O‘zbekiston | 13:00 / 25.12.2023
7042
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda sayyohlar o‘rtacha necha kuni qolmoqda?

Hozirda viloyatda 600 ta mehmonxona mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Foto: Kun.uz

2023 yilning o‘tgan davrida Samarqand viloyatiga 4,5 mln nafar mahalliy va 2 mln 150 ming nafar xorijiy sayyoh kelgan. Natijada turistik xizmatlar eksporti 405,9 million dollarni tashkil etgan. Bu haqda viloyat turizm boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2023 yilda xorijlik sayyohlarning Samarqandda qolishi o‘rtacha 2,7 kunni tashkil etgan. 2022 yilda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 1,5 kunni tashkil etgan. Joriy yilda 1,8 baravar bo‘lgan.

Hozirgi paytda Samarqand viloyatida 16 286 o‘rinli 600 ta mehmonxona sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Ulardan 25 ta mehmonxona, 36 ta hostel va 53 ta oilaviy mehmon uylari 2023 yilda ish boshlagan.

Shuningdek, viloyatda 83 ta turistik tashkilot (68 ta turoperator va 15 ta turagentlar) faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning soni 281 taga yetkazilgan.

Sayyohlarning viloyatda bo‘lish muddatlarini uzaytirish maqsadida Samarqand shahridagi Bog‘ibaland mahallasiga Turizm mahallasi, Bozorov ko‘chasiga Turizm ko‘chasi hamda Urgut tumanidagi Tersak qishlog‘iga Turizm qishlog‘i maqomi berilgan hamda San’at galereyasi, Xalqaro turizm akademiyasi kabi yangi turizm obektlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Samarqand viloyatiga tashrif buyurgan xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun viloyatda 300 dan ortiq madaniy ko‘ngilochar tadbirlar, 50 dan ortiq konferensiya, forum, sammit hamda xalqaro tadbirlar o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, 2024 yilda Samarqand viloyatiga keladigan xorijiy sayyohlar sonini 2,5 mln nafarga, turizm xizmatlari eksporti 500 mln dollarga yetishi kutilmoqda.

Mavzuga oid