Jahon | 08:14 / 18.12.2023
4399
4 daqiqa o‘qiladi

Bryusselda Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi ommaviy aksiya o‘tkazildi

Belgiya poytaxtida 27 mingga yaqin kishi G‘azo sektorida o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Ko‘pchilik Falastin fuqarolarining dramatik hayot sharoitlariga e’tibor qaratdi va ularni himoya qilishni so‘radi.

Foto: HATIM KAGHAT/AFP/Getty Images

17 dekabr, yakshanba kuni 27 mingga yaqin kishi Bryussel ko‘chalariga chiqib, G‘azo sektorida o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi, deb xabar bermoqda RTBF Belgiya telekanali.

Xabarda aytilishicha, aksiya tashkilotchilari qator jamoat tashkilotlari, jumladan, Human Righs League, Amnesty International Belgium, Union of Jewish Progressives of Belgium va boshqalar bo‘lgan. Kanal veb-saytida International Federation of Human Righs vakili Aleksis Desvayefning G‘azo sektoridagi keskin vaziyatga ishora qilgan bayonoti keltirilgan: «Suv va oziq-ovqatning barcha manbalari uzilib qolgan, ocharchilik xavfi bor. Kasalxonalar esa o‘zboshimchalik bilan bombardimon qilinmoqda». 

O‘z navbatida, Belgiya-Falastin uyushmasi vakili Gregori Mauz telekanalga bergan intervyusida «mojaroning tarkibiy sabablarini bartaraf etish va falastinliklarga tenglik va adolatni taqdim etish, shuningdek, ularni himoya qilishni ta’minlashga chaqirdi». «Chunki bu mojaroning harbiy yechimi yo‘q va mojaroga yechim topilmasa, biz doimiy ravishda yangi zo‘ravonlik davrlariga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak», - deya ta’kidladi faol. 

Reportajda berilgan fotosuratda namoyishchilardan birining qo‘lida «Neytral qolish = sheriklik» yozuvi bo‘lgan plakat ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, aksiya jiddiy qonunbuzarliklarsiz o‘tgan. Faqat Zara do‘konining oynasi stikerlar bilan qoplangan va qalbaki qon bilan bo‘yalgan. Namoyishchilarning noroziligi brendning reklama kampaniyasi bilan bog‘liq, unda modellar oq plyonkaga o‘ralgan manekenlar bilan suratga olingan. Ko‘pchilik buni Isroilning HAMAS tashkiloti bilan urushiga bema’ni ishora sifatida baholadi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 18 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

1 dekabrgacha davom etgan vaqtinchalik otashkesim doirasida 100 dan ortiq garovga olingan shaxs qo‘yib yuborildi, Isroil 240 ga yaqin falastinlikni qamoqdan ozod qildi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, 7 oktyabr kuni asirga olingan yana 138 kishi HAMAS qo‘lida qolmoqda.

Mavzuga oid