“Vaqti kelib odamlar Toshkentdan ommaviy ko‘chib keta boshlaydi” – Rasul Kusherbayev
Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev Toshkent shahrining havosini yaxshilash uchun tezkor va qat’iy choralar ko‘rish kerakligini, poytaxt havosining buzilishi ortidan bolalar o‘rtasida jiddiy kasalliklar ommaviy ravishda ko‘payib borayotganini aytdi.
Rasul Kusherbayev Toshkent shahri ekologiyasi haqida to‘xtalib, poytaxt havosini yaxshilash borasida qat’iy choralar kerakligi, bu hayot-mamot masalasi ekanligini ma’lum qildi.
“Uy-joy qurish haqida gap ketsa, bu jiddiy masala deyishadi. Masalan, men 5-10 yildan keyin Toshkentda yashamasligim aniq. Chunki bu ketishda bu yerda aniq yashab bo‘lmaydi: ko‘chib ketaman yoki chetroqdan qatnab ishlashim mumkin.
Hozir Toshkentda juda ko‘p uylarni qurib tashlayapti, kanalizatsiya tizimining esa rasvosi chiqib bo‘lgan: yoriladi, portlaydi bir kuni, juda dahshatli bo‘ladi. Mana, Sergeliga o‘taverishda eng badbo‘y hid chiqadigan joy – kanalizatsiya suvini tozalamasdan daryoga oqizyapmiz. Buni agar chet elliklar ko‘rsa yig‘laydi.
Shunaqa vaqtda shuncha uy-joy, qasrlar quryapmiz. Oddiy savol, nima uchun quryapmiz shuni? Yashash uchun. Shu uyni yaxshi niyat bilan quryapsan, sotib olyapsan, 10-15 yilga kreditga olyapsan. Yashash uchun.
Lekin 5 yildan keyin yashab bo‘lmay qoladi bu yerda. Toshkentdan odamlar ommaviy ravishda uyini tashlab chiqib ketishni boshlaydi. Shuning uchun agar o‘zing ham, bolalaring ham shu yerda yashashini xohlasang, senda juda qisqa vaqt qoldi. Har yili signal beryapti – Toshkent dunyoning havosi eng iflos shaharlari qatorida. Bu ilgari bo‘lmagan. Bir yilda 3-4 marta shunaqa bo‘lyapti. Senga yana qanaqa signal kerak?” deya ta’kidlagan Kusherbayev.
Sobiq deputatning bolalar shifokori ma’lumotlariga tayanib qo‘shimcha qilishicha, poytaxtda havoning ifloslanishi ortidan bolalar orasida allergik kasalliklar ko‘payib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, 22 dekabr kuni Toshkent shahrida havo sifati 169 darajani qayd etgan hamda IQAir ma’lumotiga ko‘ra, poytaxt havosining asosiy ifloslanishi PM2.5 dispers zarrachalari hisobiga to‘g‘ri kelgandi.
Mavzuga oid
17:02
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024