O‘zbekiston | 18:42 / 27.12.2023
16320
2 daqiqa o‘qiladi

Sho‘rchi tumani sobiq hokimi ham sudlangani ma’lum bo‘ldi

U yer berish tartibini buzish, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish kabi jinoyatlarda aybdor deb topilgan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

2019-2023 yillarda Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumaniga rahbarlik qilgan Baxtiyor Xudoyberganovga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

2023 yil 4 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan sudda Baxtiyor Hayitovich Xudoyberganov O‘zbekiston Respublikasi JKning 229–4-moddasi (Yer berish tartibini buzish) 2-qismi «a, b» bandlari, 167–moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi «a, v, g» bandlari, 209–moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandi, 184–1-moddasi (Budjet va smeta-shtat intizomini buzish) 2-qismidagi jinoyatni qasddan sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Unga JKning 59, 61-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Oliy sud xabariga ko‘ra, Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 7 noyabrdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmining B. Xudoyberganovga oid qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

  • Ma’lumot uchun,  Baxtiyor Xudoyberganov 1976 yilning 19 martida Qiziriq tumanida tug‘ilgan. Faoliyati davomida Muzrabot tumani hamda Termiz shahar hokimliklari moliya bo‘limi mudiri, 2017 yildan viloyat hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. U 2019 yil sentabr oyidan 2023 yil yanvariga qadar Sho‘rchi tuman hokimi lavozimida ishlagandi.

Mavzuga oid