Jahon | 12:24 / 16.12.2023
7164
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 16 foizgacha oshirdi

Rossiya banki inflatsiyani jilovlash uchun yangi choralar ko‘rdi. Uning prognozlariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiya Federatsiyasida inflatsiya darajasi 4,0-4,5 foizgacha pasayadi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 100 ta bazaviy punktga ko‘tarib, yillik 16,00 foizgacha oshirdi. «Joriy inflatsiya bosimi yuqoriligicha qolmoqda. 2023 yil oxiriga borib yillik inflatsiya 7,0-7,5 foiz prognoz diapazonining yuqori chegarasiga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, 2023 yilda YaIM o‘sishi, Rossiya banki ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyidagi prognozdan yuqori bo‘ladi va 3 foizdan oshadi», - deya ma’lum qildi Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki matbuot xizmati 15 dekabr, juma kuni.

Rossiya banki «2023 yilning ikkinchi yarmida Rossiya iqtisodiyotining muvozanatli o‘sish trayektoriyasidan yuqoriga qarab og‘ishi oktyabr oyida kutilganidan ko‘ra muhimroq bo‘lganini» tushuntirdi. Rossiya regulyatori, shuningdek, «inflatsiyaning 2024 yilda ko‘rsatkichga qaytishi va uning 4 foiz atrofida barqarorlashishi iqtisodiyotda qat’iy pul-kredit sharoitlarini uzoq vaqt davomida saqlab turishni nazarda tutadi», deb ta’kidladi.

Rossiya MB prognozi: 2024 yilda inflatsiya 4,0-4,5 foizgacha pasayadi

Moskva «inflatsiyaning haqiqiy va kutilayotgan dinamikasini, iqtisodiy rivojlanishni, shuningdek, ichki va tashqi xavflarni hisobga olgan holda asosiy stavka bo‘yicha keyingi qarorlarni qabul qilishi» haqida ogohlantirdi. «Rossiya bankining prognoziga ko‘ra, joriy pul-kredit siyosatini hisobga olgan holda, yillik inflatsiya 2024 yilda 4,0-4,5 foizgacha pasayadi va kelajakda 4 foizga yaqin bo‘ladi», deyiladi bayonotda.

So‘nggi olti oy ichida Rossiya banki inflatsiyani jilovlash uchun asosiy stavkani bosqichma-bosqich, sezilarli darajada oshirdi. Oktyabr oyi oxirida Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki uni 15 foizgacha, sentabr o‘rtalarida - 13 foizgacha, avgust oyida - 12 foizgacha, iyulda - 8,5 foizgacha oshirdi.

Mavzuga oid