Jahon | 07:28 / 26.12.2023
4403
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya 1 yanvardan boshlab chet el fuqarolari uchun raqamli kelish kartalarini joriy etmoqda

Malayziyadagi elchixona mazkur davlatga borishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarga murojaat qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Foto: Hari Anggara

Malayziya hukumati 2024 yil 1 yanvardan boshlab shu davlatga tashrif buyuruvchi chet el fuqarolari, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari uchun raqamli kelish kartalarini joriy etmoqda. Yangi qoidaga muvofiq, mazkur onlayn kartani olish uchun Malayziyaga yetib kelgunga qadar uch kun ichida veb-sayti orqali to‘ldirish talab etiladi. To‘ldirilgan va printerda chop etilgan kartani mamlakatga kirib kelganda pasport nazorati punktlarida taqdim etish kerak bo‘ladi.

Mazkur kartada sayohatchilar o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini, jumladan, ism-sharifi, fuqaroligi, pasport seriyasi, mamlakatga kelish va undan chiqib ketish sanalari, telefon raqamlari, Malayziyadagi vaqtincha yashash manzili va boshqa ma’lumotlarni ko‘rsatishi shart.

Hozirgi vaqtda Malayziyaga kirish uchun O‘zbekiston fuqarolariga 30 kungacha viza talab qilinmaydi. Malayziyaning migratsiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekistondan kelayotgan fuqarolar quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:

amal qilish muddati 6 oydan kam bo‘lmagan xorijga chiqish pasporti;
mazkur davlatga kirgan sanadan boshlab 30 kun ichida qaytish yoki uchinchi davlatga borish aviachiptasi.

Pasport nazoratidan o‘tayotganda fuqarolardan mehmonxona (yotoqxona)ni band qilgani to‘g‘risida hujjat va mamlakatda bo‘lishi uchun yetarli mablag‘ mavjudligini tasdiqlash talab qilinishi mumkin.

Zarur hollarda Malayziya Ichki ishlar vazirligi Migratsiya departamenti vakillari chegara o‘tish joylarida (Kuala-Lumpur xalqaro aeroporti va boshqalar) chet el fuqarolariga mamlakatga kirishni rad etish huquqiga ega.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasi Malayziyaga sayohat qilishni rejalashtirayotgan vatandoshlarni mahalliy hokimiyat organlarining ushbu talablarini inobatga olishga chaqirdi.

Mavzuga oid