Jahon | 08:14 / 19.12.2023
4149
3 daqiqa o‘qiladi

Belgradda saylovlardagi soxtalashtirishga qarshi namoyish o‘tkazildi 

Muxolifat yetakchilari Miroslav Aleksich va Marinika Tepich Belgradda saylov natijalari bekor qilinmaguncha muddatsiz ochlik e’lon qilishini aytdi. Xalqaro kuzatuvchilar saylov uchastkalarida «qonunbuzarliklar» kuzatilganini ma’lum qildi.

Foto: Darko Vojinovic/AP Photo/picture alliance

18 dekabr, dushanba kuni Serbiya muxolifatining bir necha ming tarafdori Belgradda bir kun avval bo‘lib o‘tgan parlament va mahalliy saylovlarda ovozlar ehtimoliy soxtalashtirilganiga qarshi norozilik namoyishida ishtirok etdi. Miting ishtirokchilari «O‘g‘rilar, o‘g‘rilar!» va «Ovozlarimiz o‘g‘irlanishiga yo‘l qo‘ymaymiz!» deya hayqirdilar, deb xabar beradi dpa agentligi. Saylov komissiyasi binosi oldida so‘zga chiqqan Serbiya o‘ng-markazchi Xalq partiyasi rahbari Miroslav Aleksich va sotsial-demokratik Ozodlik va adolat partiyasi vitse-prezidenti Marinika Tepich Belgradda saylov natijalari bekor qilinmaguncha muddatsiz ochlik e’lon qilishini bildirdi.

Prezident Aleksandar Vuchichning hukmron o‘ng qanot populist Serbiya progressiv partiyasi (SNS) yakshanba kungi saylovlarda parlamentdagi 250 o‘rindan 127 tasini qo‘lga kiritgani prognoz qilinmoqda, bu unga mutlaq ko‘pchilik o‘rinni taqdim etadi. Biroq, Belgraddagi mahalliy saylovlarda SNS qiyinchilik bilan g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, shahar assambleyasida navbatdagi merni saylash uchun yetarli tarafdorlarga ega bo‘lmasligi mumkin.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), YeI parlamenti va Yevropa kengashi vakillaridan iborat xalqaro kuzatuvchilar missiyasi 18 dekabr kuni saylov uchastkalarida bir qator «qoidabuzarliklar», jumladan zo‘ravonlik, ovozlarni sotib olish va soxta byulletenlarni solish holatlari haqida xabar berdi, deyiladi AFP agentligi ma’lumotida. 

Shu bilan birga, muxolifatga ko‘ra, hukmron partiyaning Belgradda istiqomat qilmaydigan o‘n minglab saylovchilari shahar assambleyasiga saylovlarda noqonuniy ovoz bergani aytiladi. Ommaviy axborot vositalari Bosniya va Hersegovinaning Serb Respublikasidan Belgrad arenasiga odamlarni olib kelgan avtobuslar haqida xabar berdi, ular u yerda ovoz bergan. Vuchich va SNS bu ayblovlarni rad etdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid