Jahon | 00:53 / 27.12.2023
34902
2 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu Isroil va G‘azoda tinchlik o‘rnatish shartlarini aytdi

Isroil bosh vaziri uchta shartni sanab o‘tdi.

Foto: AP

Falastin jamiyatini «deradikalizatsiya qilish», G‘azo sektorini qurolsizlantirish va Falastinning HAMAS guruhini yo‘q qilish Isroil va «uning Falastin qo‘shnilari» o‘rtasida tinchlik o‘rnatishning uchta asosiy shartidir. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Maktablar bolalarga o‘limni emas, hayotni qadrlashni o‘rgatishi kerak, imomlar esa yahudiylarni o‘ldirish haqida va’z qilishni to‘xtatishi kerak. Falastin fuqarolik jamiyatini shunday o‘zgartirish kerak-ki, ular terrorizmni moliyalashtirishdan to‘xtab, unga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlashi kerak», dedi Netanyahu.

U Germaniya va Yaponiya Ikkinchi jahon urushidagi mag‘lubiyatdan so‘ng boshdan kechirgan «deradikalizatsiya» tajribasini eslab, bu davlatlar hozir Yevroosiyoda tinchlik va farovonlikka hissa qo‘shayotganiga ishora qildi.

Isroil tinch aholi qurbonlarini minimallashtirish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirsa-da, HAMAS esa, aksincha, «ko‘pincha qurol bilan» falastinliklarga xavf tug‘dirish uchun hamma narsani qilyapti, deb qo‘shimcha qildi Netanyahu. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar tinch aholi o‘limida Isroil armiyasi ayblansa, boshqa guruhlarning jangarilari ham «insonlardan tirik qalqon» sifatida foydalanadi.

Netanyahuning fikricha, urush hali tugamagan. «Hamma mendan faqat bir narsani so‘ramoqda: to‘xtab qolmaslik va oxirigacha borish», dedi u G‘azo sektorida isroillik harbiylar bilan uchrashuvni eslab.

Falastin tomonining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabrdan beri G‘azo sektorida 20 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, 53 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Isroilning urushdagi umumiy yo‘qotishlari taxminan 1,3 ming kishini tashkil etgan.

Mavzuga oid