Jahon | 12:41 / 21.12.2023
13110
12 daqiqa o‘qiladi

Mis o‘ramidagi xazina, qayerdaligi noma’lum qabr va sun’iy g‘orlar – biz javob topa olmaydigan 8 ta tarixiy sir

Insoniyat doimo yangi narsalarni kashf etishga urinib kelgan. Shundan bo‘lsa kerak, bizga ma’lum bo‘lmagan bo‘shliqlar qolmaganga o‘xshaydi. Hamma narsa ma’lum - ota-bobolarimiz yuz minglab yillar oldin nima iste’mol qilganidan tortib, Mars atmosferasidagi organik moddalar miqdorigacha. Ammo javoblari hali topilmagan va ehtimol, noma’lumligicha bo‘lib qoladigan sirlar mavjud.

Qadimgi misrliklar qanday ko‘rinishga ega edilar?

Misrliklar haqida deyarli hamma narsa o‘rganilgan - ularning tili, madaniyati, qurilish usullari, ijtimoiy va siyosiy tuzilishi. Ammo biz ularning qanday ko‘rinishga ega ekanligini hali ham bilmaymiz. Filmlardan ularning qora tanli, arablarga biroz o‘xshashligini tushunishimiz mumkin, ammo misrliklar Misrni forslar tomonidan bosib olingandan keyin shunday ko‘rinishga ega bo‘lishgan va bu piramidalar qurilganidan ming yillar o‘tgach sodir bo‘lgan.

XIX asrda Misr yevropaliklarni qiziqtira boshlaganida, jamiyat nihoyatda irqchi edi. Shuning uchun ular ba’zilari “oq tanli bo‘lmaganlar” bunday ulug‘vor inshootlarni qurishlari mumkinligini tan olishmagan va bu qadimgi yunon xudolariga o‘xshagan odamning ishi ekanligi taxmin qilingan. Keyinchalik, misrliklarning qora tanli ekanligi haqidagi nazariya paydo bo‘ldi, chunki mamlakat Afrikada joylashgan.

Fir’avnlar qabrlaridagi chizmalar ham bunga aniq javob bo‘la olmagan, chunki u yerda erkaklarning terisi qizil, ayollarniki esa yorqin sariq shaklda tasvirlangan rasmlar bor edi. O‘rganishlarga ko‘ra, bularning barchasi terining haqiqiy jilosi yoki turli jinslarni farqli tasvirlashning oddiy usuli bo‘lishi mumkin. Qadimgi yunon manbalarida misrliklar qora tanli va jingalak sochli sifatida tasvirlangan, ammo bu erda “qora teri” so‘zi nimani anglatishi ham noaniq. Balki ular yunonlardan bir oz o‘tkirroq rangda bo‘lgan odamlardir yoki negroid irqining vakillari bo‘lgandir. Bunisi esa, hozircha fanga noma’lum.

Markaziy Amerikada toshdan yasalgan ulkan boshlar qanday paydo bo‘lgan?

Markaziy Amerikada, atsteklar va mayyalardan ancha oldin, toshlardan bahaybat boshlarni o‘yib yasagan olmeklar yashagan. Ularda buning uchun ko‘p vaqt bor edi, chunki atrofda hech qanday dushman qabilalar, biror tahdid yoki mashg‘ulotlar bo‘lmagan. Bir qarashda bu jarayonda g‘ayrioddiy narsa yo‘qdek tuyuladi, chunki Pasxa orolida va unga yaqin hududlarda ulkan toshdan yasalgan boshlar o‘yib ishlangan.

Ammo farqi shundaki, olmeklar ushbu boshlarni vulqon toshlaridan yasashgan. U esa yodgorlik o‘rnatilgan joydan taxminan 200 kilometr uzoqlikdan otilib chiqqan. Har bir boshning og‘irligi taxminan 20 tonnani tashkil etadi va ularda toshlarni tashish uchun g‘ildiraklar bo‘lmagan. Siz misrliklar og‘ir yuklarni g‘ildiraksiz ham sudrab yurishni yaxshi bilishgan, deb ham aytishingiz mumkin. Birinchidan, ular bu yo‘l bilan yukni kichik masofaga ko‘chirishlari mumkin edi, lekin toshlarning aksariyat qismini Nil bo‘ylab uzoq masofadan olib o‘tishgan. Ikkinchidan, olmeklar o‘rmon va chakalakzorlardan orqali ulkan toshlarni sudrab o‘tishlari kerak edi, misrliklar esa bu hajmdagi yukni qup-quruq cho‘lda yurgandek qo‘lda ko‘tarib ketishgan.

Hozirgacha olimlar olmeklar ulkan toshlarni qanday qilib va nima uchun bunday uzoq masofaga sudrab o‘tgani va buning uchun qancha vaqt sarflashganini aniq bilishmaydi.

Xitoydagi sun’iy g‘orlar tarmog‘ini kim va nima uchun qurgan?

1992 yilda Xitoyning Longyu qishlog‘i aholisi nasos yordamida hovuzdan suv chiqarishga qaror qilishadi. Suvning bir qismini pompalagach, ular bu hovuz emas, balki qadimiy sun’iy g‘orning suv bosgan kirish joyi ekanligini tushunishadi. Bu Xitoy rasmiylarini qiziqtirib qo‘yadi va tadqiqot ishlari olib boriladi. Ma’lum bo‘lishicha, bu Xan sulolasi davriga oid 36 ta g‘ordan (va mohiyatan xonalardan) biri bo‘lgan. Ularning yoshi taxminan ikki ming yilga teng.

Bu g‘orlarni kim va nima uchun qurganini hech kim bilmasligi ham g‘alati. Bu savollarning javobi Xitoy uchun ham qiziq. Sababi ma’rifatli yevropaliklarning eng qadimgi davrlardan beri har qanday harakati hujjatlashtirilgan. Hatto Buyuk Xitoy devori va boshqa mashhur obektlarni kim va nima uchun qurganini aniq hujjatlardan bilish mumkin.

Ammo g‘orlar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Ular tektonik siljishlar va suv natijasida yaratilgan tabiiy g‘orlar emas, chunki binolarda chizmalar, narvonlar, tayanch ustunlar va odamlar tomonidan yaratilgan tasvir izlari topilgan. Taxminlarga ko‘ra, bu badavlat oila uchun boshpana yoki dafn xonasi bo‘lishi mumkin.

Tarixdagi eng muhim tillardan birini qanday o‘qish kerak?

Aytish mumkinki, biz qadimgi Yunon, Rim va Xitoy tillarini qanday o‘qishni allaqachon bilamiz. Ammo etrusklar haqida bunday deya olmaymiz. Ular Toskanada rimliklardan oldin yashagan xalq. Rimliklar emas, balki aynan etrusklar suv quvurlari, kanalizatsiya, ko‘priklar, metallurgiya, yo‘llar va shaharsozlikni ixtiro qilganlar. Rimliklar hamma narsa tayyor bo‘lganda shunchaki o‘z qo‘llariga olishdi va ixtironi yaxshilashdi.

Tarixchilar haqiqatan ham etrusk madaniyatini yaxshiroq bilishni xohlashadi, ammo bunga ularning tili to‘sqinlik qilmoqda, bu hali ham olimlar uchun sir bo‘lib qolmoqda. Ayni paytda tadqiqotchilar etrusk va punik tillaridan bir nechta so‘zlarni o‘z ichiga olgan Pirgi planshetlari yordamida ushbu tilni oz bo‘lsada o‘rganishga muvaffaq bo‘lishdi. Mutaxassislarga boshqa qadimgi tillar orqali ham omad kulib boqishi mumkin. Sababi ba’zi hollarda o‘sha davrlarning hukmdorlari va tarixchilari o‘zlarining qonunlarini yoki ilmiy asarlarini boshqa tillarga tarjima qilishgan (masalan, Rosetta toshida bo‘lgani kabi, qadimgi misrliklar tilini ochishga yordam bergan), ammo hozircha  etrusk tilida bunday manba mavjud emas. Rimliklar, yunonlar va boshqalar ham bunday manbalarni yaratmagan. Etrusk tilida olimlar o‘qishga ishtiyoqmand bo‘lgan ko‘plab yozuvlar mavjud, ammo hozircha ularni ochish istiqbollari noaniq.

Dengiz xalqlari kimlar edi?

Miloddan avvalgi XIII asrda O‘rta yer dengizi sohilidagi bir nechta shaharlarga dengizdan kelgan juda ko‘p noma’lum odamlar hujum qilishdi. Sohilga tushib, atrofdagi hamma narsani yo‘q qila boshladilar, shaharlarni yoqib yubordilar. Zamonaviy Turkiya hududida joylashgan Anadolu mintaqasi birinchi bo‘lib hujumga uchradi. Kelganlar shunchaki bir nechta shaharlarni yoqib yuborishdi, keyin kemalarga o‘tirib, yana yo‘lga chiqishdi. Masalan, “dengiz xalqlari” zamonaviy Suriya hududida joylashgan Qadimgi dunyoning yirik savdo markazi bo‘lgan Kadashni yoqib yuborishdi. Ular tom ma’noda butun O‘rta yer dengizi qirg‘oqlarini vayron qilishdi va faqat Misrda mag‘lub bo‘lishdi (va shunga qaramay misrliklar bosqinchilarni quvib chiqarish uchun ko‘p mehnat qilishlariga to‘g‘ri keldi).

“Dengiz xalqlari” kim bo‘lganligi hali ham noma’lum. Olimlarning fikriga ko‘ra, bu bronza qulashi tufayli ko‘chib ketishni boshlagan O‘rta yer dengizi xalqlari guruhidir. Ehtimol, ular Bolqon va Kichik Osiyo mintaqasidan kelgan bo‘lishi ham mumkin. Misrdagi mag‘lubiyatdan keyin bir necha guruhlarga bo‘lingan “dengiz xalqlari” O‘rta yer dengizi sohillariga joylashib qolishgan.

Kleopatraning qabri qayerda joylashgan?

Misr malikasi Kleopatra, qadimgi manbalarga ko‘ra, miloddan avvalgi 30 yilda Mark Antoniy bilan umumiy qabrga dafn etilgan. Plutarx qabr Isis ibodatxonasi yonida joylashganligini va eng go‘zal san’at asarlaridan biri ekanligini yozgan. Olimlar uzoq vaqt davomida bu qabrni topishga harakat qilishdi (hali ham harakat qilmoqdalar), ammo hech qanday natija bo‘lmadi. 2010 yilda Iskandariya yaqinida olib borilgan qazishmalarda Kleopatra hukmronligi davriga oid bir qancha qabrlar topilgan, biroq Misr malikasi va Rim konsuli dafn etilgan joy topilmagan.

Arxeologlarning ta’kidlashicha, Kleopatraning qabri talon-toroj qilingan va uni endi aniqlashning imkoni yo‘q. Bu nuqtai nazar juda to‘g‘ri, chunki Plutarx qabr oltin, kumush, zumrad, marvarid va fil suyagi bilan bezatilgan, bu talonchilar uchun katta boylik edi, deb yozgan.

Mis o‘ramidagi xazina qayerda?

Mis o‘rami Qumran o‘ramlari bilan birga, yahudiy cho‘lidagi Qumran g‘orlarida O‘lik dengiz o‘ramlari sifatida tanilgan. Pergamentga yozilgan boshqa o‘ramlardan farqli o‘laroq, bu mis va qalay qotishmasida yozilgani uchun yaxshi saqlanib qolgan. Varaqda xazinalar yashiringan joylar ro‘yxati mavjud bo‘lgan. Bundan tashqari, ularning soni shunchalik ko‘pki, olimlar buni fantastika deb bilishadi.

Qo‘lyozma yahudiy mazhablaridan biri bo‘lgan Essenlar tomonidan miloddan avvalgi 50-100-yillarda – Rim hukmronligiga qarshi bir necha bor isyon ko‘tarishga urinishlar bo‘lgan bir paytda yaratilgan. Olimlarning fikriga ko‘ra, xazina rimliklarga tushmasligi uchun yashirilgan. U haqiqiymi yoki yo‘q va qayerda joylashgani abadiy sir bo‘lib qolishi mumkin.

Bobilning osma bog‘lari mavjudmi?

Qadimgi yunon va rim mualliflari o‘z asarlarida dunyo mo‘jizalaridan biri - Bobilda joylashgan Bobil osma bog‘larini eslatib o‘tadilar. Misol uchun, taxminan miloddan avvalgi 250-yillarda vizantiyalik yozuvchi Filon bu bog‘larda o‘simliklar yerga qarab o‘stirilganligini va daraxtlarning ildizlari yerga emas, balki yuqori terassaga joylashtirilganini yozgan edi. Arxeologlar hanuzgacha osilgan bog‘lar haqiqatini isbotlay olishmayapti.

Bugungi kunga qadar Bobilning osma bog‘lari dunyoning yetti mo‘jizasidan biri bo‘lib, uning joylashgan o‘rni hech qayerdan topilmagan. Bundan tashqari, ular haqiqatda mavjudmi yoki yo‘qmi, noma’lum. Bobil joylashgan hudud tez-tez talon-toroj qilinganligini hisobga olsak, olimlar bu topishmoqqa javob topa olishmaydi.

Maxsuma Oqqo‘ziyeva tayyorladi. 

Mavzuga oid