Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropaning uchta yirik davlati migratsiya qonunlarini kuchaytiryapti. 2024 yilda nimalar o‘zgaradi?
Yevroparlamentga saylovlar oldidan Germaniya, Fransiya va Italiya migratsiya qonunchiligini qat’iylashtirmoqda. Saylovoldi kampaniyada migratsiya va boshpana taqdim etish tizimini isloh qilish asosiy mavzu bo‘ladi.
2024 yil iyun oyida Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlatda Yevropa parlamentiga saylovlar o‘tkaziladi. Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida muhojirlar va qochqinlar sonining ortib borayotgani hamda ularga boshpana berilishi saylovoldi kampaniyasi asosiy mavzusi hisoblanadi. Muhojirlar asosiy maqsadi bo‘lgan Yevropaning uchta yirik davlati - Germaniya, Fransiya va Italiya - 2023 yilda migratsiya oqimini kamaytirish va boshpana olish huquqidan mahrum etilgan muhojirlarni deportatsiya qilish jarayonini tezlashtirish uchun milliy migratsiya qonunlarini kuchaytirgani ajablanarli emas.
Migratsiya masalasida Yevropa Ittifoqining uchta yirik iqtisodiyoti siyosiy jihatdan bir xil yo‘nalishda harakat qilmoqda. Ammo milliy miqyosda bu mamlakatlarda migrantlar uchun sharoitlar va ularga boshpana taqdim etish jarayoni bir-biridan keskin farq qiladi. Germaniyada sotsial-demokratlar, «yashillar» va liberallarning hukumat koalitsiyasi hokimiyat tepasida. Fransiyada - liberal ozchilik hukumati, Italiyada - o‘ta o‘ng va xristian demokratlarning o‘ng qanot populistik koalitsiyasi.
Germaniyada migratsiya qonunchiligi
Migratsiya va qochqinlar ishlari bo‘yicha federal idora (BAMF) 2023 yilda Yevropa Ittifoqidagi bir milliondan ortiq boshpana izlovchining 350 ming nafari Germaniyada qochqin maqomini olish uchun ariza topshirishini taxmin qilgandi. Asosan Suriya, Afg‘oniston va Turkiyadan kelgan boshpana izlovchilardan tashqari, urushdan qochgan bir milliondan ortiq ukrainalik ham mamlakatga kirib keldi. Hukmron koalitsiya muhojirlar va qochqinlar bilan bog‘liq vaziyatga bir qator qonunlar qabul qilish orqali javob berdi.
Ulardan biri - mamlakatda besh yildan ortiq yashab kelayotgan muhojirlar uchun sharoitlarni osonlashtiradigan qonun. Endi ular Germaniyada qonuniy ishlash va integratsiya imkoniyatiga ega. Qabul qilingan yana bir qonun, aksincha, noqonuniy migrantlarning o‘z vataniga qaytishini tartibga soladi (Rückführungsverbesserungsgesetz) va Germaniyada boshpana taqdim etish bo‘yicha rad javobi berilganlarni o‘z mamlakatiga yoki uchinchi davlatga deportatsiya qilish jarayonini tezlashtirishga imkon yaratadi. Ushbu qonunga ko‘ra, endilikda ularning uyida tintuv o‘tkazilishi mumkin, deportatsiya to‘g‘risidagi xabarnomadan to haqiqiy deportatsiyaga qadar bo‘lgan muddat qisqartiriladi. Ammo deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan shaxsni ushlab turishning ruxsat etilgan muddati uzaytirilyapti. Biroq hozirda bu yangiliklarni amaliyotga tatbiq etish qiyin. Germaniyadan deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan 50 ming kishidan, Germaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilning birinchi yarmida faqat 7900 kishi chiqarib yuborilgan.
Yana bir qonun loyihasi Germaniyada fuqarolikni olish uchun huquqlarni osonlashtirishni nazarda tutadi. U qabul qilingan taqdirda, Germaniyada ikki fuqarolikka ega bo‘lishga ruxsat beriladi. Fuqarolikni olish uchun kutish muddati esa sakkiz yildan besh yilgacha qisqartiriladi. Agar Germaniya fuqaroligiga da’vogar antisemitizm yoki irqchilik nuqtayi nazariga ega bo‘lsa, bu fuqarolikni rad etish uchun sabab bo‘lishi mumkin.
Fransiya migratsiya qonunlarini kuchaytirmoqda
Fransiya Milliy assambleyasi o‘ng qanot populist «Milliy birlashuv» partiyasining ovozlari tufayli dam olish kunlaridan sal oldin munozarali migratsiya qonunini qabul qildi. Partiya raisi Marin Le Pen «Birinchi navbatda Fransiya» shiori ostida olib borilgan siyosiy yo‘lining mafkuraviy g‘alabasi to‘g‘risida e’lon qildi. Liberal prezident Emmanuel Makronning parlamentda qo‘llab-quvvatlanishi o‘ng qanot populistlarining ovozlariga emas, balki migratsiya qoidalari kuchaytirilishiga ovoz bergan konservativ respublikachilarga bog‘liq edi.
Makron endi qonunni Konstitutsiyaviy kengashga ko‘rib chiqish uchun taqdim qilmoqchi. Yangi hujjat noqonuniy migrantlarni tezroq deportatsiya qilishni nazarda tutadi, ularning ijtimoiy nafaqalardan foydalanishini murakkablashtiradi va ular oila a’zolarining mamlakatga kirishini cheklaydi. Fransiyada o‘qishni xohlovchi chet ellik talabalar endi, qonunga ko‘ra, o‘qishga kelishdan oldin garov puli to‘lashi shart bo‘ladi. Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, fransuzlarning 70 foizi migratsiya qonunlarini kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlagan.
Italiya noqonuniy muhojirlar oqimiga qarshi
Jorja Meloni boshchiligidagi o‘ng qanot populistik koalitsiya 2022 yilgi saylovlarda Italiyaga kelayotgan muhojirlar sonini kamaytirish va’dalari evaziga g‘alaba qozongandi, endi u natija ko‘rsatmoqchi. Shu tariqa, Yevropa Ittifoqi va Tunis hukumati bilan noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish imkoniyati bo‘yicha kelishuvga erishildi, ammo u amalga oshmadi. Italiya bosh vaziri, shuningdek, Albaniya bilan 3000 kishiga mo‘ljallangan ikkita qochoqlar markazi Italiyadan Albaniya hududiga ko‘chirilishi haqidagi kelishuvni imzoladi. Albaniya boshpana izlovchilar uchun xavfsiz uchinchi davlat sifatida tan olingan va Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Hozir Albaniya Oliy sudi Italiya bilan kelishuv qanchalik qonuniy ekanligini tekshirmoqda. Bundan tashqari, Meloni armiyaga mamlakatning aholi zich joylashmagan hududlarida deportatsiya qilinganlar uchun lagerlar qurishni buyurdi. Deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan muhojirlar u yerda 12 oy emas, balki 18 oy qolishi mumkin, bu vaqt ichida bo‘limlar ularni chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Qochqinlar bilan shug‘ullanuvchi Yevropa tashkilotlarining bosh birlashmasi - ECRE o‘z hisobotida boshpana berish jarayonini yanada qiyin va uzoqroq qilayotgani uchun Italiya hukumatini tanqid ostiga oldi. Boshpana izlovchilar zarur ma’muriy tartib-qoidalarni bir necha oy kutishi kerak bo‘lyapti.
Ko‘plab muhojirlar Italiyada qolmaydi va boshpana so‘rash uchun shimolga - Germaniya va Avstriyaga yo‘l oladi. Ammo, Dublin kelishuvlariga ko‘ra, Italiya ularni YeIga kelgan vaqtidagi birinchi davlat sifatida qabul qilishi lozim. Mamlakat rasmiylari Germaniya Italiyaga qaytarib yuborayotgan muhojirlarni qabul qilishdan bosh tortmoqda.
Gretsiya, Vengriya, Avstriya, Niderlandiyada qochqinlar bilan bog‘liq vaziyat
Gretsiyada noqonuniy muhojirlar chegaraning o‘zida Turkiya hududiga qaytarilishi yoki Gretsiya qirg‘oqlariga ketayotgan muhojirlar bo‘lgan qayiqlar qo‘shni davlat suvlariga qaytishga majbur bo‘lishi - «pushbek»lar aksariyat holatda istisno emas, balki oddiy qoidaga aylanib boryapti, deb yozadi ECRE tashkiloti o‘z hisobotida.
Boshpana olish qiyinlashgan, muhojirlar arizalarini ko‘rib chiqishda davlatdan hech qanday to‘lov olmayapti. Ba’zi ma’muriy tartib-qoidalar uchun Gretsiyada boshpana izlovchilar yuz yevrodan to‘lashi kerak, deyiladi hisobotda.
Ammo Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari orasida Vengriya, ayniqsa, muhojirlar masalasida alohida ajralib turibdi. 2016 yildan beri Vengriya chegaralarida favqulodda holat joriy qilingan. Muhojirlarning mamlakatga kirishi deyarli imkonsiz. Boshpana olish uchun ariza berish faqat Belgrad yoki Kiyevdagi Vengriya elchixonasi hududida amalga oshirilishi mumkin. ECRE o‘z hisobotida hozirda panjara bilan o‘ralgan Vengriya chegarasida 150 ming kishi Serbiyaga chiqarib yuborilganini taxmin qilmoqda. Lyuksemburgdagi Yevropa sudi ham, Strasburgdagi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHeS) ham Vengriyaning bunday harakatlarini noqonuniy deb topdi. Biroq Budapesht ularning qaroriga e’tibor bermayapti.
Niderlandiyada migratsiya qonunchiligining kuchaytirilishi tufayli o‘ng qanot liberal hukumat «quladi». Bosh vazir Mark Ryutte boshpana bo‘yicha so‘rovi rad etilgan migrantlarning oila a’zolari kirishiga cheklov qo‘ya olmagani uchun iste’foga chiqdi.
Avstriyada Ichki ishlar vazirligi boshpana izlovchilarga arizasi ko‘rib chiqilayotgan paytda ish topish va mehnat qilish majburiyatini yukladi. Agar boshpana izlovchilar jamoatchilik ishlaridan bosh torsa, ularga yotoqxonada joylashish va minimal miqdorda nafaqa olish rad etiladi.
Yevropa Ittifoqini qanday yangiliklar kutmoqda?
24 aprelga qadar 27 a’zo-davlat manfaatlarini ifodalovchi Yevroparlament va YeI kengashi migratsiya paktini qabul qilishi kerak. U Yevropa Ittifoqida boshpana taqdim etish tizimini keng isloh qilishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, qochqin maqomini olish imkoniyati kam bo‘lgan 30 ming kishi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa Ittifoqi chegaralarida boshpana so‘rovlarini tezlashtirilgan tarzda topshirish, shuningdek, chegaradagi qochqinlar lagerlaridan deportatsiya qilishning tezlashtirilgan tartibi nazarda tutilgan. Paktda birinchi marta migratsiya masalalari bo‘yicha barcha Yevropa Ittifoqi davlatlarining majburiy birdamligi haqida ham so‘z boradi.
Shu tariqa, migrantlar Yevropa Ittifoqiga kirgan birinchi mamlakatlarda - Italiya, Gretsiya, Ispaniya, Kipr, Maltada - boshpana izlovchilar soni haddan tashqari ko‘p bo‘lsa, boshqa Yevropa Ittifoqi mamlakatlari boshpana izlovchilarni kvota tizimi bo‘yicha qabul qilishi kerak bo‘ladi. Ammo migratsiya paktidagi barcha sakkizta qonun to‘liq amalga oshirilishi uchun 2026 yilgacha vaqt talab etiladi. Shunga qaramay, migratsiya pakti YeIda saylovoldi kampaniyaning asosiy mavzusiga aylanadi.
Mavzuga oid
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:35 / 27.05.2025
Moskvada shaharni bilmagan taksi haydovchilari jarimaga tortiladi
18:10 / 27.05.2025
Rossiyada mushtlashuvdan keyin 11 nafar o‘zbekistonlik hibsga olindi
15:45 / 27.05.2025