O‘zbekiston | 18:13 / 18.12.2023
40252
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari qo‘lga olindi

So‘nggi uch yilda Namangan viloyati hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan Saidahmad Sultonov, Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, yerlarni noqonuniy sotish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida gumonlanmoqda.

Saidahmad Sultonov / Foto: Namangan viloyati hokimligi

Namangan viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Saidahmad Sultonov yerlarni noqonuniy sotish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida ushlangan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Saidahmad Sultonov 2020 yil oktyabr oyidan buyon bu lavozimda ishlab kelayotgandi. Bungacha u Namangan viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.

Saidahmad Sultonov 1976 yili Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1998 yili Namangan muhandislik-iqtisodiyot institutini tamomlagan. Mutaxassisligi – muhandis-texnolog.

Mehnat faoliyatini 1998 yilda Namangan tumani davlat kadastri bo‘limi yetakchi mutaxassisi vazifasidan boshlagan. 2001–2012 yillar davomida viloyat va Namangan shahar kadastr korxonalarida turli lavozimlarda ishlagan. 2012–2018 yillarda Namangan shahar hokimining o‘rinbosari bo‘lgan.

Bugun, 18 dekabr kuni Sultonovning o‘rniga Namangan shahri hokimi G‘ofur Jamolov Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari etib tayinlangani ma’lum qilindi.

  • Oldinroq sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov iqtisodiy jinoyatlar bilan bog‘liq ishda, Bekobod tumani hokimi Shuhrat Mirzayev esa budjet mablag‘larini o‘zlashtirganda gumonlanib, qo‘lga olingani xabar qilingandi.
  • Kun.uz manbasining ta’kidlashicha, oxirgi bir oyda korrupsiyaga qarshi kurash tadbirlari doirasida o‘nga yaqin mansabdor hibsga olingan.

Mavzuga oid