O‘zbekiston | 10:04 / 16.12.2023
3380
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va UNFPA aholishunoslik sohasida yangi qo‘shma tadbirlarni rejalashtiryapti 

O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov Nyu-Yorkda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Natalya Kanem bilan uchrashdi.

«Dunyo» xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va UNFPA o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va chuqurlashtirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi rahbari O‘zbekiston bilan xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, gender tengligini ta’minlash, demografik barqarorlik va onalar salomatligini muhofaza qilish sohasida to‘plangan boy hamkorlik tajribasini mamnuniyat bilan qayd etdi. U, shuningdek, O‘zbekistonning so‘nggi yillarda ushbu sohalarda erishgan muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi.

Tomonlar O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbariyatining joriy yil noyabr oyida Nyu-York shahrida UNFPAda o‘tkazgan uchrashuvlari yakunlarini e’tirof etishdi. Agentlik va UNFPA o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilish tasdiqlandi.

Shuningdek, aholishunoslik sohasida amalga oshiriladigan qo‘shma va xalqaro tadbirlar rejalari ham muhokama qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid