Zalujniy ilk bor matbuot anjumanida qatnashdi. U safarbarlik va urush haqida nimalar dedi?
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Rossiya bosqini boshlanganidan buyon ilk bor matbuot anjumani o‘tkazib, yil davomidagi harbiy amaliyotlar yakunlarini sarhisob qildi, kelajak uchun prognozlar berdi hamda safarbarlikning yangi qoidalari to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan munosabatini bildirdi.
26 dekabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumani qisqa bo‘lib, oldindan anons qilinmagandi.
Zalujniy shu kunlarda parlamentga kiritilgan safarbarlik, demobilizatsiya va harbiy xizmat to‘g‘risidagi hukumat qonun loyihalarining shov-shuvli paketi bo‘yicha izoh berdi, shuningdek, frontdagi vaziyat hamda kelgusi yil Ukraina mudofaasi uchun qanday kechishi to‘g‘risidagi fikrlarini bildirdi.
Ukraina qancha odamni safarbar qilishi kerak?
OAVda ko‘p ham ko‘rinish beravermaydigan Zalujniy matbuot anjumani oldidan bir muddat milliy telemarafonga qo‘shildi hamda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning harbiy qo‘mondonlik kelgusi yilda 450-500 ming kishini safarbar etish bo‘yicha taklif bergani haqida aytgan so‘zlariga munosabatini bildirdi.
Zalujniyning aniqlik kiritishicha, Bosh shtab «hech qanday raqamlar bo‘yicha hech qanday so‘rov yubormagan», armiya o‘z ehtiyojlarini hozirgi shtatlar, yangi harbiy qismlar tuzilishi va kelgusi yilda bo‘lishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlarni hisobga olgan holda shakllantiradi.
«Bu raqamni ochiqlay olmaymiz, chunki bu harbiy sir», – degan u. – Biz resurslar – harbiy texnika va odamlar uchun so‘rovlar shakllantiramiz. Bu takliflarning barchasini biz qonunchilik tashabbusi sub’yekti sifatida mudofaa vazirligiga kiritamiz, uyog‘iga buni qanday ta’minlashni vazirlik hal qiladi. Bizga snaryadlar, qurol va odamlar zarur. Qolgan barcha ishni vakolatli organlar amalga oshiradi».
Bo‘yin tovlovchilar, muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar va rotatsiya haqida
Matbuot anjumani boshlangach esa Zalujniy safarbarlikning yangi qoidalari bo‘yicha qonun loyihalarini batafsil izohladi.
Ulardan asosiysi parlamentga 25 dekabr kuni kechqurun kiritilgan. U safarbar qilish yoshini 27 dan 25 ga tushirish, harbiy ro‘yxatga olish va chaqiruv qog‘ozini topshirish tartibini soddalashtirish, shuningdek xizmatdan bo‘yin tovlaganlik uchun sanksiyalarni qat’iylashtirish (ko‘p minglik jarimaga tortish va qamoqqa olishgacha)ni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, qonun loyihasida harbiy holat davrida uch yildan ortiq xizmat qilganlar hamda asirlikda bo‘lganlarni demobilizatsiya qilish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.
Zalujniy harbiylar hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tarkibida ishlagan bo‘lsa-da, aksar qoidalar, ayniqsa fuqarolarni safarbar qilish va xizmatdan bo‘yin tovlaganlik uchun sanksiyalar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan moddalar Bosh shtab tomonidan ishlab chiqilmagan.
«Biz armiyamiz va biz tinch aholi hayotiga aralashmasdan, faqat jang qilishimiz kerak», – deya qayd etgan u.
BBC Ukraina xizmatining aniqlik kiritish uchun bergan savoliga javoban, Zalujniy qonun loyihasida aytilganidek elektron pochta yoki chaqiriluvchining elektron kabinetiga yuborilishi mumkin bo‘lgan chaqiruv qog‘ozlari tashabbuskori harbiy rahbariyat emasligini bildirgan.
Xorijdagi harbiy xizmat yoshidagilar haqida gapirarkan, Zalujniy Ukraina qurolli kuchlari mamlakatdan ketgan fuqarolar hayotiga aralashmoqchi emasligini qo‘shimcha qilgan.
«Ukraina qurolli kuchlari jang qilishi va hech qanaqasiga tinch aholi vakillarining, jumladan mamlakatimizdan chiqib ketganlarning fuqarolik hayotiga aralashmasligi kerak. Buning uchun qaror qabul qilishi kerak bo‘lgan markaziy ijro etuvchi hokimiyat organlari bor. Men bu borada baho bera olmayman va buni qilishni ham istamayman, ammo agar ma’lum vaqtdan keyin ularni armiyada ko‘rsam, ularning tayyorgarlik mashg‘ulotlarini tashkil etishdan juda xursand bo‘lgan bo‘lardim», - deya qayd etgan bosh qo‘mondon.
Zalujniyning so‘zlariga ko‘ra, Bosh shtab uchun safarbarlikning bo‘lishi muhim, ammo bu qanday amalga oshirilishi – hukumatning vazifasi.
Qonun loyihasidagi ayrim pozitsiyalar bo‘yicha esa Zalujniy skeptik fikr bildirdi, xususan, harbiy harakatlarda ishtirok etayotganiga olti oy bo‘lgan harbiy xizmatchilarning majburiy rotatsiyasi to‘g‘risidagi qoida bo‘yicha.
«Albatta, bu norma juda qiziqarli va albatta, men uning bo‘lishini istardim. Ammo yana bir bor aytamanki, odamlarimiz hozirda musobaqada emas, bu butun dunyo kuzatayotgan shou emas. Frontdagi vaziyat raqibning harakatlariga bog‘liq. Biz olti, besh yoki uch oydan keyin nima bo‘lishini bashorat qila olmaymiz», – deya tushuntirgan bosh qo‘mondon.
«Agar odamlar har olti oyda rotatsiya qilishni taklif etishsa, ular qo‘shinlarning jangovar kuchini kamida ikki barobar oshirish lozimligini tushunishlari kerak», – deya qayd etgan u.
Shu bilan birga, Zalujniy aynan Ukraina qurolli kuchlari muddatli harbiy xizmatdan voz kechishni taklif etgani va bunga tayyorligini tan olgan.
Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatni 18 dan 25 yoshgacha bo‘lgan yigitlar bir necha oy ichida o‘tashi kerak bo‘lgan boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik bilan almashtirish kerak.
«Yozda ham biz muddatli chaqiruv bo‘yicha chaqirilganlardan voz kechishga tayyor emasdik, ammo noyabr oyi oxirlarida buni biz o‘zimiz taklif etdik. Bugungi kun holatida bizga ular kerak emas», – deya tushuntiradi u.
Demobilizatsiya haqida
Bosh qo‘mondon anchadan buyon frontda jang qilayotgan harbiylarni demobilizatsiya qilish masalasiga alohida to‘xtalgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bosh shtab va mudofaa vazirligi harbiy holat davrida uzluksiz 36 oydan ortiq vaqt davomida xizmat qilganlarni demobilizatsiya qilishga ruxsat berishga rozi, ammo faqat frontda vaziyat keskin bo‘lmagan holatda, yo‘qsa shunday savol tug‘iladi: Ukraina qurolli kuchlari saflarini tark etuvchi tajribali odamlar o‘rnini kim egallaydi.
«Men jangchilarimiz frontda o‘ta og‘ir sharoitlarda ekanini juda yaxshi tushunaman, – degan Zalujniy. – Umid qilamanki, 36 oydan keyin biz vazifani uddalaymiz va bu odamlarni almashtiramiz».
Frontdagi vaziyat haqida
Urush istiqbollari haqida Valeriy Zalujniy mujmal gapirgan.
«Ishontirib aytishim mumkinki, keyingi yil 2023 yildan farq qiladi, biz buning uchun barchasini qilyapmiz», – degan u va harbiy rahbariyat vazifalarni belgilab bergani va ularning yechimlari ustida ishlayotganini qo‘shimcha qilgan.
Alohida yo‘nalishlar, jumladan Rossiya qo‘shini yozda egallab olgan Baxmut uchun kechayotgan shiddatli janglar, shuningdek, egallanish xavfi ostida turgan Avdiyivka va Maryinka uchun janglar yuzasidan izoh berarkan, Zalujniy barchasini harbiy maqsadga muvofiqlikka qarab belgilash lozimligini ta’kidlagan.
«Bunga qattiq yopishib olish va qaysidir aholi yashash manzili yo‘qotilishidan fojia yasash kerak emas. Harbiy harakatlar o‘z qonunlariga bo‘ysunadi, bu komandirlar, siyosatchilar yoki jurnalistlarga yoqish-yoqmasligidan qat’i nazar», – deya qayd etgan u.
Zalujniy Ukraina qurolli kuchlari har qarich yerni himoya qilishi, ammo odamlarni saqlab qolish zarurati yuzaga kelganda, «shunday qaror qabul qilinishi va odamlar hayoti saqlab qolinishi»ni aytgan.
«Mening asosiy xatom – biz yetkazgan bunday ulkan yo‘qotishlar har kimni to‘xtatadi, deb hisoblaganimdir. Ammo Rossiyani bu to‘xtata olmadi», – degan u.
Bosh qo‘mondonning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini behisob snaryadlaridan foydalangan holda shaharlarni vayron qilmoqda va 2-3 oy ichida istalgan shaharni Baxmutga aylantirishi mumkin, ayni vaqtda esa bu Avdiyivka va Maryinka bilan bo‘lmoqda.
Rossiya hukumati Maryinka egallangani to‘g‘risida e’lon qilgan, ammo Zalujniy bunga qo‘shilmadi va ukrain qo‘shini hamon shaharning shimoliy qismini ushlab turganini ta’kidladi.
«Lekin bu aholi yashash manzili endi mavjud emasligini aytishim mumkin», – degan u jiddiy vayrongarchilikni nazarda tutgan holda.