O‘zbekiston | 22:25 / 18.12.2023
6762
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 500 kW kuchlanishli, raqamli nimstansiya quriladi

Uning ishga tushirilishi natijasida Toshkent shahri iste’molchilarining elektr ta’minoti sifati oshirilishi ta’kidlanmoqda. 

Foto: Energetika vazirligi

Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida 500 kW kuchlanishli, raqamli «Halqa» nimstansiyasi quriladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida elektr energiyasi ta’minoti barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori ijrosi yuzasidan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan, Jahon banki kredit mablag‘lari hisobiga 500 kW kuchlanishli «Halqa» nimstansiyasi va 220, 500 kW kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. 

«Halqa» podstansiyasi 1602 MWA o‘tkazuvchanlik quvvatiga ega bo‘lib, uning ishga tushirilishi natijasida Toshkent shahri iste’molchilarining elektr ta’minoti sifati oshiriladi. Shuningdek, Toshkent viloyatidagi «Keles» nimstansiyasiga tushadigan yuklamani kamaytirishga erishiladi. 

Nimstansiya qurilish ishlarini «tayyor holda topshirish» sharti asosida amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tender savdolari natijalariga ko‘ra «O‘zelektroapparat-Elektroshit» AJ g‘olib deb topilgan va shartnoma imzolangan. 

Loyiha qurilish-montaj ishlarini 2024 yil yakuniga qadar yakunlash ko‘zda tutilgan. 

Shuningdek, «Halqa» nimstansiyasini «Sirdaryo» IES va energetika tizimining boshqa nimstansiyalari bilan bog‘lash uchun Toshkent viloyati (Quyi Chirchiq, Zangiota, Yangiyo‘l, Oqqo‘rg‘on va Piskent tumanlari) hamda Sirdaryo viloyati (Sirdaryo tumani) hududida 213 km uzunlikdagi 220 kW kuchlanishli, 72 km uzunlikdagi 500 kW kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid