O‘zbekiston | 07:59 / 03.01.2024
10338
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish ustida ish olib borilmoqda 

Qozog‘istonning «Kazinform» xalqaro axborot agentligi O‘zbekistonda oltita «yashil» elektr stansiyalari ishga tushirilgani haqidagi maqolani o‘z o‘quvchilari o‘rtasida tarqatdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Dunyo» xabariga ko‘ra, nashrda Toshkentda O‘zbekiston rahbari va xorijiy investorlar ishtirokida umumiy quvvati 2,4 gigavatt bo‘lgan yangi «yashil» elektr stansiyalarini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tgani ma’lum qilingan.

«Respublikaning olti viloyatida beshta quyosh va bitta shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi, - deyiladi materialda. -Navoiy va Samarqand viloyatlarida birinchi marta to‘liq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan davlat-xususiy sheriklik shartlarida umumiy quvvati 200 megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi».

Maqolada BAAning Masdar kompaniyasi Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 900 megavatt bo‘lgan uchta zamonaviy fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni yakunlagani qayd etilgan. Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 500 megavatt quvvatga ega bo‘lgan shamol elektr stansiyasining birinchi navbati qurib foydalanishga topshirildi.

Qozog‘iston elektron nashri, shuningdek, qurilish ishlari bor yo‘g‘i to‘qqiz oyda yakunlanganini bildirgan. Ma’lum qilinganidek, ayni paytda O‘zbekistonda 9 gigavatt quvvatga ega 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari ustida ish olib borilmoqda.

«Umuman olganda, O‘zbekistonda 2030 yilgacha «yashil» elektr stansiyalari quvvatini 27 gigavattga oshirish rejalashtirilgan. Bu har yili 25 milliard kub metr tabiiy gazni tejash va atmosferaga zararli moddalar chiqarilishini 34 million tonnaga kamaytirish imkonini beradi», - deb yozgan «Kazinform».

Mavzuga oid