Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Paxta siyosatida burilish, kun tartibidagi jadidlar va deportatsiya voqealari - hafta dayjesti
Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.
Paxta yetishtirish: fermer-klaster munosabatlarida o‘zgarishlar
Paxta yetishtirishda fermerlar va klasterlar o‘rtasidagi munosabatlarga bozor mexanizmlari joriy etilayotgani haftaning eng muhim voqeasi bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 dekabr kuni bu borada yig‘ilish o‘tkazib, tegishli farmonni imzoladi.
Farmonga ko‘ra, 2024 yil hosilidan boshlab, fermerlar va klasterlar o‘rtasidagi fyuchers shartnomalari Tovar-xomashyo birjasi orqali tuziladigan bo‘ldi. Birjadagi savdolar har yili chigit ekilishidan oldin, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘yicha alohida o‘tkaziladi. Bunda fermer o‘zi yetishtiradigan paxta miqdorini birjaga joylashtiradi, balandroq narx taklif etgan viloyat ichidagi klaster esa u bilan shartnoma tuzadi. Savdodagi boshlang‘ich narx Nyu-York birjasidagi paxta tolasining oxirgi 12 oydagi o‘rtacha narxi asosida belgilanadi.
Shartnomadan ortiqcha yetishtirilgan paxta bo‘yicha ham fermerlarning erkinligi kengayadi. Ular ortiqcha hosilni kimga sotishni mustaqil hal qiladi, ya’ni xohlasa to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzgan holda hamkor klasterga, xohlasa birja orqali istalgan boshqa xaridorga sotadi. Shuningdek, fermerlar ortiqcha hosilni o‘zlari qayta ishlab, olingan paxta tolasi va ikkilamchi mahsulotlarni birja orqali sotishi mumkin.
Fermer xo‘jaliklari klasterlar bilan ishlashga majbur emasligi yana bir marta tasdiqlanyapti. Farmonga binoan, fermerlar paxtani o‘z mablag‘lari yoki tijorat kreditlari hisobidan yetishtirib, xomashyo va undan olinadigan mahsulotlarni birjada erkin sotish huquqiga ega. Birja savdolarida qanday qilib ishtirok etish bo‘yicha fermer xo‘jaliklariga o‘quv seminarlari o‘tiladi.
Fermerlarga qisman erkinlik berilgani bilan, boshqa tomondan ularning javobgarligi keskin kuchaytirilyapti. Fermer xo‘jaligi shartnomalarda ko‘rsatilgan majburiyatlari bo‘yicha o‘z mol-mulki bilan javob berishi belgilab qo‘yildi. Majburiyatlarni qoplash uchun fermer xo‘jaligining mol-mulki yetarli bo‘lmaganida, xo‘jalik boshlig‘i o‘zining shaxsiy mol-mulki bilan javobgar bo‘ladi. Fermerlarga tomchilatib sug‘orish uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha klasterlar bergan kafillik fermerlarning likvidli mol-mulki bilan almashtiriladi.
Bundan tashqari, Hisob palatasi, Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi, Bosh prokuratura va boshqa tuzilmalardan iborat alohida ishchi guruh tuzilib, fermerlarning klasterlar oldidagi qarzdorliklarini undirish bilan shug‘ullanishi belgilandi. Klasterlarning fermerlar oldidagi qarzlari bo‘yicha esa biror yangilik ko‘zda tutilmagan.
Koreyadagi universitet o‘zbekistonlik 22 talabani mamlakatdan chiqarib yubordi
Janubiy Koreyadagi universitetlardan biri o‘zbekistonlik 22 nafar talabani aldab, uyiga qaytarib yubordi. Bu voqea ikki mamlakatda shov-shuvlarga sabab bo‘lyapti. Ma’lum bo‘lishicha, Osan shahrida joylashgan Hanshin nomli xususiy universitet 27 noyabr kuni ertalab 23 nafar O‘zbekiston fuqarosini aldov yo‘li bilan avtobusga o‘tqizib, aeroportga olib borgan. Talabalar u yerdan o‘zlarining nomiga olib qo‘yilgan aviachiptalar bilan O‘zbekistonga majburan jo‘natib yuborilgan. Ulardan faqat bittasi sog‘lig‘i tufayli yordam so‘ragani uchun reysdan tushib qolgan.
Mahalliy nashrlarning yozishicha, avvaliga talabalarga “sizlarni immigratsiya idorasiga olib boramiz, u yerda ID-karta olasizlar” deyishgan. Lekin yo‘lda yollangan xususiy qo‘riqchilar avtobusga chiqib, talabalarning oldiga turib olgan va ulardan telefonlarini olib qo‘ygan. “Sizlarning hujjatlaringizda muammo bor, agar hozir immigratsiya idorasiga borsangiz, sizlarni qamoqqa olishadi, agar keyinchalik Koreyaga qaytish niyatingiz bo‘lsa, hoziroq uchib ketishingiz kerak”, deb tushuntirgan universitet xodimlari.
Bunday holatning kelib chiqishi bo‘yicha turli sabablar aytilyapti. Talabalarning bank hisobraqamidagi mablag‘i masalasida oliygohning aybi bilan muammo yuzaga kelgani haqida ma’lumotlar bor. Universitet esa ularni dars qoldirish, noqonuniy ishlash va boshqa qoidabuzarliklarda ayblayapti. Lekin shunisi aniqki, sentabr oyida til kursiga kelgan bu talabalarning 6 oylik amaldagi vizasi bo‘lgan, ta’lim muassasalari esa xorij fuqarolarini deportatsiya qilish huquqiga ega emas.
Hozirda mahalliy politsiya holat bo‘yicha tekshiruv olib boryapti. Oliygohga nisbatan noqonuniy hibsga olish, tahdid qilish va odam o‘g‘irlash ayblovlari qo‘yilishi mumkin. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti ham o‘rganish olib borayotganini ma’lum qilgan. Voqeani bir qator koreys nashrlari yoritib boryapti. Universitetning bir guruh talabalari o‘zbekistonlik tengdoshlarini qo‘llab-quvvatlab, o‘quv binosi oldida namoyish o‘tkazdi.
Rossiyadagi vatandoshlarga oid xabarlar
O‘zbekistonliklar eng ko‘p deportatsiya qilinadigan davlat bu – Rossiya. Shu hafta Sankt-Peterburgdagi ikkita o‘zbekistonlik oila noodatiy sabab bilan mamlakatdan chiqarib yuboriladigan bo‘ldi. Gap shundaki, 10 dekabr kuni Krasnoye Selo shaharchasida yashovchi o‘zbekistonlik ikkita oilaning uch nafar farzandi ko‘chada o‘ynab yurgan vaqtda “Mangu olov” ustiga qor tashlab, uni o‘chirib qo‘ygan.
Rossiya politsiyasi “Mangu olov”ga nisbatan qilingan xatti-harakatlarga muntazam ravishda jiddiy qarab keladi. Bu holat ham istisno bo‘lgani yo‘q. Ichki ishlar organi 10, 12 va 14 yoshli bu bolalarning oilalari kerakli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan yashayotganini aniqlab, ishni sudga oshirdi. Sud ularni va ularning ota-onalarini 5 ming rubldan jarimaga tortib, deportatsiya qilish bo‘yicha qaror chiqardi.
Ayni paytda, Rossiyada deportatsiya to‘g‘risidagi qoidalarga o‘zgartirish kiritilishi kutilyapti. Aftidan, rasmiylarda muhojirlar oqimi kamaygan hozirgi vaziyatda, tayyor ishchi kuchini chiqarib yuborish noo‘rin degan pozitsiya shakllangan. Shu hafta Davlat dumasining tegishli qo‘mitasi ma’qullagan qonun loyihasiga ko‘ra, muayyan yashash joyiga ega migrantlarni deportatsiya qilish o‘rniga, ularni jarimaga tortish va mamlakatda qolishiga ruxsat berish ko‘zda tutilyapti.
Shuningdek, Putinning topshirig‘i bilan, Dumada migrantlar bilan bog‘liq masalalar bilan shug‘ullanuvchi ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh migratsiya siyosatiga nisbatan Rossiyaning iqtisodiy rivojlanishi zaruratidan kelib chiqqan holda yondashishi aytilmoqda.
Jadidlar – kun tartibida
O‘zbekistonda sovet paytidagi qatag‘onlarga oid arxiv hujjatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi. SSSR paytidagi repressiyalar mavzusida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun grantlar e’lon qilinishi ham kutilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda jadidlar faoliyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.
Prezident oxirgi yillarda Oliy sud tomonidan 1030 dan ortiq mustabid tuzum qatag‘oniga uchragan vatandoshlar nomi oqlangani, bu tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi yangi qadam bo‘lganini ta’kidlab, endilikda har yili avgust oyini “Qatag‘on qurbonlarini yod etish oyi” sifatida o‘tkazish, mahalla idoralarida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi burchaklari” va “Mahalla xotira kitoblari”ni tashkil etish, har yili kamida 100 nafar qatag‘on qurboni va jadidlar faoliyatini aks ettiradigan to‘plam tayyorlashni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev ilmiy hamjamiyatga murojaat qilib, jadidlarning milliy davlatchilikka qo‘shgan hissasiga munosib tarixiy baho berish kerakligini aytdi. O‘zbekistonlik olimlar va chet ellik tadqiqotchilar ishtirokida o‘tgan sessiyalarda jadidlarning siyosiy faoliyati, xususan Markaziy Osiyoda demokratiyaga intilgan birinchi davlat – Turkiston muxtoriyatini har tomonlama o‘rganishga chaqiriqlar yangradi. Jadidchilik harakatiga bag‘ishlangan birinchi muzey Buxoroda tashkil etiladigan bo‘ldi.
Konferensiya, shuningdek, prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevaning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish haqidagi bayonoti bilan ham yodda qoldi. U o‘zgartirilishi kerak bo‘lgan harflardan biri – O‘ harfidagi teskari tirnoq belgisi sabab, hatto O‘zbekiston so‘zi ham ko‘p holatlarla xato yozilayotganiga urg‘u berib, vatan va millat nomini to‘g‘ri yozish haqida gap ketganda, hadeb bahslashavermay, tezroq qaror qabul qilishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, kompyuterlar hayotimizga kirib kela boshlagan paytlardan beri jamoatchilik va ilmiy hamjamiyatda alifboni to‘g‘rilash shartligi borasida umumiy konsensus bor. Hozirda O‘ va G‘ harflarining bosma shaklini yozma shaklga yaqinlashtirish va ng harf birikmasini alifbodan chiqarish bo‘yicha bir to‘xtamga kelingan. Shu bilan birga, Sh va Ch harflarini o‘zgartirish kerakmi-yo‘qmi, agar o‘zgartirish kerak bo‘lsa, Ch harfi qanday shaklda bo‘lishi kerak degan savollar ustidagi bahslar davom etyapti.
“Ko‘cha”ga qarshi reydlar. Toshkentda jami 38 ta jinoyat ishi tergov qilinmoqda
27 noyabrdan 12 dekabrgacha, ya’ni 15 kun ichida Toshkentda o‘tkazilgan jinoyatchilikka qarshi reydlar davomida jami 103 kishi qo‘lga olinib, ular ustidan 38 ta jinoyat ishi ochilgan. Qo‘lga olinganlardan 52 nafariga nisbatan sud ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev seshanba kungi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar tovlamachilik, firibgarlik, bezorilik, o‘qotar qurollar va giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanyapti. Ular huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oylar va yillar davomida kuzatuvga olingan bo‘lib, yetarlicha dalillar to‘planganidan keyin, 27 noyabrdan boshlab yoppasiga hibsga olingan. O‘tkazilgan reydlarning “Humo arena”dagi tartibsizlikka ham, qo‘shni davlatlardagi shunga o‘xshash reydlarga ham aloqasi yo‘qligi ma’lum qilindi.
Tergov organiga ko‘ra, “ko‘cha bollari” deb aytilayotgan jinoiy guruhlar qarzdor fuqarolarga tahdid qilish va do‘pposlash orqali ulardan pul undirib kelgan. “Ular davlatning funksiyasini o‘zlariga olishdi, desam noto‘g‘ri bo‘lmaydi”, – dedi Doniyor Toshxo‘jayev.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Kutilganidek, hafta davomida gaz va benzin haydovchilarning eng asosiy tashvishiga aylandi. Harorat –20 darajagacha tushgan kunlari Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand va vodiy viloyatlaridagi jami 1200 ga yaqin metan-shoxobchaning yarmi to‘liq yopildi, qolgan yarmi esa kuniga 6 soatgina ishladi xolos. Havo biroz iliganidan keyin cheklovlar yumshatilgan bo‘lsa-da, gaz va benzin uchun uzun navbatlar saqlanib qolyapti. Shu bilan birga, eng sovuq kunlarda “Hududgazta’minot” aholi xonadonlariga gaz yetkazib berishda yetishmovchilik bo‘lmayotgani haqida bayonotlar berib bordi.
Qorli kunlarda mahalliy qor qoplonlarimiz o‘zlarining borligini eslatib qo‘yishga qaror qildi. Qashqadaryodagi “Hisor” davlat qo‘riqxonasida o‘rnatilgan fotoqopqonlardan biri tarixda ilk marta qoplonlar to‘dasini tasvirga oldi. Videoda to‘rtta qoplon birgalikda izg‘ib yurganini ko‘rish mumkin. Qo‘riqxona hududlarida o‘tkazilgan kuzgi monitoring natijalariga ko‘ra, bu yerda 50-52 bosh noyob qor qoplonlari yashaydi. Ma’lumot uchun, 11 dekabrdan boshlab, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlarni o‘ldirganlik uchun jarimalar 10 baravarga oshirildi.
Afg‘onistonda “Tolibon” qurayotgan Qo‘shtepa kanalining qirg‘oqlari o‘pirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarda noyabr oyidan boshlab kanal yoqasidagi cho‘lda suv ombori paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin. “O‘zbekkosmos” o‘z o‘rganishlariga tayanib suv toshqini bo‘lmagani, kanal yaqinida sizot suvlarining ko‘tarilishi ro‘y berganini ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati toliblarga kanalni birgalikda qurish, ayniqsa uni betonlashtirish borasida taklif bildirib kelayotgan edi.
Eron Islom Respublikasi O‘zbekiston fuqarolari uchun viza rejimini bekor qildi. Vizasiz rejim birdaniga 33 ta davlat uchun joriy etilgan. “Biz dunyo bilan muloqot qilmoqchimiz, eronofobiya bilan kurashmoqchimiz”, deb bayonot berdi Tehrondagi rasmiylar. Hafta davomida, shuningdek, O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida Qatar ham o‘zbekistonliklar uchun vizasiz rejim joriy qilgandi.
Toshkent–Samarqand pulli avtomobil yo‘lining loyihasi tayyor bo‘ldi. Loyihaga ko‘ra, yo‘l avtomagistral talablari asosida qurilib, 6 ta polosadan iborat, 305 km uzunlikda bo‘ladi. Barcha tutashma va inshootlar ustidan yangi yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi rejalashtirilgan. Avstriya kompaniyasi ishlab chiqqan loyiha asosida yo‘lni Turkiya kompaniyasi qurishi kutilmoqda. Qurilish ishlarining boshlanish va yakunlanish muddatlari borasida hozircha ma’lumot yo‘q.
Yerosti boyliklarni qazib oluvchi kompaniyalarga navbatdagi imtiyoz berilmoqda. Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonunga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan 2025 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda metallar va uglevodorodlarni qazib olishni boshlaydigan soliq to‘lovchilar cheklanmagan muddatga maxsus renta solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. Bu qonunga faqat bitta deputat – Doniyor G‘aniyev qarshi chiqdi. Uning fikricha, bu – sohadagi raqobat muhitini buzadi, budjetga tushumlarni kamaytiradi. Shu kuni parlament quyi palatasi 2023 yilgi budjetga o‘zgartirishlarni ham sanoqli daqiqalar ichida tasdiqlab berdi.
Mavzuga oid
17:00 / 27.05.2025
Bozor – go‘sht narxi haqida: “Yem-xashak qimmat, mol boqish oson bo‘lmay qoldi”
14:55 / 27.05.2025
Paxta va g‘allachilikda yuqori ko‘rsatkichlarga ega sub’yektlar qo‘shimcha rag‘batlantiriladi
10:43 / 26.05.2025
“Koreyada olgan tajribani qishlog‘imda qo‘llamoqchiman” – bo‘sh yerlarni o‘zlashtirayotgan shahrixonlik yigit
09:39 / 25.05.2025