Jahon | 22:43 / 25.12.2023
13694
11 daqiqa o‘qiladi

To‘yib ovqatlanolmayotgan G‘azo bolalari, Iroqda operatsiya boshlagan Turkiya va Qizil dengiz koalitsiyasiga qo‘shilgan Yevroittifoq - kun dayjesti

So‘nggi bir kunda jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz. 

G‘azodagi vaziyat

Isroil kecha G‘azo sektori shimolidagi Al-Mag‘aziy qochqinlar lageriga yana aviazarba berdi. Al-Jazeera telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 45 kishi halok bo‘lgan.

Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi shifoxonalarga hujum qilishda davom etmoqda. U yerdan o‘z uy joylarini tashlab chiqqan minglab falastinliklar boshpana topishgan, shuningdek yaradorlar va bemorlar bor. Eksklavdagi 36 ta shifoxonada bugungi kunda faqat 9 tasi qisman faoliyat ko‘rsatmoqda va ularning barchasi G‘azoning janubiy qismida joylashgan. Shifoxonalarning to‘lganlik darajasi 206 foizga teng.

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorida bolalarning 80 foizi — bu qariyb 335 ming bola degani — to‘yib ovqatlanmaslikdan azob chekishmoqda. 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 10 mingdan ortig‘i ochlikka duchor bo‘lishgan.

UNICEF shuningdek 155 mingdan ortiq homilador va emizikli bolasi bor ayollarning ovqatlanishidan tashvishda. Xalqaro fonda ko‘ra, kasalxonalarning uchdan ikki qismi yoqilg‘i, suv va dori-darmon yetishmasligi tufayli o‘z ishini to‘xtatgan.

G‘azoda Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 20,4 mingga yetgan. So‘nggi bir sutka ichida Isroil agressiyasi 160 nafar tinch aholi vakillarini hayotdan olib ketgan.

G‘azoda yana bir jurnalist o‘ldirildi. Falastin hukumatining axborot agentligi Ahmad Jamol al-Madhun Isroil zarbasi natijasida o‘ldirilganini e’lon qildi. Shu paytga kelib Isroil zarbalari oqibatida o‘ldirilgan jurnalistlar va OAV xodimlari soni 101 nafarga yetdi.

Isroilning yo‘qotishlari

Isroil armiyasi «Al-Aqso bo‘roni» operatsiyasi boshlanganidan buyon 485 nafar askari halok bo‘lgani, ulardan 158 nafar G‘azo sektoridagi janglarda o‘lganini ta’kidlagan.

Isroil tomoni HAMASning tayanch punktlaridan biri deb sanaydigan G‘azo sektorining shimolidagi Jabaliyadagi harbiy operatsiya chog‘ida besh nafar isroillik garovga olinganlarni jasadi topilgan.

Jasadlar hamaschilarning keng tarqalgan tonnellar tizimi ichidan topilgan. TsAHAL spikeri Daniel Hagarining aytishicha, tonnellar tizimi ikki darajadan iborat bo‘lgan. Birinchisi o‘n metr chuqurlikda bo‘lsa, ikkinchisi o‘nlab metr yer qa’rida. Tarmoq HAMASning shimoliy brigadasi qo‘mondoni, Isroilga qilingan hujumga boshchilik qilgan Ahmad Andurning qarorgohiga eltuvchi shaxtaga bog‘langan.

Garovga olinganlarning jasadlari Isroilga dafn etish uchun yetkazilgan.

Isroilning sobiq bosh vaziri Ehud Olmert ayni paytdagi bosh vazir Binyamin Netanyahu imkon qadar tezroq G‘azodagi urushni to‘xtatib, asirlar almashinuvini amalga oshirishi lozimligini ta’kidladi.

«HAMASni yo‘q qilishning imkoni yo‘q. Netanyahuning o‘zi ham G‘azodagi urush borasidagi o‘z so‘zlariga ishonmaydi», — degan Olmert.

HAMAS tomoni Isroilning o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi birorta taklifiga javob bermagani va ularning birortasini muhokama qilmaganini ta’kidlab o‘tgan. 

Qizil dengizdagi vaziyat

Yevropa Ittifoqi AQShning Qizil dengizdagi operatsiyalariga qo‘shilishga qaror qildi. AQSh tomonidan Qizil dengizdagi tijorat kemalarining Yamandagi Ansorulloh harakatiga a’zo husiychilarning hujumidan muhofaza qilish uchun «Farovonlik soqchisi» operatsiyasini boshlash uchun koalitsiya to‘plagani, unga 20 ta davlat a’zo bo‘lgani haqida avval ham xabar bergan edik.

Endi bu operatsiya tarkibiga Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar ham qo‘shiladi. Bu haqida Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel ta’kidlab o‘tgan.

«Husiychilarning mulohazasiz harakatlari Qizil dengizda kemachilik erkinligiga tahdid uyg‘otadi. Men bugun chaqirgan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar doimiy vakillarining navbatdan tashqari yig‘ilishda a’zo davlatlar «Atlanta» operatsiyasi orqali Amerikaning «Farovonlik soqchisi» operatsiyasini qo‘llashga rozilik bildirishdi», — degan Borrel. 

Turkiyaning Iroqdagi operatsiyasi

Kurdiston ishchi partiyasi jangarilari tomonidan Turkiyaning 12 askari o‘ldirilgach, Turkiya Iroq shimolida harbiy operatsiya boshlashini e’lon qildi.

Harbiylar o‘tgan shanba kuni Iroqning shimolida Kurdiston ishchi partiyasi jangarilar tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida o‘ldirilgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Suriya va Iroq shimolida terrorchilik unsurlari mavjud bo‘lishiga aslo toqat qilolmasligini ta’kidladi.

Bundan tashqari yana olti nafar turk harbiy xizmatchisi Kurdiston ishchi partiyasi jangarilari bilan «Qulf panjasi» harbiy operatsiyasi o‘tkazilayotgan zonada halok bo‘lgan. Bir kishi yaralangan. Turklar esa dushmanning 13 nafar jangarisini o‘ldirilgan.

Ayni paytda «aniqlangan nishonlarga qarata kutilmaganda havodan hujum qilish» operatsiyalari o‘tkazilmoqda.

Kurdiston ishchi partiyasi Turkiyada terrorchilik tashkiloti sanaladi. Uning jangarilari Iroq va Suriya shimolida bazalarga ega. Shu sababli Anqara vaqti vaqti bilan ularga qarshi havodan va yerdan operatsiyalar o‘tkazib turadi.

Askarlarining o‘ldirilishiga javoban Turkiya tomonidan Iroq va Suriyada yo‘q qilingan terrorchilar soni 30 nafarga yetgan. Bu haqida Turkiya milliy mudofaa vaziri Yashar Guler ta’kidlab o‘tgan. 

Ukraina fronti yangiliklari

Ukraina frontida Rossiya uchta Su-34 qiruvchi-bombardimonchi samolyotidan ayrilgach, aviazarbalar miqdorini keskin kamaytirgan. Ukraina harbiy havo kuchlarining spikeri Yuriy Ignatning aytishicha, ayni paytda Rossiya harbiylari samolyotlarni urib tushirgan vositalarni topishga harakat qilishmoqda. Ekspertlarning fikricha, rus samolyotlari Amerikaning Patriot ko‘chma zenit-raketa tizimi yordamida urib tushirilgan. Albatta, bu xabarlar mustaqil manbalar tomonidan o‘z tasdig‘ini topmagan.

Ukraina qurolli kuchlari yana bir Su-34 qiruvchi-bombardimonchi urib tushirganini iddao qilmoqda. Bu Mariupol yo‘nalishida sodir bo‘lgan, degan Qurollli kuchlar qo‘mondoni Mikola Oleshchuk. Hozircha Rossiya tomonida bu bayonotlarga rasmiy sharh bermagan.

Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga hozircha Ukrainaning oltita davlati qo‘shilmagan. Ukraina prezidenti ofisi rahbarining o‘rinbosari Andriy Sibiganing aytishicha, bu davlatlar Avstriya, Vengriya, Malta, Polsha, Slovakiya va Xorvatiyadir. Kiyev allaqachon bu davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqda. Ularning orasida faqat Budapesht va Bratislava Ukrainaga harbiy yordam yetkazilishiga tin-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lib turibdi.

Chexiya prezidenti farmoniga ko‘ra, vataniga qaytish istagida bo‘lgan ukrainaliklarga kompensatsiya to‘lanadi. Kompensatsiya miqdori individual shart-sharoitlarga ko‘ra belgilanadi va faqat bir marta to‘lab berilishi nazarda tutilgan.

Rossiya duchor bo‘lgan muammolar

Rossiyadagi kompaniyalarning 85 foizi kadrlar yetishmovchiligiga duchor bo‘lgani ham xabar qilinmoqda. 2023 yil davomida ish beruvchilar tomonidan joylashtirilgan vakansiyalar soni 1,5 barobarga oshgan, biroq rezyumelar soni qisqarishda davom etmoqda.

Rossiya fanlar akdemiyasi instituti Rossiyada kadrlar yetishmovchiligini qariyb 5 mln kishiga baholadi. 2023 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiyada kadrlar yetishmovchiligi 4,8 mln kishini tashkil etadi, deyiladi Rossiya fanlar akdemiyasi iqtisodiyoti instituti tadqiqotida. Ekspertlar Rosstat ma’lumotlariga asoslanib shunday xulosaga kelishgan.

Rossiyada 4,8 mln ishchi yetishmayotgan sharoitda qariyb shuncha odam qarzlari tufayli xorijga chiqishiga taqiq o‘rnatilgan. 4,9 million kishining taqiqi qarzdorlik so‘ndirilguncha yoki ijro ishi to‘xtatilgunga qadar amalda bo‘ladi.

Oq uy prezident Jo Bayden Rossiyaga qarshi moliyaviy sanksiyalarni kuchaytirishga yo‘naltirilgan farmonni imzolash niyatida ekanini e’lon qildi.

Oq uy ma’muriyati butun jahondagi bank tashkilotlari aksilrossiya sanksiyalar rejimiga rioya qilmaydigan bo‘lsa, ularni AQSh moliya tizimidan uzib qo‘yilishi mumkinligini ham ta’kidlagan. 

Belgraddagi g‘alayon

Serbiya poytaxti Belgrad shahrida parlament saylovlaridan norozi muxolifat tarafdorlaridan 1200 kishi poytaxt ma’muriyati binosini shturm bilan egallashga harakat qildi.

Avvalgi yakshanbada parlamentga o‘tkazilgan saylovlarda prezident Aleksandr Vuchich boshchiligidagi hukmron Progressiv partiya ko‘pchilik ovozlarni to‘plashga muvaffaq bo‘lgan edi.

G‘arbparast «Serbiya zulga qarshi» koalitsiyasi tomonidan ko‘chalarga chiqarilgan odamlarning urinishlari besamar ketgan. Namoyishchilar shahar hokimiyati binosining eshik va derazalarini sindirishgan.

Politsiya izdihomni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gazlardan foydalanishga majbur bo‘lgan. 40 ga yaqin namoyishchilar ushlangan. Ikki nafar politsiyachi yaralangan.

Prezident Vuchich namoyishlar tashqaridan boshqarilayotganini ta’kidlagan va voqealar fonida zudlik bilan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirgan.

Rossiya elchisi bilan uchrashgan Serbiya prezidenti Moskvani ehtimolli tartibsizliklardan ogohlantirgani uchun minnatdorchilik bildirgan. Serbiya bosh vaziri Ana Brnabich ham televideniye efirida Rossiya maxsus xizmatlariga ogohlantirish uchun rahmat aytgan. 

AQSh o‘z hududini kengaytirmoqda

AQSh o‘z hududini million kilometr kvadratga kengaytirdi. Bu ikkita O‘zbekiston hududidan sal ko‘p. Qo‘rqmang u hech qayerni bosib olgani yo‘q. Gap dengiz hududlari haqida bormoqda.

Resurslarga boy yangi hududlar Arktika, Antlantika, Bering dengizi, Tinch okeani, Meksika qo‘ltig‘i va Mariana orollarga tutash qit’a shelflari hisobiga kengaytirilmoqda, deb yozadi Bloomberg nashri.

«Bu katta yangilik, chunki gap ulkan hudud haqida ketmoqda. Bu AQShning dengiz tubi ustidan suverenitetidir: bu foydali qazilmalar qazib olish bo‘ladimi, kabel yoki quvur tortish bo‘ladimi. AQSh o‘zining eksklyuziv dengiz zonalari chegaralarini e’lon qilmmoqda va bu yechimlar ustidan suverenitetga ega bo‘ladi », — degan qutb tadqiqotlari markazi direktori.

AQSh davlat departamenti qit’a shelfi mamlakatning quruqlikdagi chegarasi davomi ekanini aytib, Rossiya bilan hududiy bahslar keltirib chiqarmasligiga urg‘u bergan. Biroq, ehtimolli savollar yuzaga kelmasligi uchun AQSh Kanada, Yaponiya va Bahama orollari bilan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirayotgani ham ta’kidlangan.

Qorabog‘dan xushxabar

Xonkandidagi stadionda 30 yil ichida ilk bor Ozarboyjon futbol klublari maydonda futbol o‘ynashdi. Arman okkupatsiyasidan ozod qilingan Xonkandi shahri markaziy stadionida Ozarboyjon kubogining chorakfinalida «Qorabog‘» futbol klubi va Markaziy habiy sport klubi futbolchilari maydonga chiqishdi. Uchrashuvi Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev maydon markazidagi to‘pni o‘yinga kiritib ochib berdi.

Mavzuga oid