Jahon | 11:56 / 21.12.2023
3689
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva sudi Google’ni 4,6 mlrd rubl miqdorida jarimaga tortdi

Amerika internet-konserni Ukrainadagi urush haqidagi materiallarni olib tashlamaganlikda aybdor deb topildi. Bu Google kompaniyasiga Rossiyada materiallarni olib tashlamagani uchun solingan uchinchi jarima.

Foto: Global Look Press/Frank Hoermann/SVEN SIMON

Moskvaning Taganka sudi Google kompaniyasiga Rossiyada taqiqlangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan materiallarni YouTube’dan olib tashlamagani uchun 4,6 milliard rubl miqdorida jarima soldi, deb xabar qildi 20 dekabr, chorshanba kuni Moskva sudlari matbuot xizmati. 

Ish materiallaridan ma’lum bo‘lishicha, gap Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, «ekstremistik kontent» haqidagi ma’lumotlarni olib tashlamaslik haqida ketmoqda. Google LLC Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik kodeksi 13.41-moddasining 5-qismiga binoan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Sud majlisida yurist protokolni tuzgan mansabdor shaxslar vakolatlari to‘g‘risida ma’lumot taqdim etishni, shuningdek skrinshotlar olishda qatnashgan Roskomnadzor xodimlarini so‘roqqa chaqirishni so‘radi, chunki skrinshotlarda sana va vaqtdagi nomuvofiqliklar mavjud, ammo sudya unga rad javobini berdi.

Uchinchi jarima

Bu Amerika internet-konserniga Rossiyada taqiqlangan materiallarni olib tashlamagani uchun solingan uchinchi jarimadir. 2021 yilning dekabrida Google 7,2 milliard rubl, 2022 yil iyulida esa 21,07 milliard rubl jarimaga tortilgandi.

16 iyun kuni Google’ning Rossiyadagi shu’ba korxonasi - «Gugl» MChJ Moskva arbitraj sudiga bankrotlik to‘g‘risida ariza berdi. 

 

Mavzuga oid