Falastin prezidenti urushdan keyingi G‘azoni boshqarish bo‘yicha uchta shartni taklif qildi
Falastin ma’muriyati birlashgan Falastin davlati sifatida G‘azo, G‘arbiy Sohil va Quddus bo‘yicha majburiyatlarini bajarishga tayyor, biroq oldin Isroil o‘z qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqishi kerak.
Qamaldagi G‘azo sektoriga hujumlar to‘liq to‘xtatilishi, insonparvarlik yordami yetkazib berilishi va hudud aholisini ota-bobolari yeridan quvib chiqarishga urinishlarga barham berilishi lozim. Bu haqda Falastin prezidenti Mahmud Abbos ma’lum qildi. U G‘azo sektorini jangovar harakatlar tugaganidan keyin nazorat ostiga olishi uchun ushbu shartlar bajarilishi kerakligini ta’kidladi.
Falastin ma’muriyati birlashgan Falastin davlati sifatida G‘azo, G‘arbiy Sohil va Quddus bo‘yicha majburiyatlarini bajarishga tayyor, biroq oldin Isroil o‘z qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqishi kerak, dedi Falastin rahbari.
Abbosning ta’kidlashicha, G‘azo sektorida Falastin tashkilotlari allaqachon faoliyat ko‘rsatmoqda, u yerda falastinlik xodimlar va yoshlar bor va bu faoliyatning to‘xtatilishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, Falastin G‘azodagi aholi ehtiyojlari va muassasalar faoliyati uchun oyiga 140 million dollar ajratadi.
«Xalqaro konferensiya istalgan vaqtda tashkil etilishi mumkin. Ramalloh xalqaro huquqni ta’minlash va G‘azo, G‘arbiy Sohil va Quddusni o‘z ichiga oladigan Falastin davlatini yaratish bilan bog‘liq takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor», dedi Mahmud Abbos.
Falastin prezidenti Isroilning G‘azo sektorida Falastin ma’muriyatining faoliyatiga qarshi ekaniga e’tibor qaratdi.
«Isroil shu yerda qolib, Falastin hududini bo‘laklab tashlamoqchi. Ammo dunyo buni qabul qilmaydi. Nazariy jihatdan, Qo‘shma Shtatlar ham bunga qarshi», dedi Abbos.
Abbos Iordaniya va Misr vositachiligida G‘azo sektoridagi qon to‘kilishini to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlar davom etayotganini, yaqin kelajakda BAA va Qatar kabi davlatlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilishini ta’kidladi. Ular G‘azodagi jangovar harakatlar tugaganidan keyin o‘t ochishni to‘xtatish va «yo‘l xaritasi» mavzusini muhokama qiladilar.
«Biz yashashga, mustaqillikka loyiq xalq ekanimizni jahon hamjamiyati tushunishi vaqti keldi. Bizni ishg‘ol ostida qolishda davom etishimiz uchun hech qanday bahona yo‘q», deb qo‘shimcha qildi Mahmud Abbos.
Qo‘shma Shtatlar G‘azo sektoridagi jangovar harakatlar tugagandan so‘ng, Falastin ma’muriyati hudud ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olishini yoqlamoqda. Biroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu xavfsizlik uchun Tel-Aviv javobgar bo‘lishini istamoqda.
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
20:40 / 16.11.2024
HRW Isroilni G‘azo sektoridagi falastinliklarni majburan ko‘chirganlikda aybladi
09:20 / 16.11.2024
Yevropada yakkalanayotgan Isroil futboli
20:47 / 12.11.2024