Jamiyat | 15:30 / 28.11.2023
18603
7 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekenergota’mir” energo obektlarning barqaror ishlashi bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi

“O‘zbekenergota’mir” AJ – O‘zbekiston energetika sektorida muhim ahamiyatga ega korxonalardan hisoblanadi. Korxona issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik markazlarini qishki mavsumga tayyorlash, energo obektlarning barqaror faoliyatini ta’minlashga oid yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Foto: O‘zbekenergota’mir

Bugun yurtimizda elektr energetika tarmog‘ini rivojlantirish jarayonlari yangi bosqichga ko‘tarildi, avvallari, yurtimizda elektr energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish ishlari asosan xorijiy kompaniyalar tomonidan amalga oshirilardi. Prezidentimiz boshchiligida sohani liberallashtirish, erkin bozor mexanizmlarini joriy etishga qaratilayotgan sa’y-harakatlar natijasida xorijiy investorlar qatorida, bugun tizimga mahalliy, raqobatbardosh investor kompaniyalar ham kirib kelmoqda. Shu kabi korxonalardan biri “O‘zbekenergota’mir” AJ hisoblanadi.

“O‘zbekenergota’mir” AJ juda kam vaqt ichida jahonga mashhur energetika kompaniyalarining shef-injyenerlarini jalb qilgan holda, o‘quv amaliyotlari, tajriba almashish kurslari natijasida yuqori malakali mahalliy mutaxassislar guruhini shakllantirishga erishdi. Bugun korxona tarkibidagi 2 yarim mingga yaqin texnik mutaxassislar elektr stansiyalarning barqaror faoliyat yuritishiga hissa qo‘shib kelmoqda.

Ma’lumki, avvalgi yillarda kuz-qish mavsumi energetika sohasi uchun murakkab kechardi. Ayrim nuqtalarda ma’nan eskirgan qurilmalar pand bergan bo‘lsa, ayrim joylarda elektr energiyasidan noto‘g‘ri foydalanish, yoqilg‘i-resurslarning yetishmasligi kutilmagan vaziyatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lardi.

Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning vaziyatni chuqur tahlil qilgan holda 2022 yilning 13 dekabr kuni, Toshkent shahrining Uchtepa tumanida infratuzilma va ijtimoiy soha obektlari faoliyati bilan tanishish jarayonida aholini energo resurslar bilan ta’minlashda aniqlangan muammolardan kelib chiqib bir qator qaror va topshiriqlari qabul qilindi. Bugun ushbu belgilangan chora-tadbirlar sohani rivojlantirishga zamin bo‘lmoqda.

“O‘zbekenergota’mir” AJ ham Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

Jumladan, joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida belgilangan rejaga asosan korxona tomonidan issiqlik elektr stansiyalaridagi jami 55 ta energoqurilma, jumladan, 14 ta energoblok, 19 ta qozon qurilmasi, 9 ta bug‘-gaz qurilmasi, 1 ta gaz-turbina qurilmasi mukammal, o‘rta va joriy ta’mirlandi.

Shuningdek, tunu-kun faoliyat yuritgan ishchi-guruhlari tomonidan aniqlangan kamchiliklardan kelib chiqib, rejadan tashqari 16 ta asosiy va yordamchi qurilmalarda kengaytirilgan ta’mirlash ishlari bajarildi.

Davlatimiz rahbari poytaxt aholisini kafolatlangan issiqlik energiyasi bilan ta’minlash maqsadida “Toshkent issiqlik markazi” MChJni ham mavsumga puxta tayyorlash va uni modernizatsiya qilish bo‘yicha tegishli topshiriqlar bergan edi.

Shu tariqa qisqa fursatlarda “O‘zbekenergota’mir” AJ tomonidan Toshkent issiqlik markazlarida katta hajmdagi qurilish-ta’mirlash va modernizatsiya ishlari boshlab yuborildi. Xususan, Shayxontohur tumanidagi “G‘arbiy” 3-sonli va Uchtepa tumanidagi “Chilonzor” 5-sonli issiqlik markazlarida modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Issiqlik markazlarining har birida 2 tadan qozon rekonstruksiya qilinib, an’anaviy yoqilg‘i bo‘lgan tabiiy gaz bilan bir qatorda mazut yoqishga moslashtirildi. E’tiborlisi, qurilmaning gibrid shaklida ishlashi anomal sovuq ob-havo sharoitida ham, mazut yoqish evaziga iste’molchilarni 108 darajagacha issiq suv bilan ta’minlash imkonini beradi. Ma’lumot uchun, avvallari bu ko‘rsatkich 36-38 darajadan oshmagan.

“O‘zbekenergota’mir” AJ tomonidan kelgusida ham mazkur yo‘nalishdagi modernizatsiya ishlarini yuqori sur’atlarda va tizimli davom ettirilishi belgilangan.

So‘zlarimizning isboti sifatida quyidagi ma’lumotlarni keltiramiz. Joriy yilning 17-18 oktabr kunlari Davlatimiz rahbarining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, ikki mamlakat ishbilarmonlarini jamlagan O‘zbekiston-Xitoy biznes forumi doirasida iqtisodiy aloqalarni jadal rivojlantirishga qaratilgan ko‘pgina shartnomalar imzolandi.

Jumladan, “China National Technical Import and Export Corporation” (CNTIC) kompaniyasi bilan erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, Toshkent shahri aholisi va poytaxt iqtisodiyot tarmog‘i korxonalari uchun qo‘shimcha quvvatlar yaratiladi. Poytaxtimiz iste’molchilarining elektr va issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 4-issiqlik markazida, shuningdek, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur, Yunusobod, Yashnobod va Uchtepa tumanlarida yangi, zamonaviy va energosamarador kogeneratsion quvvatlar joriy etiladi.

Ta’kidlash lozimki, “O‘zbekenergota’mir” AJ bugun yurtimizning energetika tarmog‘ida yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. AQShning “General Electric Global Pars and Producs GmbH” korporatsiyasi bilan hamkorlikda elektr stansiyalaridagi amaldagi energobloklarning barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar olib borilmoqda. AQShlik hamkorlar bilan olib boriladigan loyihalarning yana bir muhim jihati “O‘zbekenergota’mir” AJning yosh mutaxassislari va xodimlarining malakasini va kasbiy mahoratini oshirish masalasi bo‘lib, ular amerikalik mutaxassislarni jalb qilgan holda ta’mirlash va sozlash ishlarida ishtirok etadilar. Birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali yoshlarimiz dunyoda tan olingan elektr qurilmalarini boshqarish va ular bilan ishlash bo‘yicha bilim va tajribalarini rivojlantirishga imkoniyat yaratildi.

Xitoyning jahonga mashhur “State Grid” korporatsiyasi tarkibidagi “China Electric Power Equipment and Technology Co., Ltd.” kompaniyasi bilan elektr stansiyalardagi yuqori kuchlanishli ochiq taqsimlash qurilmalarini qurish va modernizatsiya qilish, yangi podstansiyalar qurib foydalanishga topshirish ishlarini olib borish belgilangan. Buning natijasida, O‘zbekistondagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tizimiga zamonaviy, shu bilan birga raqamli texnologiyalarni joriy etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyati vujudga keladi.

Shuningdek, “O‘zbekenergota’mir” AJ yurtimizdagi elektr stansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish uchun import o‘rnini bosuvchi yuqori samarador va zamonaviy energoqurilmalarni mahalliy sharoitlarda ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni ham amalga oshirmoqda.

Bugun esa, “O‘zbekenergota’mir” AJ mutaxassislari kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida elektr stansiyalarida tunu kun, sutkasiga 24 soat navbatchilik asosida faoliyat olib borishmoqda. Asosiy maqsad – bu elektr obektlarining barqaror ishlashini ta’minlash, kutilmagan favqulodda vaziyatlarning oldini olish hisoblanadi.

“O‘zbekenergota’mir” AJ Matbuot xizmati

Mavzuga oid