Taqdiri noaniq qolayotgan sobiq KGB xodimi – FXX polkovnigi nega AQShga qochib ketgandi?
2010 yilda sobiq KGB zobiti, Rossiya federal xavfsizlik xizmati yuqori martabali xodimi soxta pasport bilan Belarus-Ukraina yo‘nalishi orqali Germaniyaga boradi. So‘ng AQShga qochib ketadi. Keyinchalik, o‘sha paytda Rossiya prezidenti bo‘lgan Dmitriy Medvedevning AQShga safari oldidan amerikaliklar FXX zobitining qochishini uyushtirgani ma’lum bo‘ladi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng dunyo siyosiy sahnasida shiddatli raqobat ketar ekan, SSSR va G‘arb «josuslik o‘yinlariga» zo‘r beradi.
G‘arb davlatlari sovetlardan alamzada bo‘lgan insonlar orasidan o‘ziga josuslar yollaydi. SSSR esa «sovetlar mamlakatida barcha baxtiyor» degan cho‘pchakka ishonib yurgan insonlar bilan aloqa bog‘laydi.
Agar «dushman» tomonga xizmat qilganlar soniga qaralsa, AQSh maxfiy xizmatlari xodimlaridan ko‘ra, KGB xodimlari ko‘proq bunday ishga qo‘l urganini ko‘rish mumkin.
Jumladan, XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab ko‘plab KGB xodimlari G‘arb davlatlariga qochib ketgan va siyosiy boshpana so‘ragan. Bu jarayon SSSR tarqab ketgandan keyin ham to‘xtamadi va Rossiya maxfiy xizmat xodimlari G‘arbga qochishda davom etdi.
«Yovuz imperiya» qulagandan so‘ng G‘arbga qochganlardan biri sobiq KGB zobiti, Rossiya Federal xavfsizlik xizmatida yuqori lavozimda ishlab turgan Aleksandr Poteyev edi.
FXXning yuqori lavozimli mansabdori sifatida qariyb cheklanmagan hokimiyatga ega bo‘lgan va qo‘lini qayerga uzatsa yetadigan Poteyevning qochib ketishi o‘sha paytda juda ko‘pchilikni ajablantirgandi.
Sobiq KGB zobiti
Aleksandr Poteyev 1952 yilda Belarusning Brest viloyatida, sovet ittifoqi qahramoni Nikolay Poteyev oilasida tug‘iladi. U harbiy xizmatni o‘tab kelgach Minsdagi KGB maktabida o‘qiydi.
Maktabni bitirgach u Brest viloyati KGB boshqarmasida ishlay boshlaydi. Bir necha yildan so‘ng Poteyev avvaliga KGB Belarus boshqarmasiga, so‘ng Moskvadagi markaziy boshqarmaga o‘tkaziladi.
1979 yilda Poteyev KGBning maxsus «Zenit» bo‘linmasi bilan Afg‘onistonga jo‘natiladi. Qobulda belgilangan maxsus operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshiriladi va Afg‘onistonga sovet qo‘shinlari kiritiladi.
1981 yilda Poteyev KGBning Kobuldagi maxsus «Kaskad-2» guruhiga o‘tkaziladi. O‘sha yili aprelda guruhdagi jangovar xizmatlari uchun Qizil Yulduz ordeni bilan taqdirlanadi.
Afg‘onistondan qaytganidan so‘ng Poteyev Moskvadagi KGB oliy maktabida o‘qiydi va uni KGB birinchi bosh boshqarmasiga ishga o‘tkazishadi.
SSSR parchalanib ketganidan so‘ng Poteyev Rossiya tashqi razvedka xizmatida ishlaydi. So‘ng Rossiyaning AQShdagi elchixonasiga ishga yuboriladi.
1995 yilda Poteyev Rossiyaning BMT qoshidagi doimiy vakolatxonasida ish boshlaydi. 2000 yilda Moskvaga chaqirilib, Rossiya tashqi razvedka xizmatining «S» boshqarmasiga qarashli 4-bo‘lim boshlig‘i bo‘ladi.
Bu boshqarma nolegal razvedka bilan shug‘ullanar, uning 4-bo‘limi esa asosan Amerika bo‘yicha faoliyat yuritardi. Poteyev Amerikaga qochib ketgancha shu bo‘limni boshqaradi.
Qochish
2010 yil iyun oyida Poteyev Dudochkin degan shaxs nomiga olingan pasport bilan avval Belarusga boradi. So‘ng Ukrainaga o‘tadi va u yerdan Germaniyaga boradi.
Keyinchalik, Poteyev qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqib Amerikaning Moskvadagi elchixonasiga emas, Ukrainadagi konsulligiga murojaat qilgani ma’lum bo‘ladi. Dudochkin nomiga olingan pasportni ham Amerikaning Ukrainadagi konsulligi tayyorlab bergani oydinlashadi.
Germaniyada Poteyev MRBning Frankfurt shahridagi shtab-kvartirasiga boradi va o‘zida bo‘lgan fayllarni va «mutlaqo maxfiy» tamg‘asi tushirilgan hujjatlarni amerikaliklarga beradi. Keyin uni AQShga uchirib yuborishadi.
2010 yil iyunda o‘sha paytda Rossiya prezidenti bo‘lib turgan Dmitriy Medvedevning AQShga rasmiy tashrif buyurishi rejalashtirilgandi.
Tashqi razvedka xizmatida muhim figura sanalgan shaxsning tashrifga bir necha kun qolganda okean ortiga qochishi Rossiya uchun juda og‘riqli zarba edi.
Poteyev qochib ketgancha uning MRB bilan aloqalari haqida hech kim hech narsa bilmagan.
Qochib ketganidan so‘ng Poteyevning MRB bilan aloqalari haqida turli gap-so‘zlar chiqadi. Ularga ko‘ra Aleksandr avvaldan Amerika maxsus xizmati xodimlariga ma’lumot berib kelgan.
Shuningdek, amerikaliklar Poteyevning qochishini jo‘rttaga Medvedevning tashrifi oldidan uyushtirishgan deyishadi. Bundan tashqari, Poteyevning xotini Margarita Potayeyeva va qizi ancha vaqtdan buyon Amerikada yashab kelayotgani ham o‘shanda oshkor bo‘ladi.
Poteyevning «Rosoboroneksport»da ishlovchi o‘g‘li otasidan biroz avval yashirincha Amerikaga qochib ketgandi. Uning AQShda ekanini ruslar Poteyev ham qochganidan so‘ng bilishadi.
Poteyev AQShga qochib ketib, amerikaliklarga «mutlaqo maxfiy» yorlig‘i ostida saqlanayotgan ko‘p ma’lumotlarni beradi.
U bu ishi bilan Rossiya maxfiy xizmatlariga va tashqi razvedka idorasiga juda katta zarar keltiradi.
Jumladan, u AQShda MRBga Amerikada ishlab kelayotgan 11 nafar FSB josuslari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etadi. Aynan uning ma’lumotlari bo‘yicha 10 kishi, jumladan, Anna Chapman, tashqi razvedka xizmatining iste’fodagi xodimi, podpolkovnik Mixail Vasenkov hibsga olinadi.
Ko‘p o‘tmay, AQSh va Rossiyada josuslikdar ayblangan shaxslarni o‘zaro almashish haqida kelishuvga erishishadi. AQSh Rossiyaga hibsga olingan shaxslarni qaytarib beradi. Ular orasida Chapman va Vasenkov ham bor edi.
Rossiya AQShga amerikaliklar foydasiga josuslik qilishda ayblanib hibsga olingan Igor Sutyagin, Britaniya foydasiga josuslik qilishda ayblangan Sergey Skripal va Aleksandr Zaparojskiyni qaytaradi.
(2018 yilda Britaniyada yashab kelayotgan Skripal va uning qizini FSB xodimlari rakioaktiv moddalar bilan zaharlashadi. Biroq Rossiya tomoni buni tan olmagan)
Poteyev MRBga o‘zidagi ma’lumotlarni berib bo‘lgach boshqa ishlar bilan shug‘ullanadi. Rossiyaliklar Poteyev AQShda rossiyalik tadbirkorlar va davlat amaldorlarining pullarini yuvish bilan shug‘ullanganini aytishadi.
Sud va sirtdan hukm
Poteyev qochib ketganidan so‘ng unga nisbatan Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jumladan, u davlatga xiyonat qilishda va xizmat joyini tashlab qochishda ayblanadi.
2011 yil 3 may kuni FXX Poteyevga qarshi o‘tkazilgan surishtiruvlar tugaganini ma’lum qiladi va ish sudga oshiriladi.
2011 yil 27 iyun kuni Moskva harbiy okrugi sudi Poteyevga sirtdan hukm chiqaradi. Sobiq KGB va FFX xodimining barcha unvonlari va davlat mukofotlari bekor qilinadi.
Bundan tashqari, unga 25 yil qamoq jazosi berishadi. Qamoqni qattiq tartibli koloniyada o‘tashi belgilanadi.
Poteyevning advokati hukmdan norozi bo‘lib kassatsiya shikoyati kiritadi. Biroq Rossiya oliy sudi harbiy kollegiyasi sud hukmini o‘zgartirishsiz qoldiradi.
O‘shanda Poteyevning Rossiya davlat manfaatlariga yetkazgan zarari 50 mln dollarga baholangan.
Qochoqning «o‘limi»
2016 yilda Rossiyadagi bir qator axborot agentliklari o‘z manbalariga tayanib, Poteyev AQShda vafot etgani haqida xabar tarqatadi.
Ulardan biri Poteyev haqidagi boshqa bir taxminni ilgari suradi. Ya’ni sobiq KGB va FSB xodimi vafot etmagan. Shunchaki uni Rossiyada o‘ldi deb o‘ylashlari va tinch qo‘yishlari uchun yolg‘on xabar tarqatilgan.
Bu taxminda jon bo‘lishi mumkin. Chunki Poteyev AQShda yashar ekan, FSB qochoqning yashash joyini aniqlay olsa uni yo‘q qilishga harakat qilishi tayin edi. Bunday paytlarda Poteyevni o‘ldi deb e’lon qilish va unga boshqa amerikacha ism-sharif berib yashirish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.
Shu omillar sababli Rossiyada Poteyevning o‘lganiga uzil-kesil ishonishmagan va FSB ma’lumotlarida u qidirilayotgan shaxs sifatida turibdi.
2018 yil oktyabr oyida BuzzFeed internet nashri AQShda 2016 yil vafot etdi deyilgan Poteyevning ism-sharifi va tug‘ilgan sanasi mos keladigan odam haqidagi ma’lumotlarni topganini e’lon qildi. Biroq uning haqiqatdan Poteyev ekani yoki boshqa odamligi mavhumligicha qoldi.
2016 yilda Poteyevning o‘limi haqida xabar tarqalar ekan, bu ishni Putinning matbuot kotibi Peskov ham izohlagan edi. O‘shanda unga «Poteyevning o‘limi haqida mamlakat rahbari nima deydi?» deb savol berishadi.
Peskov Putin Poteyevning vafoti bilan qiziqmaganini ta’kidlab, «Bu Kreml hamda Putinga beriladigan va u e’tibor qaratadigan savol emas», degandi.
BBC’ning xabar berishicha, Poteyevning tirikligi haqida gap-so‘zlar tarqalgach, 2019 yilda FSB uni topish va yo‘q qilish bo‘yicha amaliyot o‘tkazishni rejalashtiradi.
Poteyevni topish bo‘yicha odam yollanadi. Biroq uni topishning iloji bo‘lmaydi va amaliyot natijasiz tugaydi. Ko‘p o‘tmay Poteyevni topish uchun yollangan meksikalik shaxs MRB tomonidan hibsga olinadi.
Amaliyot amerikaliklarga oshkor bo‘lgach, 2020 yil aprelda rossiyalik 10 nafar diplomat AQShdan chiqarib yuboriladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
11:15 / 21.11.2024
Putin Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor - Reuters
10:46 / 21.11.2024
AQSh Ukrainaga yangi harbiy yordam ajratilishini e’lon qildi
10:31 / 21.11.2024