Jahon | 11:26 / 29.12.2023
4450
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya MSK Nadejdinga prezidentlik saylovlari uchun imzo to‘plashga ruxsat berdi

Boris Nadejdin Rossiya Federatsiyasi prezidentligiga o‘z nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun imzo to‘plash yaqinda boshlanishini e’lon qildi. Siyosatchiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi unga saylov hisobini ochishga ruxsat bergan.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi Boris Nadejdinga saylov hisobini ochish va prezidentlik saylovlari uchun imzo to‘plashni boshlashga ruxsat berdi, dedi siyosatchi 28 dekabr, payshanba kuni o‘zining Telegram-kanalida. «Biz tez orada imzo to‘plashni boshlaymiz», deb yozdi u.

Nadejdin 23 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan «Grajdanskaya initsiativa» partiyasining qurultoyida Rossiya Federatsiyasi prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan edi. Saylovda o‘z nomzodini ro‘yxatga olish uchun u 100 ming saylovchi imzosini to‘plashi kerak.

Boris Nadejdin 60 yoshda. Fizika-matematika fanlari nomzodi. U Moskva fizika-texnika instituti (MFTI)da huquq fakultetiga asos solgan va 2016 yilgacha unga rahbarlik qilgan. U o‘sha paytdagi bosh vazir Sergey Kiriyenkoning yordamchisi edi.

Rossiya prezidenti saylovlarida boshqa nomzodlar

23 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi jurnalist Yekaterina Dunsovaga rasmiy sabablarga ko‘ra saylov uchun imzo to‘plashga ruxsat bermagani ham ma’lum bo‘ldi. 27 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi Dunsovaning MSKga qarshi da’vosini rad etdi.

Hozirgi davlat rahbari Vladimir Putin ham saylovlarda nomzod sifatida qatnashmoqda. Rossiya Liberal-demokratik partiyasidan uning rahbari Leonid Slutskiy, RFKPdan - Nikolay Xaritonov, «Novyye lyudi»dan - Davlat dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov oliy lavozimga nomzod sifatida ko‘rsatilgan.

«Rossiyskiy obshchenarodnyy soyuz» konservativ partiyasi bo‘lajak saylovlarga o‘z raisi Sergey Baburin nomzodini ko‘rsatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Moskvada Donetskdagi rossiyaparast ayirmachilarning sobiq harbiy rahbari Igor Strelkov (Girkin) nomzodini ko‘rsatish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tashabbus guruhi yig‘ilish ishtirokchilaridan 566 nafar imzo to‘pladi, biroq notariuslar buni tasdiqlash uchun kelmadi. 

Prezident saylovida ovoz berish 2024 yilning 15 martidan 17 martiga qadar, ilk bor uch kun davomida o‘tkaziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid