O‘zbekiston | 17:15 / 25.12.2023
35853
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 13 yoshli qizni zo‘rlagan IIB xodimi 15 yilga qamaldi

Hodisa 2023 yil iyul oyida sodir bo‘lgan va Toshkent shahri Yashnobod tumani IIBda uchastka noziri vazifasida ishlovchi shaxs 13 yoshli qizning nomusiga tekkanlikda gumonlanib hibsga olingandi.

Toshkent viloyatida 13 yoshli qizning nomusiga tegishda ayblangan 31 yoshli IIB xodimi sud hukmi bilan 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar bermoqda.

2023 yil 25 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudida M. J.ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar bermoqda.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudining sudyasi J. Xojayev raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.

Mirobod tumani IIO FMB 3-son IIB HPB profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan 31 yoshli M.J. 2010 yilda tug‘ilgan Z. D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, sud tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksining 417-moddasi (jinoiy javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanganda sudning harakatlari) tartibida M. J.ga 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish uchun shart–sharoit yaratib bergan Sh. A., M. Z. va F. M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini hal qilish uchun Bo‘stonliq tumani prokuroriga xabar yuborilgan.

Ma’lumot uchun, 13 yoshli qizning Yashnobod tumani IIB xodimi tomonidan zo‘rlangani haqida birinchi bo‘lib «Sukut saqlama» loyihasida xabar berilgandi.

Avvalroq, Qibray tumanida 13 yoshli qizni zo‘rlagan Milliy gvardiya huzuridagi qo‘riqlash xizmati xodimi ham 15 yilga qamalgandi.

Mavzuga oid