Jahon | 22:35 / 15.12.2023
15867
13 daqiqa o‘qiladi

Putinning jonli efiri, Ukrainaga eshik ochgan Yevroittifoq, Eronning AQShga tahdidi - kun dayjesti

So‘nggi bir kunda jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz. 

G‘azodagi vaziyat

AQSh hukumati Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush imkon qadar tezroq tugashini istashayotganini bildirdi.

Jo Bayden administratsiyasi va Netanyahu hukumati o‘rtasida G‘azoda urushdan keyingi holat bo‘yicha ixtilof davom etmoqda. Oq uyda manbasi bo‘lgan ko‘plab Amerika OAV AQSh shu yilning oxirigacha G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun muddat berganini yozgan.

«Isroil tunnellari suv bilan to‘ldira olmaydi», deya xavotirlarni tarqatishga urinmoqda HAMAS rasmiylari.

Harakatning rasmiy vakili Usoma Hamdan vaziyatni izohlar ekan, tunnellar qarshilikning muhim unsuri ekanini aytib, u tajribali injyenerlar tomonidan yaratilgani va potensial xavf-xatarlarga tayyor qilib qurilganini e’tirof etgan.

Bundan tashqari u Isroil askarlari G‘azodan mayib, majruh va ruhiy salomatligi yomonlashgan holatda qaytayotganini aytgan. «Al-Qassam brigadalari G‘azoni bosqinchi kuchlarning mozoriga aylantirish borasida bergan va’dalarini bajarmoqda», degan Usoma Hamdan.

Isroil armiyasi HAMAS bilan hamkorlikda gumon qilib, falastinlik yuzga yaqin erkaklarni sektordan olib chiqqan.

Biroq, o‘g‘irlab ketilganlar orasida qarshilik harakati askarlari yo‘q, ular asosan tinch fuqarolar — vrachlar, jurnalistlar, o‘qituvchilar, fuqarolik sohasi va BMT ishchi-xizmatchilaridan iborat, deyiladi mahalliy nashrlar xabarida.

Isroil hokimiyati G‘azodagi qarshilik kuchlari yetakchilari to‘g‘risidagi har qanday axborot uchun katta pul mukofotlari taklif qilmoqda. Shunday varaqalari G‘azo sektorida tarqatilmoqda.

Bu vaqtda G‘azoda uysiz joysiz qolgan oilalarning bolalari vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun ularga ko‘chada mulfilm qo‘yib berilayotgani tasvirlari tarqaldi. 

Putinning to‘g‘ridan to‘g‘ri liniyasi

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning so‘nggi ikki yilda ilk marta o‘tkazilgan va 4 soatcha davom etgan to‘g‘ridan to‘g‘ri liniyasida u maxsus harbiy operatsiya maqsadlari o‘zgarmaganini ta’kidlab, frontga 617 ming  harbiy jalb qilinganini aytib, «tinchlik qachonki biz o‘z maqsadlarimizga erishganimizda bo‘ladi», degan.

Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar masalasida berilgan savolga Putin Rossiya munosabatlarni buzmagani, ular Rossiya bilan munosabatlarni to‘xtatishganini aytgan.

Safarbar qilingan askarlarning ayollarini qiynayotgan savol — erlari urushdan qachon qaytishi haqida Putin mutlaqo gapirmagan.

Urush masalasiga to‘xtalar ekan, «Ruslar va ukrainlar — yagona xalq. Hozir sodir bo‘layotgan voqealar fuqarolik urushiga o‘xshash narsa», degan Putin.

U shuningdek Ukrainaning janubiy-sharqiy qismi doimo Rossiyaniki bo‘lgani, Odessa umuman ruslar shahri ekanini ta’kidlagan.

«NATOning chegaralarimiz yaqiniga suqulib kirishga bo‘lgan intilishi biz hozir guvoh bo‘lib turgan fojialarga yetakladi. Rossiyani maxsus harbiy amaliyotni boshlashga majbur qilishdi», — degan Putin.

O‘z chiqishida Vladimir Putin migrantlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan. Xususan, u 10 mlndan ziyod migrantlarga insoniy shart-sharoitlar hozirlash kerakligini aytgan.

«Migrantlar uchun normal insoniy shart-sharoitlar yaratish kerak. Biz migrantlar oilalarining ijtimoiy masalalarini yechishga qancha pul sarflaymiz? Ha, men bu masalaga munosabat juda nozikligini tushunaman. Lekin biz insonlarni, ularning rafiqalarini, bolalarini tashlab qo‘ysak yaxshi bo‘larmidi?» — degan Putin.

«Barcha migrantlar bizning qonunlari va an’analarimizni hurmat qilishlari, tegishli organlar ularni kuzatishi va o‘z vaqtida qonunbuzarliklarni aniqlashi kerak. Bunga esa tayyorlanish kerak. Migrantlar kelayotgan mamlakatlari rus maktablari ochishga, ularga darsliklar va o‘qituvchilar jo‘natishni so‘rashmoqda», — degan Putin.

To‘g‘ridan to‘g‘ri liniyada Putin saylov va saylovoldi kampaniyasi haqida so‘z ochmagan. Shuningdek, sakkiz kundan buyon qayerdagi noma’lum bo‘lgan muxolifatchi Aleksiy Navalniy borasida ham hech kim savol bermagan. 

Rossiyaning ukrainadagi rejalari

Putinning to‘g‘ridan to‘g‘ri efiri tugagach Rossiya armiyasi Ukraina shaharlariga gipertovushli «Kinjal» raketalari bilan hujum uyushtirgan. Xmelnitskiy oblastidagi Starokonstantinov aerodromi nishonga olingan bo‘lishi mumkin. Kiyev oblastida bitta «Kinjal» raketasi urib tushirilgan.

Rossiya Ukrainada 2026 yilgacha jang olib boradi va Zaporijjya, Xarkiv va Dnipropetrovsk oblastlarini egallab olishni rejalashtirmoqda — deb yozadi Germaniyaning BILD nashri.

Nashr manbalarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil so‘ngiga qadar Rossiya Donetsk va Luhansk oblastlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatib, Xarkiv oblastidagi Oskil daryosigacha bormoqchi.

2026 yil oxirigacha Rossiya Xarkiv, Dnipropetrovsk va Zaporijjya oblastlarini o‘z nazoratiga olmoqchi. Buning uchun Rossiya Ukrainada yiliga 100 ming askaridan ayrilishga tayyor. Putinda hozircha Xerson va Odessaga hujum qilish rejasi hozircha yo‘qligi ham aytilgan. 

Yevroittifoq sammiti

Yevropa Ittifoqi sammitining birinchi kunida Ukraina va Moldovaning yevroittifoqqa a’zo bo‘lishi borasida muzokaralarni boshlashini yoqlab ovoz berildi. Gurjiston esa Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishga nozod statusini oldi. Buni blokka a’zo 27 davlatdan 26 tasining hukumat rahbarlari qo‘llagan. Ovoz berish jarayonida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban zalni tark etgan. U masala bo‘yicha ovoz bermagani bilan, qarshi ovoz bermagani uchun qaror qabul qilingan.

Biroq Viktor Orban Ukrainaga 2027 yilgacha ajratilishi ko‘zda tutilgan 50 mlrd yevro qo‘shimcha yordam pulini Yevroittifoq budjetiga kiritish masalasi bo‘yicha veto qo‘ygan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Orbanning ko‘ziga yomon ko‘rinmaslik uchun sammitga chaqirilmadi, deb yozadi Politico nashri. Garchi u samimitda shaxsan qatnashishni juda istagan. Yevroittifoq yetakchilari Orbanning reaksiyasidan cho‘chib, unga taklifnoma yuborishmagan.

Ukrainaning YeIga a’zolik masalasini bloklay olmay qolgan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban yevroittifoq rahbarlarining uchrashuvi 8 soatga cho‘zilgani, Kiyev hali muzokaralarga tayyor emasligi borasida Budapesht pozitsiyasi o‘zgarmagani va o‘zgarmasligini ta’kidlagan.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirish va ularni aylanib o‘tishga qarshi kurashish uchun qat’iyatga to‘la.

Shuningdek, Yevropa yetakchilari Ukrainani siyosiy, moliyaviy va harbiy jihatdan «qancha vaqt talab etilsa — shuncha» qo‘llab-quvvatlash, Kiyevga ko‘proq havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berish, 1 mln o‘q-dorilarni yetkazishni tezlashtirishga chaqirishgan.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi kelgusi yilning yozigacha ittifoqni yanada kengaytirish uchun ichki islohotlar yo‘l xaritasini kelishib olishni istamoqda. Biroq, Ukraina va Moldovaning Yevroittifoqqa kelgusida a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralarni boshlash muddatini aniqlashtirib olmagan. Muzokara doirasi 2024 martida tasdiqlanishi mumkin.

Yevroparlament keng ko‘lamli islohotlar loyihasini ham qabul qilmoqda. Mamlakatlardan veto qo‘yish huquqi qariyb olib qo‘yiladi, Bryussel esa ko‘proq vakolatlarga ega bo‘ladi. Bundan ko‘zlangan maqsad — qarorlarni tezroq qabul qilish bir mamlakat pozitsiyasiga bog‘lanib qolmaslik. 

Finlandiya yana chegarani yopdi

Rossiya bilan asosiy chegara nazorat o‘tkazish punktini bor-yo‘g‘i ikki kunga ochgan Finlandiya uni zudtar qayta yopishga majbur bo‘lgan. Yana somali va suriyalik 62 nafar migrant chegaraga yopirilib kelgan. Finlandiya tomoni bugundan boshlab 14 yanvargacha chegaralar mutlaqo yopiq turishini ta’kidlashgan.

«Bu Rossiya hokimiyati Finlandiyaga qarshi gibrid operatsiyani davom ettirayotganidan nishona. Bunga Finlandiya aslo toqat qilolmaydi», — degan mamlakat ichki ishlari vaziri Mari Rantanen.

Boz ustiga, Finlyandiya 18 dekabr kuni AQSh bilan mudofaa sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuv imzolaydi.

«Endi barcha narsa bo‘yicha alohida alohida kelishilmaydi, bu kelishuv tinchlik vaqtida operatsiyalarni uyushtirishni yengilashtiradi, lekin eng asosiysi, krizis ro‘y bergan chog‘da bu hayotiy muhim kelishuv bo‘ladi», degan mamlakat tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen.

Kelishuv imzolangach, Amerika qo‘shinlari Finlandiyaga zudlik bilan kelib joylasha oladi. Tayyorgarlik uchun 15 ta obekt va zonaga to‘siqsiz kirish imkoni beriladi va u yerda harbiy texnika va o‘q-dorilar saqlash uchun imkoniyat yaratiladi, deb yozadi Reuters. 

Ta’tilga chiqqan kongressmenlar

AQSh Kongressi Vakillar palatasining respublikachi deputatlari Ukraina uchun yangi yordam so‘rovini ma’qullamasdan, yangi yil ta’tiliga chiqib ketishmoqda.

Oq uy matbuot oktibi Karin Jan-Piyer bunday hatti harakatlar shlobal dunyoda potensial agressorlarni yanada chog‘lantirishi aytgan. AQSh Kongressining harakatlarini Moskva, Pekin va Tehronda sinchkovlik bilan kuzatib turishganini eslatgan.

«AQSh va dunyo xavfsizligi borasida hayotiy muhim qarorlar qabul qilish kerak bo‘lib turganida Vakillar palatasidagi respublikachilar bayram ta’tillari uchun uylariga ketmasligi kerak edi», — degan Karin Jan-Piyer.

Biroq AQSh Senati bayram ta’tillariga chiqmasdan kelgusi haftada ham ish olib boradi. Chunki Ukrainaga yordam va chegaralar xavfsizligi bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

Senatdagi ko‘pchilik demokratlar yetakchisi Chak Shumer Oq uy ma’muriyatining Ukrainaga 61 mlrd yordamni o‘z ichiga olgan budjet so‘rovi bo‘yicha ovoz berish kelgusi haftada bo‘lib o‘tishini aytib o‘tgan.

Senat ham payshanbadan rojdestvo ta’tillariga chiqishi kerak edi. Biroq demokratlar, respublikachilar va Oq uy ma’muriyati o‘rtasidagi muzokaralarga ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. Respublikachi senatorlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash evaziga Meksika bilan chegaradagi rejim qat’iylashtirilishini talab qilishmoqda. 

Erdo‘g‘an va bayden muloqoti

AQSh zimmasida G‘azoda o‘t ochishning to‘xtatilishi uchun tarixiy mas’uliyat bor, degan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an AQSh prezidenti Jo Baydenga telefon orqali suhbatda.

Vashingtonni Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishi o‘t ochishning tezda yakunlanishiga olib keladi, degan Erdo‘g‘an Baydenga.

Oq uy rahbari esa Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlari sotilishini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Bu borada Erdo‘g‘an va Bayden o‘rtasidagi muloqot borgani haqida Oq uy milliy xavfsizlik kengashi koordinatori Jon Kirbi matbuot anjumanida ta’kidlab o‘tgan. 

Eronning tahdidi

AQSh Qizil dengizda koalitsiya tuzsa jiddiy muammolarga duchor bo‘ladi, degan Eron mudofaa vaziri Muhammadrizo Ashtiyoniy.

Ashtiyoniy AQShning Qizil dengizda harakatlanuvchi kemalarni husiychilardan qo‘riqlash bo‘yicha xalqaro guruh tuzish tashabbusini tanqid ostiga oldi.

«Agar ular bunday o‘ylanmagan qadamni qo‘yishsa, jiddiy muammolarga duchor bo‘lishadi. Eron yetakchi pozitsiyaga ega mintaqada hech kim bunday qadam qo‘yishga haqli emas», — degan Ashtiyoniy.

Avvalroq AQSh Mudofaa vazirligi Qizil dengizda g‘arbiy dengiz kuchlarining operativ guruhini shakllantirish borasida ittifoqchilar bilan muzokaralar olib borilayotganini e’lon qilgan edi. Amerika tomoni kemalarga hujum uyushtirayotgan yamanlik husiychilarni mintaqani beqarorlashtiruvchi, xavfli va xalqaro huquqlarni poymol qiluvchi kuch deb atagan. 

Sport siyosatdan xoli

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax rossiyalik va belaruslik sportchilarga nega Parij olimpiadasida ishtirok etishga ruxsat berilganini tushuntirdi.

Baxning fikricha, Ukrainadagi urush jahonda sodir bo‘lib turgan 28 ta urush va mojarolardan biri, biroq sportchilar hamma joyda bir biri bilan musobaqalashishda davom etmoqda.

«Sportchilar o‘z hukumatlarining xatti-harakatlari uchun jazolanmasligi kerak», — degan Tomas Bax.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Belarus sportchilariga olimpiadada neytral statusda ishtirok etishga ruxsat berilgan. Ular chempion bo‘lsa davlat bayrog‘i ko‘tarilmaydi va madhiya chalinmaydi.

Mavzuga oid