Jamiyat | 17:57 / 13.12.2023
14070
3 daqiqa o‘qiladi

Gibrid shaklida ishlayotgan “Chilonzor” 5-sonli issiqlik markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi

Foto: O‘zbekenergota’mir

Kuni kecha davlat rahbari aholi yashash sharoitlarini yaxshilash hamda qishga tayyorgarlik ishlari doirasida Uchtepa tumanidagi “Chilonzor” 5-sonli issiqlik markazida amalga oshirilgan ta’mirlash va modernizatsiya ishlari va hozirgi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur energoobekt “O‘zbekenergota’mir” AJ bosh pudratchiligida qisqa fursatlarda mukammal ta’mirlanib, issiqlik energiyasini gibrid tizimida ishlab chiqarishga moslashtirilgan.

Bundan roppa-rosa bir yil oldin bu yerda ahvol juda ayanchli edi. Bu markaz 1969 yilda qurilgan, shundan buyon kapital ta’mirlanmagan. Qozonxona ham, tarmoqlar ham eskirgan edi. Shu tufayli o‘tgan qishda havo keskin sovigan paytlarda issiqlik ishlab chiqarish muammo bo‘lgandi. Shu bois Shavkat Mirziyoyev tarmoqlarni ta’mirlash va barqarorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Shunga ko‘ra, ushbu ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekenergota’mir” AJ korxonasi tomonidan o‘tgan davr davomida markazni kompleks modernizatsiya qilish ishlari olib borilib, zamonaviy energoinshoot bunyod etildi. Majmua qozonxonasi jami 700 Gkal quvvatga ega, mingdan ortiq ko‘p qavatli uy va 400 dan ziyod ijtimoiy muassasalarga issiqlik yetkazib beradi.

Joriy yilda mazut xo‘jaligi va sig‘imlari qurilib, qozonlarning ikkitasi aralash shaklda - gaz va mazutda ishlashga moslashtirildi. Bular natijasida qozonxona va tarmoq sovuq haroratda ham barqaror ishlaydi. Bunday paytlarda zahiralangan mazutdan ishlatiladi. Quvurlar izolyatsiyasi mustahkamlangani uchun issiqlik yo‘qotilishi ham kamaygan.

Bu kabi ishlar Shayxontohur tumanidagi “G‘arbiy” 3-sonli issiqlik markazida ham amalga oshirilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu markazning barqaror faoliyat olib borishi ta’minlanmoqda. E’tiborlisi, qurilmaning gibrid shaklida ishlashi anomal sovuq ob-havo sharoitida ham, mazut yoqish evaziga iste’molchilarni issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash imkonini beradi. Quvonarlisi, ushbu izg‘irin sovuq kunlarda issiqlik energiyasining barqaror yetkazib berilishi aholi kayfiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid