Jahon | 10:10 / 18.12.2023
10212
4 daqiqa o‘qiladi

Belgorod viloyatida Ukrainaning diversiya va razvedka guruhi bilan jang bo‘lib o‘tdi

Vyacheslav Gladkovning aytishicha, Ukraina bilan chegaradagi Terebreno qishlog‘ida ukrainalik harbiylar bilan otishma sodir bo‘lgan. Baza xabar berishicha, Belgorod qishlog‘iga Ukraina diversiya guruhi kirib kelgan.

Foto: Yandeks.Karty

Belgorod viloyatida, Ukraina bilan chegaraga yaqin joyda ukrainalik harbiylar bilan jang bo‘ldi, dedi viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov. «Krasnoyarujskiy tumanidagi Terebreno qishlog‘i Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qishloq chegarasida dushman bilan otishma davom etmoqda. Barcha tegishli bo‘limlar vaziyatni nazorat qilmoqda», - deyiladi u 17 dekabr, yakshanba kuni Telegram’da yozgan xabarda.

Gladkov so‘zlariga ko‘ra, Belgorod viloyatining bir qancha qishloqlarida o‘qqa tutish natijasida elektr uzatish liniyalari shikastlangan. «Favqulodda va tezkor xizmatlar Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi bilan kelishilganidan keyin oqibatlarini bartaraf etishga kirishadi», deyiladi bayonotda. 

Keyinroq Gladkov dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tinch aholi orasida qurbonlar yo‘qligini ma’lum qildi. Bir xususiy turar joy binosi va inshoot shikastlangan. 

Rossiyadagi qator OAV hujumda 20 ga yaqin kishi ishtirok etgani haqida xabar berdi. 

Baza: Ukraina diversiya va razvedka guruhi bilan otishma kuzatildi

O‘z navbatida, Baza Telegram-kanali Belgorod viloyati hududida rossiyalik harbiylar Ukraina diversiya guruhi bilan otishma olib borganini yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Krasnoyarujskiy tumani Terebreno qishlog‘i chegarasida o‘q ovozlari eshitilgan, jang soat taxminan 11 larda boshlangan. 200 ga yaqin aholi istiqomat qiladigan qishloq aholisi evakuatsiya qilinmagan, ular boshpanalarda yashiringan. 

«GUR»: Hujumchilar rus qo‘shinlarining vzvod tayanch punktini yo‘q qildi

Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi («GUR»)ning Telegram-kanalida shunday deyiladi: «Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi Belgorod viloyati, Terebreno qishlog‘i yaqinida harbiy to‘qnashuvlar sodir bo‘lganligini tasdiqlaydi. Kreml rejimiga qarshi bo‘lganlar Belgorod viloyatida uyushtirgan hujum natijasida rus qo‘shinlarining vzvod tayanch punkti yo‘q qilindi. Rossiya armiyasi bo‘linmalari pozitsiyalariga kutilmagan hujum mahalliy garnizon shaxsiy tarkibi orasida vahima uyg‘otdi. Shu tariqa, rus qo‘shinlari mahalliy komandirlari buyrug‘i bilan atrofdagi qishloqlarga pala-partish o‘t ochildi».

«Rossiya ozodligi» legioni reyd uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi

Ukraina tomonida jang qilayotgan «Rossiya ozodligi» legioni Rossiya chegarasidagi reyd uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Legion Telegram-kanalida aytilishicha, tuzilmaning «hujum otryadlari» Terebreno yaqinidagi rus armiyasi bo‘linmasining vzvod tayanch punktini yo‘q qilgan, «topshirilgan vazifalarni bajargan», shuningdek, Rossiya muhandislik qo‘shinlari uchun «qiziqarli jumboq qoldirgan». «Oldinga boring, minalar xaritalarini yangilang», deya qo‘shimcha qildi uning vakillari. 

Keng miqyosli urush boshidan beri Ukraina diversiya guruhlari Belgorod viloyati va Rossiyaning boshqa viloyatlari hududiga bir necha bor kirib keldi va u yerda harbiy amaliyotlar o‘tkazdi. Ular uchun javobgarlikni Ukraina tomonida jang qilayotgan Rossiya ko‘ngillilar korpusi va «Rossiya ozodligi» legioni o‘z zimmasiga oldi. 2023 yil iyun oyida, ayrim OAV xabarlariga ko‘ra, ular Belgorod viloyatining Grayvoronskiy tumanidagi bir qator qishloqlarni vaqtincha nazorat ostiga olishgan. Terebrenodagi janglar haqida hali hech narsa xabar qilinmadi.

Mavzuga oid