Rossiya Ukraina bo‘ylab yoppasiga zarba yo‘lladi. So‘nggi ma’lumotlar
Kiyev va Xarkivda turar joylar shikastlangan, qurbonlar bor.

Foto: Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Rossiya qo‘shini 2 yanvarga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab yopirilma zarba berdi.
1 yanvar kuni kechqurun va tun mobaynida rossiyalik harbiylar Shahed-136/131 tipidagi 35 ta zarbdor dronlar bilan zarba yo‘llagan, deya ma’lum qildi Ukraina QK havo kuchlari. Ma’lum qilinishicha, barcha dronlar urib tushirilgan. Shuningdek RF qo‘shini bir qancha raketa zarbalari amalga oshirgan: Tu-95MS bombardimonchilari va MiG-31K qiruvchilari («Kinjal» raketalari tashuvchisi) orqali zarbalar yo‘llangani xabar qilingan. Ukraina havo kuchlari RF qo‘shini «Kinjal»larni Kiyev yo‘nalishida uchirilganini ma’lum qilgan. Ukraina ombudsmeni Dmitro Lubinetsga ko‘ra, Rossiya Ukraina bo‘ylab 10 dan ortiq «Kinjal» raketalari uchirgan. Butun Ukraina bo‘ylab havo trevogasi e’lon qilingan. Ukraina regionlarida havo hujumidan mudofaa kuchlari ishlagan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qilishicha, yopirilma zarbalar natijasida, mahalliy vaqt bilan soat 10:51 holatiga (Toshkent vaqti bilan 13:51), to‘rt kishi halok bo‘lgan va 92 kishi yaralangan. Zelenskiy Rossiya qo‘shini Ukrainadagi fuqarolik obektlariga hujum qilganini ta’kidlagan. «Uchinchi kundirki havo hujumidan mudofaa kuchlarimiz jangchilari aql bovar qilmas ish olib borishmoqda. 31 dekabrdan buyon rossiyalik yaramaslar 170 ga yaqin „shahidlar“ va o‘nlab turli tipdagi raketalarni uchirishdi. Ularning mutlaqo ko‘pchilik qismi fuqarolik obektlariga yo‘naltirilgan», — degan Ukraina prezidenti.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy xabar qilishicha, Rossiya qo‘shini Ukrainaga qilingan hujumda turli tipdagi 99 ta raketadan foydalangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tu-95MS rusumli 16 ta bombardimonchi samolyotlar X-101/X-555/X-55 rusumli kamida 70 ta qanotli raketalar uchirgan. MiG-31K qiruvchilari X-47M2 «Kinjal» rusumli o‘nlab aeroballistik raketalar bilan zarba yo‘llagan. Bundan tashqari, RF qo‘shini «Kalibr» raketalari, ballistik raketalar, shuningdek X-31P rusumli radiolokatsiyaga qarshi raketalar uchirgan. Zalujniyning tasdiqlashicha, mamlakat havo hujumidan mudofaa kuchlari 72 ta raketani yo‘q qilgan: 10 ta «Kinjal»dan 10 tasi, 70 ta X-101/X-555/X-55 rusumli qanotli raketalardan 59 tasini, shuningdek «Kalibr» rusumli uchta qanotli raketaning barchasini urib tushirgan.
Kiyev
Kiyev shahri harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popko xabar qilishicha, Rossiya qo‘shini havodan qo‘llanadigan qurollari arsenalining katta qismidan foydalangan. RF qo‘shini avvaliga Kiyevga taxminan 15 ta Shahed dronlari bilan hujum qilgan, keyin Tu-95MS bombardimonchilari X-101/X555X-55 qanotli raketalari to‘lqinini yuborgan, MiG-31K samolyotlari esa Kiyevga X-47M2 «Kinjal» raketalarini uchirgan. Popkoning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari barcha dronlarni, 60 dan ortiq X-101/X555X-55 rusumli raketalar hamda «o‘nlab» «Kinjal» raketalarini urib tushirgan.
Kiyevning Desnyanskiy rayonida ochiq maydonga uchuvchisiz uchar qurilma parchalari tushgan, deya xabar bergan shahar meri Vitaliy Klichko. Uning aniqlik kiritishicha, bu hududda supermarketda yong‘in chiqqan.
Solomenskiy rayonida raketa hujumi oqibatida ko‘p qavatli turar joy binosining ikki qavatida yong‘in ro‘y bergan, deyiladi Sergey Popkoning xabarida. Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in tufayli odamlar o‘z qavatlarida qamalib qolgan. Uy yaqinida vaqtincha isinish markazi tashkil etilgan va bu yerda odamlarga zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Ukraina rasmiylarining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyevga zarbalar oqibatida ikki kishi halok bo‘lib, 49 kishi jarohat olgan. Ularning barchasi Kiyevning Solomensk rayoniga raketa zarbasi oqibatida jarohatlangan. Jabrlanganlarning ko‘pchiligi shifoxonaga yotqizilgan.

Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

Pecherskiy rayonida raketa parchalari to‘qqiz qavatli uy tomiga va yana bir ko‘p kvartirali uy ustiga qulagan. Goloseyevskiy rayonida parchalar xiyobon hududiga, Obolonskiy rayonida — aholi yashamaydigan qurilishlarga tushgan.
Podolsk rayonida gaz quvuri, fuqarolik infratuzilmasi (aynan qanday obektligi aniq emas), suv uzatish quvuri shikastlangan. U yerda ikki ming kvadrat metr maydonni egallagan omborxonada, bozor va turar joylar hududida yong‘inlar ro‘y bergan. Obolonskiy rayonida ham parchalar ombor hududiga tushgan. Klichkoning xabar qilishicha, Svyatoshinskiy rayonida ijtimoiy infrastruktura obektga zarba berilgan. Darnitskiy rayonida xususiy uylar va cherkov binosi shikastlangan. Ukrain nashrlari Tesla avtosalonida yong‘in ro‘y berganini xabar qilgan, ammo bu ma’lumot hozircha tasdiqlanmagan.
Kiyevning ayrim rayonlarida ichimlik suvi ta’minotida muammo yuzaga kelgan, deb xabar beradi Klichko. Shevchenkovo, Svyatoshinskiy, Goloseyevskiy va Obolon rayonlarida elektr uzilishi kuzatilmoqda. Shuningdek, Kiyev oblastining Buchansk va Vishgorod rayonlarida ham tok yo‘q.
Kiyev o‘qqa tutilishi oqibatida 259 ming iste’molchi elektrsiz qolgan, deya xabar beradi Ukraina energetika vazirligi. Vazirlikka ko‘ra, Kiyevda havo liniyasi shikastlanishi oqibatida qator nimstansiyalar kuchlanishsiz qolgan.

Kiyev oblasti
Kiyev oblastida, Ukraina IIV ma’lumotiga ko‘ra, Borispol, Buchansk va Fastovsk rayonlari jabrlangan. Turar joylar va 60 dan ortiq avtomobillar shikastlangan. Vishneve shahrida beshta ko‘p kvartirali uylar, boshqa rayonlarda — xususiy uylar shikastlangan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyev oblastida ikki kishi halok bo‘lib, 11 kishi jarohatlangan, ular orasida bir bola ham bor.
Regionda otishmalar oqibatida yuqori voltli liniyalar, shuningdek nimstansiyalar uskunalari shikastlangan. Bundan tashqari, GES faoliyatida vaqtincha uzilishlar yuzaga kelgan.
Xarkiv
Rossiya qo‘shini Xarkiv markaziga mahalliy vaqt bilan 2 yanvar kuni soat 7:30 atrofida zarba berdi, deb xabar beradi Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov. Uning aytishicha, Rossiya Xarkivga «Kinjal» raketalari, shuningdek S-300 kompleksidan uchirilgan zenit raketalari bilan hujum qilgan.
Xususan, zarbalar Shevchenkovo rayoni bo‘ylab berilgan, politsiya ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda to‘rtta nuqtaga zarba kelib tushgan. Rasmiylarga ko‘ra, ko‘p kvartirali turar joylar, xo‘jalik binolari, boshqa fuqarolik infratuzilmalari shikastlangan, yong‘inlar kelib chiqqan. Shuningdek, bir qancha avtomobillar yonib ketgan.
Rasmiylarning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Xarkivda raketa zarbasi oqibatida mahalliy aholi vakillaridan 91 yoshli ayol halok bo‘lgan, 45 kishi jarohatlangan, ular orasida besh nafar bola ham bor.
Ukrainaning qolgan hududlari
Kirovograd oblastining Kropivnitskiy shahrida ham portlashlar kuzatilgan, deb xabar bergan «Suspilne» telekanali. Hujum oqibatlari haqida hozircha ma’lumot berilmagan. Kropivnitskiy rayonida raketa urib tushirilgan, uning parchalari uylardan birining hovlisiga tushgan. Region rahbari Andrey Raykovichga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q.
Ukrain nashrlari Sumida portlash bo‘lganini yozishgan, uning sababi hozircha ma’lum emas.
Rossiyaning reaksiyasi
RF mudofaa vazirligi xabar berishicha, mamlakat qurolli kuchlari katta masofaga harakatlanuvchi «yuqori aniqlikdagi qurollar» va dronlar bilan Ukraina harbiy-sanoat kompleksi korxonalari bo‘ylab guruhli zarbalar yo‘llagan.
Kiyev shahri va oblastida zarbalar raketalar va dronlar ishlab chiqarish hamda harbiy texnikalarni ta’mirlash bo‘yicha buyurtmalarni bajarayotgan korxonalar bo‘ylab yo‘llangan, deyiladi RF mudofaa vazirligi xabarida. Shuningdek, raketalar, o‘q-dorilar va Ukraina g‘arbdan qabul qilib olgan aviatsiya vositalari saqlanayotgan omborlar bo‘ylab zarbalar berilgan.
«Zarbalar nishonga borib yetdi. Barcha obektlarga aniq zarba berildi», — deyilgan RF mudofaa vazirligi xabarida.
Mavzuga oid

01:11
Yevropaning oltita davlati «Rossiyaga bosim o‘tkazishni» davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi

15:05 / 31.03.2025
Bayden davrida Ukraina va AQSh o‘rtasida qanday bahslar bo‘lgan? NYT surishtiruvidan asosiy gaplar

08:51 / 31.03.2025
Urushdagi mutlaq rekord: mart Rossiya artilleriyasi uchun «qora oy» bo‘ldi

08:13 / 31.03.2025