Jahon | 16:01 / 23.12.2023
6015
3 daqiqa o‘qiladi

Polshaning yangi tashqi ishlar vaziri Sikorskiy Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi

«Bu shiddatli kurashda Polsha siz tomonda», dedi Polshaning yangi tashqi ishlar vaziri ukrainalik hamkasbiga. Sikorskiy Ukraina Polshaning yangi bosh vaziri Tusk timsolida do‘st topishiga ishontirdi.

Foto: Reuters

Polshaning yangi tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy Ukrainaga qilgan birinchi xorijiy safari chog‘ida Kiyevni Rossiyaga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi. «Ushbu titanik kurashda, janob vazir, Polsha siz tomonda», dedi u 22 dekabr, juma kuni ukrainalik hamkasbi Dmitriy Kuleba bilan uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Sikorskiy «mamlakat qo‘shnisiga hujum uyushtirib, shaharlarni bombardimon qilishi, butun mintaqalarni vayronaga aylantirishi va bolalarni deportatsiya qilishi»ni «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat» deb atadi. «Menimcha, bu Yevropadagi so‘nggi mustamlakachilik urushi va u shunday yakunlanishi kerak: Rossiya yutqazishi, Ukraina esa g‘alaba qozonishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi Polsha tashqi ishlar vazirligi rahbari. 

Radoslav Sikorskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Polsha yangi bosh vaziri Donald Tusk timsolida do‘st topadi, vazirning so‘zlariga ko‘ra, u Kiyev va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida YeIga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga «turtki bergan», deb yozadi Rzeczpospolita gazetasi.

Ukraina Diplomatik xizmati xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqan Sikorskiy tarixdagi shaxs mavzusiga to‘xtalib, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Buyuk Britaniyaning Ikkinchi jahon urushi paytidagi bosh vaziri Uinston Cherchill bilan solishtirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Zelenskiy urush boshida Kiyevni tark etganida, Ukraina mag‘lubiyatga uchragan bo‘lardi, deya vazir so‘zlaridan iqtibos keltirilgan Polsha TIV tvitida.

O‘z navbatida, Dmitriy Kuleba Sikorskiy bilan suhbatda Polsha transport kompaniyalari tomonidan chegarani «qabul qilib bo‘lmaydigan» blokadasi tugatilishiga umid bildirdi. «Biz yechim topishimiz kerak, - dedi u, - birinchi navbatda, chegarani ochishimiz kerak». Kuleba chegara blokadasi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga raxna solayotgan vaziyatni «qabul qilib bo‘lmaydigan va zararli» deb atadi. 

Mavzuga oid