Jahon | 11:14 / 12.12.2023
4714
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya parlamenti munozarali immigratsiya qonunini rad etdi

Milliy assambleya a’zolari munozarali immigratsiya qonunini rad etishdi. Fransiya IIV rahbari iste’fo berdi, biroq Makron uni qabul qilishdan bosh tortdi.

Foto: picture-alliance/abaca/R. Lafargue

Fransiya parlamentining quyi palatasi – Milliy assambleya munozarali immigratsiya qonuni loyihasini rad etdi. «Yashillar» partiyasining hujjatni ko‘rib chiqishdan bosh tortish haqidagi taklifini 11 dekabr, dushanba kuni 270 nafar parlamentariy, jumladan, o‘ng va so‘l kuchlar vakillari, shuningdek, Marin Le Pen «Milliy front»ining o‘ng qanot populistlari qo‘llab-quvvatladi.

Ushbu qonun loyihasining rad etilishi mamlakat hukumati va prezident Emmanuel Makron uchun jiddiy siyosiy mag‘lubiyat sifatida ko‘rilmoqda. Ko‘p o‘tmay, Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerar Darmanen iste’foga chiqish haqida ariza berdi, biroq Makron uning iltimosini rad etdi, deya ma’lum qildi Yelisey saroyi.

Qonun loyihasining asl nusxasida migrantlarning integratsiyalashuviga ko‘maklashish, shuningdek, Fransiyaga noqonuniy yo‘llar bilan kelganlarni deportatsiya qilishni soddalashtirish nazarda tutilgan edi. Shuningdek, ishchilar yetishmaydigan hududlarda xorijliklarni tezroq qonuniylashtirish ko‘zda tutilgan. Biroq, keyinchalik Makron tarafdorlari ko‘pchilik bo‘lmagan Senat hujjatning aksariyat bandlarini qat’iylashtirdi. Masalan, Fransiya fuqaroligini olish uchun zarur bo‘lgan mamlakatda yashash muddatini besh yildan o‘n yilgacha oshirish taklif etildi.

Bu Fransiya hukumatining qonun loyihasini qabul qilishga ikkinchi urinishi. Bosh vazir Elizabet Born allaqachon konstitutsiyaning 49.3-bandiga murojaat qilmoqchi emasligini aytdi, u qonunni deputatlar roziligisiz qabul qilishga imkon beradi. Bunday holda, hukumatga ishonchsizlik votumi yuzaga keladi, bu vazirlar mahkamasining obro‘siga putur yetkazadi. Emmanuel Makron uchun immigratsiya qonunchiligini isloh qilish pensiya islohotidan keyingi ikkinchi yirik loyihadir.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid