Tehron Isroilning Damashqqa zarbasi oqibatida eronlik general halok bo‘lganini ma’lum qildi
Eron hukumati Suriya poytaxti Damashq shahriga Isroil aviatsiyasi yo‘llagan zarba oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining yuqori martabali mulozimi, general Said Rizo Musaviy halok bo‘lganini tasdiqladi.
Eronning Tasnim axborot agentligi xabar qilishicha, Musaviy Islom inqilobi muhofizlari korpusining «tajribali harbiy maslahatchisi» sanalgan. Manba ma’lumotiga ko‘ra, ushbu harbiy Damashqning janubi-sharqiy hududiga yo‘llangan havo zarbalari qurboniga aylangan.
«Isroil rejimi bu jinoyati to‘lovini albatta to‘laydi», — deyilgan korpusning Al Mayadeen telekanali keltirgan bayonotida.
Isroil rasmiylari Musaviyning o‘limi haqidagi xabarlarni izohlamagan, odatda ular Isroil chegaralaridan tashqaridagi amaliyotlari haqida ma’lumot berishmaydi.
Ammo shunisi ma’lumki, isroillik harbiylar ko‘p yillar mobaynida Suriyada Eronga aloqador nishonlarga zarbalar berib keladi, so‘nggi oylarda, Isroil va HAMAS o‘rtasida urush boshlanganidan keyin esa bunday zarbalar tez-tez yo‘llanadigan bo‘ldi.
Eron qo‘shini Suriyada 2011 yildan buyon davom etayotgan fuqarolar urushida qatnashadi; ular Bashar Asad rejimini qo‘llab-quvvatlaydi.
Xabar qilishlaricha, Musaviy 2020 yilda Iroqda amerikaliklar aviazarbasi oqibatida halok bo‘lgan Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy bilan yaqindan ishlagan.
Tasnim agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Musaviy korpusning Suriyadagi eng yuqori martabali vakillaridan biri bo‘lgan hamda Tehron va Damashq o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirishga yordam bergan.
Dekabr oyi boshida Eron Isroilni Suriyada Islom inqilobi muhofizlari korpusining ikki a’zosini o‘ldirishda ham ayblagandi.
Mavzuga oid
10:30
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
19:45 / 22.11.2024
Norvegiyada AQSh elchixonasi qo‘riqchisi josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
14:54 / 22.11.2024