Sport | 23:25 / 21.12.2023
28206
4 daqiqa o‘qiladi

Sud FIFA va UYeFAning Superligani o‘tkazishga qo‘ygan taqiqini bekor qildi

2021 yilda Yevropaning 12 ta eng kuchli va boy klubi Superliga tashkil etish niyatida ekanligini e’lon qildi. Bu ko‘plab mojarolarga, jumladan FIFA va UYeFA tomonidan qo‘yilgan taqiqqa olib kelgan edi. 

Foto: Getty Images

21 dekabr kuni Yevropa sudi FIFA va UYeFA tomonidan Superligani o‘tkazishga qo‘yilgan taqiqni noqonuniy deb topdi. Har ikkala tashkilot 2021 yilda Yevropaning bir qancha yetakchi futbol klublariga yangi turnir tashkil etishni taqiqlagan edi. 

Sud o‘z qarorida FIFA va UYeFA tomonidan qo‘yilgan taqiq Yevropa Ittifoqining monopoliyaga qarshi qonunchiligiga zid degan xulosaga keldi. Chunki bu ikki futbol tashkiloti Yevropada klublar o‘rtasidagi musobaqalarini o‘tkazish uchun eksklyuziv huquqqa ega emas. 

Biroq, sud qarorida Superliga tashkil etilishi ma’qullanishi kerakligi aytilmagan. Lekin FIFA va UYeFA tashkilotlariga ko‘proq ochiqlik va o‘zgarishlarga tayyor bo‘lish tavsiya etilgan. 

2021 yil aprel oyida Yevropaning 12 ta eng kuchli va boy klublari (oltita ingliz, uchta ispan va uchta italyan klublari) yangi muntazam turnir – Yevropa Superligasini tashkil etish niyatida ekanligini e’lon qilishdi. 

Dastlab uning tarkibiga Angliyaning «Arsenal», «Liverpul», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted», «Tottenhem», «Chelsi», Ispaniyaning «Atletiko», «Barselona», «Real Madrid», shuningdek, Italiyaning «Inter», «Milan» va «Yuventus» klublari kirdi. Hatto tegishli yuridik shaxs Ispaniyada ro‘yxatdan o‘tdi. 

Biroq, FIFA va UYeFA yangi tashkilotni tan olishdan bosh tortdi va Superligada ishtirok etishga rozi bo‘lgan klublar va futbolchilar barcha turnirlardan chetlatilishi haqida ogohlantirdi. Bu tahdidlar ham Yevropa sudi tomonidan noqonuniy deb topildi. 

Janjal fonida loyiha e’lon qilinganidan bir hafta o‘tib, o‘n ikki klubdan to‘qqiztasi unda ishtirok etishdan voz kechdi. Ammo Ispaniyaning «Real» va «Barselona», shuningdek, Italiyaning «Yuventus» klubi hamon yangi turnirga qiziqish bildirmoqda. 

Yevropa sudi qaroridan so‘ng, bu klublar rahbariyati sobiq ittifoqdoshlarini loyihaga qaytarishga harakat qilishi mumkin. Biroq, yangi chempionat muxlislar tomonidan qabul qilinadimi yoki yo‘qmi degan savol havoda muallaq turibdi. 2021 yilda ko‘pchilik muxlislar bu g‘oyaga qarshi chiqqan edi. Ular Superligadan birinchi navbatda yevrokuboklar, jumladan Chempionlar Ligasi aziyat chekishidan xavotir olmoqda. 

Bir qator Yevropa davlatlari hukumatlari, milliy futbol federatsiyalari va ko‘plab murabbiylar ham Superligaga qarshi chiqmoqda. 

Tanqidchilar uning tashkil etilishi futboldagi raqobatni yo‘qolishiga olib keladi, deb hisoblashadi. 

Biroq, Yevropa sudining qarori yakuniy hisoblanadi va uning ustidan shikoyat qilish imkoniyati yo‘q. Demak, Yevropa futbolidagi vaziyat yaqin vaqt ichida buzilishi mumkin.

Mavzuga oid