Jahon | 09:55 / 03.01.2024
5487
4 daqiqa o‘qiladi

Harvard universiteti prezidenti iste’foga chiqdi

Klodin Gayning Harvard universiteti prezidenti lavozimidan iste’foga chiqishi antisemitizm va plagiat bo‘yicha ayblovlar fonida sodir bo‘ldi.

Foto: SCANPIX/REUTERS/KEN CEDENO

Harvard universiteti prezidenti, universitet tarixida bu lavozimni egallagan birinchi afro-amerikalik va ikkinchi rahbar ayol Klodin Gay 2 yanvar, seshanba kuni iste’foga chiqishini e’lon qildi. U bu qadamni o‘ziga qarshi ko‘chirmachilik va universitetda antisemitizmga qarshi kurash yo‘qligi bo‘yicha ayblovlar fonida qo‘ygan. 

«Men sizlarning ko‘plaringiz bilan bu buyuk universitetni asrlar davomida rivojlantirgan akademik yuksaklikka sadoqatni ilgari surish bo‘yicha ishlash imkoniyatini mamnuniyat bilan qabul qildim. Ammo (Harvard universitetini boshqaruvchi) korporatsiya a’zolari bilan maslahatlashgandan so‘ng, Harvard manfaatlarini himoya qilish uchun men iste’foga chiqishim kerakligi ma’lum bo‘ldi. Shunda bizning hamjamiyatimiz alohida shaxslarga emas, balki institutga e’tibor qaratib, ushbu favqulodda qiyin vaziyatni yengib o‘tishi mumkin», deyiladi Gayning bayonotida.

Klodin Gay 2023 yil iyulidan beri Harvard universiteti prezidenti lavozimida ishlab kelayotgandi. So‘nggi oylarda olimaga nisbatan tanqidlar kuchaydi, chunki u o‘z ilmiy nashrlarida manbalarga havolalarni to‘g‘ri qo‘ymaydi. Oxirgi bunday ayblovlar 1 yanvar kuni The Washington Free Beacon konservativ onlayn-nashrida paydo bo‘ldi. The New York Times gazetasining yozishicha, nashr so‘nggi bir necha hafta ichida Gayga qarshi kampaniya olib borgan. 

Antisemitizmni bostirmaslik bo‘yicha ayblovlar 

Ayniqsa, Klodin Gayga nisbatan qattiq tanqidlar Harvard HAMAS harakatining Isroilga hujumini yetarlicha qoralamagani uchun yangradi. Xuddi shu narsa falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash aksiyalariga ham taalluqli, ular ba’zi talabalar tomonidan kampus hududida uyushtirildi.

Gayning pozitsiyasidan norozilik dekabr oyi boshida, tanqidchilarga ko‘ra, u AQSh Kongressida yahudiy xalqini genotsidga chaqirish Harvard talabalari uchun axloq qoidalarini buzadimi yoki yo‘qmi, degan savolga to‘g‘ri javob bermaganidan keyin yanada kuchaydi.

Avvalroq AQSh Kongressining 70 dan ortiq a’zosi Klodin Gayni Harvard prezidenti lavozimidan iste’foga chiqishga chaqirgan edi. Shu bilan birga, universitetning bir qator nufuzli bitiruvchilari va donorlari, shuningdek, Harvardning 700 dan ortiq professor-o‘qituvchilari Gayni qo‘llab-quvvatlab chiqdi.

NYT ma’lumotlariga ko‘ra, Gayning iste’fosini Harvard bitiruvchilari yahudiy alyansi olqishlagan, u, o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, universitetning bir necha ming bitiruvchilari manfaatlarini ifodalaydi. «Klodin Gay Harvardda nafrat tarqatmoqchi bo‘lganlarni jimgina rag‘batlantirdi, bu yerda endi ko‘plab yahudiylar o‘zini xavfsiz his qilmayapti», deyiladi guruh bayonotida. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 22 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid