jatras esa, harholda bu yerdagi kayfiyat u darajada bo‘lmasdi-da, degan javob qaytardi. Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosati lobbi guruhlarga qanchalik bog‘liq?

Farhod Tolipov: — Lobbistlarning ko‘plab tashkilotlari bor dedik. Ularni tasniflasa, shartli ravishda 2 guruhga bo‘linadi: biri professional, ya’ni qaysidir sohada; ikkinchisi etnik guruhlar, ya’ni milliy guruhlar. Etnik lobbi guruhlariga birinchi o‘rinda yahudiy lobbisi misol, polyaklar lobbisi, arman va meksikaliklar lobbisi ham bor. Bulardan tashqari ham ancha lobbi guruhlari mavjud. Ular, albatta, tashqi siyosatga ta’sir qilishga urinadi, mexanizmlari ham ko‘p.

Tashqi siyosatga ta’sir deganda faqat Kongress yoki senatga ta’sir emas, boshqa davlat institutlari orqali ham ta’sirlar bor. Lobbilarning doim ham gapi o‘tavermaydi, qarshi chiquvchilar, inkor etadiganlar ham bor.

“Qog‘oz uy” degan serialda mana shu lobbizm strukturasini yaxshi ko‘rsatishgan. Bu serialni ko‘rgan sobiq prezident Klinton serialdagi voqealar 90 foiz haqiqat deb aytib o‘tgan. Tasavvur uyg‘onishi uchun bu serial haqida aytyapman.

Lobbistlar harakati natijasida bir fikr, g‘oya kongressmen yoki bir deputatga yetkazildi, deylik. Lekin u muvaffaqiyat qozonishi uchun, kongressda mana shu narsaga yaqin yoki aynan o‘xshash yondashuvlar bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa, bu narsani o‘tkaza olmaydi, qarshilik bo‘ladi. Shunday taxliliy fikrlar ham borki, AQShda lobbistlar juda ko‘payib ketgani uchun qaror qabul qiluvchi doiralarni juda noqulay, qiyin ahvolga solib qo‘yishyapti ekan.

Qolaversa, ko‘p lobbistlar boy qatlamdan bo‘ladi. Ularning moliyaviy ta’sir kuchi katta bo‘lgani uchun ham tashqi siyosatga ta’siri bo‘ladi (asosan sobiq senatorlar).

Kamoliddin Rabbimov: — AQShda ichki va tashqi siyosatdagi barcha masalalarga lobbistlar aralashadi. Kun tartibiga qo‘yilayotgan masalalar atrofida qanchalik ko‘p mablag‘, siyosiy hokimiyat va intriga bo‘lsa, lobbistlar aralashuvi ham shunchalik katta bo‘ladi.

Masalan, AQSh kun tartibida doim bo‘ladigan masala – oddiy fuqarolarning qurol olib yurishi yoki yurmasligi huquqi. Bu masalada qurol-yarog‘ lobbisi juda katta pul sarflaydi. AQShda har yili otishmalar, qurbonlar bo‘ladi, lekin ikkita partiya pozitsiyasi ikki xil. Respublikachilar qurol olib yurish konstitutsion huquq, desa, demokratlar xavfsizlik muhim, deydi. Qurol-yarog‘ lobbisi respublikachilarga katta mablag‘ sarflaydi. Har bir saylov okrugida senator, kongressmenlarga mablag‘ va’da qiladi, saylov kompaniyalariga pul o‘tkazadi.

Yana bir misol – Tramp davrida Saudiya va BAA o‘rtasida mintaqa liderligi uchun lobbizm kurashi bo‘lgan edi. AQSh Yaqin Sharqda o‘ziga ishonchli hamkor izlayotganda BAA Oq uyga o‘z lobbisi orqali ta’sir o‘tkazdi.

Lobbizmda misli ko‘rilmagan raqobat bor, agressiv raqobat deyish mumkin. Ochiqlikdan foydalanib, boshqalar manfaatlariga zid qarorga erishish bo‘ladi maqsad. Qaror qabul qilish jarayonida lobbilar bor kuchi bilan o‘zi xohlagan qarorga erishishga harakat qiladi.

Hamid Sodiq: — AQSh demokratik davlat ekanini hisobga olsak, lobbi balanslovchi kuch ham hisoblanadi. Lobbizm qanchalik korrupsion chegaraga yaqin bormasin, bunga imkon beriladi. Xalqaro huquqiy lobbilar AQSh atrofidagi institutsionallashuvni ham belgilab beradi. Qaysidir davlatning lobbisini amalga oshiradigan lobbistik tashkilot o‘zi shu davlat bilan AQShda parlamentini yaratayotganday hodisa yuz beradi. Lobbi nafaqat AQShga ta’sir o‘tkazadi, balki AQSh o‘sha lobbistik tashkilot orqali o‘sha davlatga ham ta’sir o‘tkaza oladi.

AQShdagi eng katta lobbi – Xitoy lobbisi. AQSh aytadiki, lobbiga pul kiritadigan bo‘lsang va tegishli organlarda bular qayd etib borilsa, bemalol qilaver, deydi. Yahudiy lobbisi esa dunyodagi eng katta institutsionallashgan lobbi hisoblanadi. Aynan yahudiy lobbisi to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir kuchiga ega, ya’ni boshqa lobbilar tanish-bilishchilik orqali bo‘lsa, yahudiy lobbisi aynan kongressdagi yahudiy vakillar, senatdagi yahudiy vakillar, bank, moliya, harbiy sohadagi yahudiy vakillari orqali amalga oshiriladi. Shuning uchun ham yahudiy lobbisi ta’siri ko‘proq bo‘ladi. Isroil BMTning eng ko‘p salbiy rezolyutsiyalarini olgan davlat bo‘lsa-da, dunyodagi yahudiy lobbisi sabab hali ham shunday turibdi.

Farhod aka aytganidek, lobbizmning huquqiy asosi yo‘q. Huquqiy asos sifatida AQSh konstitutsiyasiga 2-tuzatishda kiritilgan parlamentga petitsiyalar orqali ta’sir ko‘rsatishni keltirishadi. Aynan lobbizm bo‘yicha qonunchilik yo‘q. Liberal-demokratiyaning avtokratiya yoki boshqa bir siyosiy tuzumga yutqazishi fonida bu jarayon orqaga ketsa, ayanchli holatlarga olib kelishi mumkin.

Yahudiy lobbisining G‘azodagi qirg‘inda ta’siri qanchalik?

Farhod Tolipov: — Yaqinda bir mashhur amerikalik bloger sudyaning videosini ko‘rib qoldim. Maxsus idoralarning ekspert xodimi bilan suhbat uyushtirgan ekan. O‘sha ekspert ochiqchasiga yaxudiy lobbisini qattiq tanqid ostiga oldi. “Biz AQSh manfaatlari o‘rniga, Isroil manfaatlarini o‘ylayapmiz”, dedi. Yahudiy lobbisini chegaralash kerak, degan fikrlarni aytdi. Ko‘rinyaptiki, AQShning o‘zida, hatto yahudiylarda ham mana shunday fikrlar, kayfiyatlar kuchayib bormoqda.

Yaqinda o‘qib qoldim, yahudiylar tashkilotiga a’zo bo‘lgan 500 ga yaqin yosh yahudiylar Baydenga xat yo‘llagan. Ular hatto bu ishi bilan o‘z ishlaridan ayrilib qolishi mumkin ekan, lekin shunday bo‘lsa ham shu ishni qilishgan. Ya’ni Isroilning harakatlarini qo‘llamaslikni so‘rashgan ular. Lobbistlar orasida ham shunday e’tirozlar bor, demoqchiman.

Kamoliddin Rabbimov: — AQSh an’anaviy shaklda Isroilga qarshi rezolyutsiyalarga veto qo‘yib keladi. Faqat 2016 yilda, Obama davrida veto qo‘ymagan. Shu paytgacha Nyu-Yorkda bir qancha namoyishlar bo‘ldi yahudiylar tomonidan, ya’ni sionizm, millatchilik va Netanyahu hokimiyatiga qarshi. Isroilni tanqid qilayotgan juda taniqli yahudiy millatli shaxslar ham bor. Sionistlar o‘ziga arablarni, musulmonlarni raqib deb biladi, lekin eng katta raqibimiz so‘l yahudiylar, deyishadi.

AQSh oldida katta tanlov turibdi: kichkinagina Isroilni yoki 2 mlrdlik musulmonlarni tanlashi kerak. Bu ikki tomonni kelishtirish imkonini topolmadi o‘tgan 75 yilda. O‘ylaymanki, keyingi 10 yillikda AQSh to‘g‘ri tanlovini qiladi.

— Isroil lobbisining kuchsiz davri ham bo‘lganmi?

Kamoliddin Rabbimov: — Bunday paytlar bo‘lgan. Ma’muriyatlarga, ijtimoiy kayfiyatga ham bog‘liq. Masalan, ikkinchi jahon urushidan oldin yahudiy lobbisi bu qadar kuchli emasdi. Ikkinchi jahon urushidagi Holokostdan keyin yahudiylarga achinish, ularni himoya qilish siyosiy modaga aylandi. Endi bu narsa qadrsizlanib bormoqda.

Farhod Tolipov: — Bir misolni keltirsam. 50-yillarda Yaqin Sharqda Isroil bilan urush bo‘lgan. Shunda AQSh Misrni o‘ziga og‘dirish uchun harakat qilgan. O‘sha paytda yahudiy lobbisi Misrni qo‘llashdan qaytarmoqchi bo‘ldi AQShni, ammo bunday qilolmadi. Chunki arab davlatlari bilan yaxshi munosabatlarni saqlash kerak edi, shuning uchun lobbistlar ham ojizlik qildi bu vaziyatda.

Hamid Sodiq: — Qaysiki davlatda qonun ishlasa, u yerda lobbizm ishlaydi, ya’ni demokratiyaga xos lobbizm. Avtokratiyalarda lobbizm bo‘lmaydi. Parlament qabul qilgan qonunlarga amal qilsa, tashqaridagilar ham hurmat qilsa, unga lobbizm pul tikadi, liberalizmning o‘ziga xos xususiyati bu. AQSh parlamenti dunyodagi eng kuchli parlamentlardan biri bo‘lgani uchun unga pul tikish taqozo etiladi.

Bugungi Isroilning G‘azoga qilgan hujumi yahudiy lobbisining informatsion qobig‘ini yo‘qqa chiqardi. Bu – lobbining eng katta richaglaridan biri edi. O‘zi bu qobiq Holokostning emotsional asoslarida turgan edi. Yillar o‘tgan sari Isroilning salbiy harakatlari sabab bu asoslar yo‘qolib bordi. Shuning uchun ikkinchi Holokostni yuzaga keltirmoqchi bo‘ldi 7 oktyabr voqealari bilan. Ya’ni o‘zini yana jabrdiyda sifatida ko‘rsatmoqchi edi. Ammo bu voqealar rivoji bilan bu narsa teskari natija berib, bor asoslar ham yo‘q bo‘ldi.

Yahudiylar Holokost fenomeni doim ishlamasligini bilgandi, shuning uchun o‘z lobbisini inkor qilib bo‘lmaydigan institutsional darajaga chiqardi. Deylik, oddiy maishiy tozalash vositalari, O‘zbekiston bozoridan kamida 5 yilda ham chiqarib yuborib bo‘lmaydi. Ichimliklar ham bor, Mask (qirg‘inga qarshi bo‘lsa ham), Tsukerberglarning yaratganlari ham bir fenomen. Bu kabi misollar ko‘p. Bugun shuncha begunoh insonlarni o‘ldirgan, bolalar qonini to‘kkan bo‘lsa ham, yahudiy lobbisi o‘zini saqlab turibdi. Arman lobbisi, ukrain lobbisi o‘zini saqlab turolmadi.

— AQSh demokratik jamiyat, shunday ekan jamoatchilik va lobbi guruhlarining manfaati to‘qnashsa hukumat qanday yo‘l tutadi?

Kamoliddin Rabbimov: — Menimcha, bunday payt savdolashuv ketadi. Siyosiy elita ko‘chadagi namoyishlarni ko‘ryapti, lobbi ta’siri bo‘lyapti bir tomondan, Blinken ham etnik yahudiy. Shunga o‘xshash omillar qorishadi. AQShning qonunchilik doirasidagi majburiyatlari ham bor. Misol uchun Baydenning Isroilga munosabati 7 oktyabrgacha anchagina sovuq edi, chunki hokimiyatga kelgandan beri Netanyahu bilan uchrashishni bir necha marta ortga surib keldi. Lekin AQSh hukumat doiralarida qudratli yahudiylar bor, ikki partiya tarkibida ham shunday. Hokimiyatda qolishni istagan odam esa bularni inkor qilolmaydi.

Yahudiy lobbisiga proporsional musulmon yoki arab lobbisi hali shakllangani yo‘q, Saudiya, BAA, Qatar lobbilari endi shakllanyapti. Lekin Isroil lobbisi etnik yahudiylardan iborat, ular tarixiy vatani deb bilmish Isroilni qo‘llashni asosiy maqsadi deb biladi. AQSh qonunchiligi va siyosiy doktrinasiga ko‘ra, NATOdan tashqari bo‘lgan AQSh ittifoqchilari degan tushuncha bor. Va NATOdan tashqari bo‘lgan davlat sifatida Isroilni himoya qilishni birinchi vazifasi sifatida olgan. Prezident esa buni inkor qilolmaydi.

Farhod Tolipov: — Dunyoda 2 ta Isroil bordek. Biri Isroilning o‘zi, ikkinchi, qo‘shtirnoq ichidagi “Isroil” esa AQSh. Bu ikkalasidagi yahudiylar soni ham deyarli teng. Biri agressiv harakat qilayotgan bo‘lsa, biri o‘zgarib boryapti, hali qanday yo‘l tutishi noma’lum.

AQShning o‘zi ichki va tashqi siyosatini reforma qilishi kerak degan fikrdaman. AQShdagi yahudiylar tafakkuri transformatsiya bo‘lyapti. Yuqorida aytganim yahudiy yoshlari xati ham misol. O‘shalardan biri shunday intervyu bergan: “Bobom Holokostda o‘lgan, otam esa omon qolgan. Men esa shuni bilamanki, Isroil harakatlarini to‘xtatmasa, bu ishlar o‘zining xavfsizligiga putur yetkazadi”.

Yahudiy diasporasida avlodlar o‘rtasida bo‘linish bor, yoshlar sionistik o‘ng harakatlarga qarshi bo‘lyapti. Blinken nafaqat Isroilga, balki bir qator arab davlatlariga ham borganidan ko‘rish mumkinki, AQSh lobbilar manfaatidan tashqari, o‘zining pozitsiyasini ham ko‘rsatyapti.

Hamid Sodiq: — Netanyahu xuddi burchakka taqalgan kalamush singari tashlanyapti. Urush to‘xtasa, unga nisbatan sud bo‘lishi aniq bo‘lib ulguryapti. Isroil – AQShning liberal-demokratik davlat loyihasi. AQSh Isroilni tashlab qo‘ymaydi. Isroil mag‘lubiyati bugungi kunda sahnada bo‘lgan liberal-demokratiyaning darz ketishini bildiradi. Shuning uchun qanchalik vahshiylik qilmasin, uni AQSh va G‘arb qo‘llayapti.

AQShda lobbizmga yo‘l elektorat orqali o‘tadi. Lobbistlardan pul olayotganda saylovchilarni rozi qilolsamgina sening aytganingni qilolaman deydi. Bu munosabatda pul rozi bo‘lib beriladi, natija aniq bo‘lmasa ham. Kafolat yo‘q lobbizm natijasiga. AQShga lobbizm uchun elektorat orqali pul olib kelishga ruxsat berilgan.

— Tramp davrida poytaxt Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirildi. U esa hozir yana prezidentlikka nomzodini qo‘ygan, imkoniyatlari yaxshi. Agar Tramp hokimiyatga qaytsa, Isroil lobbisi yanada kuchayadimi?

Farhod Tolipov: — Respublikachilar ko‘proq ichki siyosatga e’tibor beradi. Shuning uchun lobbistlarning global maqsadlarini har doim ham qabul qilavermaydi. Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirilishini aytdik, lekin Tramp davrida arab davlatlari va Isroil munosabatlari ancha yaxshilandi. Shuning uchun xolisona yondashsak, balki Tramp boshchiligidagi hukumat lobbistlar ta’siriga tushmay, oqilona harakat qilar.

Kamoliddin Rabbimov: — Tramp atrofidagi eng katta yahudiy lobbisti bu – uning kuyovi, u etnik yahudiy. Qolaversa, AQShda hukumat o‘zgarishi bilan dunyoda AQSh va boshqa davlatlar munosabatlari o‘zgaradi. Agar Tramp hokimiyatga kelsa, Saudiya va Eron munosabatlari, mintaqadagi boshqa davlatlar munosabatlari o‘zgaradi. Poytaxt ko‘chirilish masalasi yuridik jihatdan Klinton davrida hal qilib bo‘lingandi, ammo amalda Tramp davrida bo‘ldi.

Tramp tashqi siyosatda kuch ishlatish tarafdori. Lekin Saudiya va Isroil uchun Tramp davri yaxshi bo‘ldi. Va aynan Trampning davrida Netanyahuning agressiv siyosati uchun zamin yaratilgan edi.

Hamid Sodiq: — Kamoliddin aka suhbatlardan birida Isroil atrofida 2 mlrd musulmon joylashgan, ular bir chayqalsa, uni har tomonlama yutib yuboradi, degandilar. Ayni mana shu chayqalishni boshlab bergan Tramp bo‘ladi. U prezidentlikdan ketgandan so‘ng ham natijalari bo‘lyapti, menimcha, bu chayqalish endi to‘xtamaydi. Isroildan yahudiylarning ketishi, sionistik harakatga qarshiliklar, yosh yahudiylarning qarshiliklari bu chayqalish hali davomli va kuchli bo‘lishini bildiradi. Nazarimda, Isroil hukumati sionistik tafakkurda qolsa, keyingi taqdiri yaxshi bo‘lmaydi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid