Jahon | 09:47 / 16.12.2023
17232
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng yirik konteyner tashuvchi kompaniya Qizil dengiz orqali yuk tashishni to‘xtatdi

Dunyodagi eng yirik konteyner tashuvchi shirkat 15 dekabrdan boshlab Qizil dengiz orqali yuk tashishni to‘xtatishini ma’lum qildi. Maersk buni husiychi jangchilarining kemalarga hujumlari bilan izohladi.

Foto: AP

Dunyodagi eng yirik konteyner tashuvchi - Daniyaning Maersk kompaniyasi - Qizil dengizning janubiy qismidan o‘tuvchi barcha kemalari husiychi jangchilarining hujumlari tufayli 15 dekabr, juma kunidan boshlab ushbu yo‘nalishda suzib o‘tishni to‘xtatishini ma’lum qildi. «Kechagi Maersk Gibraltar bilan sodir bo‘lgan voqea va konteyner kemasiga navbatdagi hujumdan so‘ng biz Bob al-Mandab bo‘g‘ozidan o‘tishi kerak bo‘lgan hududdagi barcha Maersk kemalariga 15 dekabrdan keyingi xabarnomaga qadar harakatlarini to‘xtatib turishni buyurdik», deya kompaniya bayonotidan iqtibos keltirgan Bloomberg.

Bayonotda qayd etilishicha, jangchilar G‘azo sektoridagi mojaroga javoban Isroil bilan aloqador tijorat kemalariga hujum qilmoqda. Hujumlar Hind okeanini Qizil dengiz bilan bog‘laydigan Bob al-Mandeb bo‘g‘ozining tor qismi bo‘ylab amalga oshirilmoqda. Bu marshrut Suvaysh kanali orqali Misrga va shimolga chiqish imkonini beradi. Oxirgi 24 soat ichida Yaman yaqinida uchta konteyner tashuvchi kema hujumga uchragan yoki shikastlangan. Kompaniya kemalari mintaqaga qachon qaytishiga aniqlik kiritmadi.

Eronparast husiychilar Hapag-Lloyd konteyner kemasiga qarata o‘q uzdi

Germaniyaning Hapag-Lloyd yuk tashish kompaniyasi ham Qizil dengiz orqali yuk tashishni to‘xtatishga qaror qildi va bu chora 18 dekabrgacha amalda bo‘lishini, shundan so‘ng uning harakatini tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilinishini tushuntirdi. Avvalroq Hapag-Lloyd tomonidan boshqariladigan konteyner kemasi Yamandan eronparast husiychilar tomonidan o‘qqa tutilgan edi.

Noyabr oyidan beri muntazam tus olgan «Ansor Alloh» eronparast husiychilar guruhining Qizil dengizdagi kemalarga hujumlari AQSh va uning ittifoqchilarini harbiy javob izlashga majbur qilmoqda. Husiychilar 13 dekabr kuni Isroilga yo‘l olgan barcha kemalarga hujum qilishlarini bildirgan edi. Qizil dengiz orqali trafik global yuk tashishning 10-12 foizini va global neft tashuvining taxminan 5 foizini tashkil qiladi.

Mavzuga oid