«Putin sizni YeI, NATO, erkinlik va demokratiyaga qo‘shib kechki ovqatda yeydi». Zelenskiyning Economist’ga intervyusidan asosiy gaplar
Zelenskiy bugungi kunga kelib butun dunyoda ham, ukrain jamoatchiligida ham urush boshida bo‘lgani kabi Ukraina atrofida jipslashuv yo‘qligidan shikoyat qilgan. U g‘arb mamlakatlari Ukrainaga yordam berish orqali o‘zlarini Putinning tajovuzidan himoya qilayotganini eslatgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Economist jurnaliga intervyu berib, urush hali yakunlanmayotgani va bo‘shashishga hali ertaligi — Ukrainani qo‘llab-quvvatlash orqali Yevropa o‘ziga yordam berishi haqidagi fikrlarini g‘arb jamoatchiligiga yetkazishga harakat qildi.
Uning fikricha, G‘arb Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar ahamiyatini his qilmay qo‘ygan, ammo ularda Rossiya ustidan g‘alaba qozonishdan boshqa chiqish yo‘li yo‘q.
Zelenskiyni Rossiyaning jang maydonidagi muvaffaqiyati va Ukraina qurolli kuchlarida g‘alaba qozona olmayotgani emas (uning o‘zi bunday deb hisoblamaydi), balki ittifoqchilar lageridagi sarosima va ikkilanish hamda ayrim vatandoshlari o‘zini chekkaga olishidan g‘azablantiradi.
Rossiyaning 2022 yil 24 fevral kuni boshlagan bosqinining ikkinchi kunida Zelenskiy qisqa, bir yarim daqiqalik videorolik e’lon qilgan va unda shunchaki shunday degandi: «Biz shu yerdamiz». U davom etayotgan hamlalar va bombalashlarga qaramay, hamon Kiyevdagi hukumat kompleksida qolmoqda.
Ammo, deya qayd etadi Economist, urush boshlanganidan qariyb ikki yil o‘tib dunyo endi uning so‘zlarini avvalgi kabi diqqat bilan tinglamayapti, Zelenskiyning o‘zi esa endi voqealar rivojini mohirlik bilan nazorat qila olmayapti.
«Ukrainada charchoq kuchaymoqda. G‘arbda sarlavhalar Vladimir Putin, Rossiya prezidenti, g‘alaba qozona boshladimi, degan mazmunda chiqmoqda. Ukrainlarga yordam masalasi Amerika va Yevropada siyosiy savdo predmetiga aylandi», — deya qayd etadi Economist.
G‘arb tezkor harakat qilish zarurligi [Ukrainaga harbiy yordam berishda] tuyg‘usini, ko‘plab ukrainlar esa — ekzistensial tahdidlar tuyg‘usini yo‘qotdi, deydi Zelenskiy. «Biz [2023 yilgi qarshi hujumda] dunyo istagan ishlarga ulgurmagan bo‘lishimiz mumkin. Ba’zilar tasavvur qilganidek barchasi bu qadar tez bo‘lmasligi mumkin», — deydi Ukraina prezidenti.
Putin urushda g‘alaba qozonayotgani haqidagi fikrni, shunchaki «hissiyot», shunchaki shunday tuyulmoqda, deb hisoblaydi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, reallik shundaki, Rossiya armiyasi Ukrainada, jumladan Avdiyivkada ulkan yo‘qotishlarga uchramoqda. «Minglab, minglab o‘ldirilgan va jasadlarini hech kim olib ketmagan rossiyalik soldatlar», — degan Zelenskiy 2023 yilda Rossiya birorta yirik shaharni egallay olmagani, bu vaqtda esa Ukraina Rossiyaning Qora dengizdagi qamalini yengib o‘tishga muvaffaq bo‘lgani va endi Ukraina janubiy sohillari hududida yangi marshrut bo‘ylab millionlab tonna g‘alla tashiyotgani haqidagi tezisni eslatib o‘tgan. «Ulkan natija!» — degan prezident.
- Britaniya razvedkasining baholari ham shunga mos keladi, unga ko‘ra, agar vaziyat radikal darajada o‘zgarmasa, 2025 yilga borib Rossiyaning yo‘qotishlari 500 000 mingga (halok bo‘lganlar va yaralanganlar) yetadi.
Ammo Zelenskiy voqelikni idrok etish reallikka aylanib, o‘zini o‘zi amalga oshiradigan prognozning bir turiga aylanishi mumkinligini tushunib turibdi. Aynan shu kelgusi yilni yanada muhim qiladi. Rossiyaning harbiy sa’y-harakatlari kuchayib, Ukrainaning resurslari kamayib borayotgan mahalda esa, Amerika va Yevropaning ko‘plab mamlakatlari e’tibori saylovlar yilida ichki siyosatga qaratilmoqda.
Zelenskiy Ukrainani qo‘llab-quvvatlash orqali Yevropa o‘zini Rossiya tajovuzidan himoya qilishini ta’kidlaydi. «Bizga pul berish yoki qurol berish orqali siz o‘zingizni qo‘llab-quvvatlamoqdasiz. Siz bizning bolalarni emas, o‘zingiznikini qutqarmoqdasiz», — deya ogohlantiradi u. Agar Rossiyaga ukrain bolalarini olishga yo‘l qo‘yilsa (katta ehtimol bilan, gap frontga chaqiruv haqida ketmoqda — tahr), «ular boshqa [yevropalik] bolalarni ham olib ketadi». Agar Rossiya ukrainlar huquqini poymol etsa, «u butun dunyoda ham huquqlarni buzadi». Agar Ukraina yutqazsa, Putin urushni G‘arbga olib o‘tadi.
«Putin xuddi vahshiy hayvon kabi zaiflikni his qiladi, chunki u amalda ham vahshiy. U qonni his qiladi, u o‘z kuchini his qiladi. Va u sizni butun Yevropa ittifoqingiz, NATO, erkinlik va demokratiyangiz bilan birga qo‘shib kechki ovqatga yeydi», — degan Zelenskiy.
«Balki, nimadir yetishmayotgandir. Yoki, kimdir yetishmayapti. Ukraina barchamizni himoya qilayotgani haqida gapira oladigan kimdir». Yevropa mamlakatlari o‘z manfaati uchun Amerikada Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni lobbi qilishi kerak: «Yevropaning bir necha mamlakatlari razvedka xizmatlari ularning hududiga Rossiya tomonidan hujum bo‘lishi ehtimolini [o‘rgana] boshladi… Hatto SSSR tarkibida bo‘lmagan mamlakatlar ham».
Muzokaralar bo‘yicha takliflar xususida, Zelenskiy «Rossiya tomonidan tinchlik yo‘lida hech qanday fundamental qadamlar»ni ko‘rmayotganini aytgan. «Men faqat terrorchi mamlakat qadamlarini ko‘rmoqdaman», — deydi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar ayrim g‘arb nashrlari yozayotgani kabi Rossiya mojaroni muzlatish istagi haqida signal berayotgan bo‘lsa ham, bu «ular adolatgo‘y bo‘lgani tufayli emas». «Bu ularda raketalar, o‘q-dorilar va tayyorlangan qo‘shinlar yetarli emasligi uchun. Bunday pauza ularga kerak. Kuchlarni tiklash uchun. Keyin barcha kuchlarni to‘plab, bu urushda yangi sahifa ochish uchun», — deydi Zelenskiy.
Zelenskiy Ukraina 2024 yilda qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan yutuqlar bo‘yicha mulohazaga berilmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yil bahorida qarshi hujum haqidagi ma’lumotlar sizib chiqishi Rossiyaga mudofaaga tayyorlanishda qo‘l kelgan. Ammo uning hisoblashicha, asosiy e’tibor Qrim va Qora dengizdagi jangga qaratiladi. «2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimning ihotalanishi va bu yerda rossiyaliklarning harbiy salohiyati zaiflashishi biz uchun favqulodda muhim, chunki bu mazkur regiondan qilinadigan hujumlar soni kamaytirilishi tomon yo‘ldir», deydi u.
Muvaffaqiyatli amaliyot butun dunyo uchun namuna bo‘ladi, deya davom etgan u. Bu shuningdek Rossiya ichkarisida ham kuchli effekt beradi. Kreml propagandasining markaziy obekti boy berilishi «minglab rossiyalik ofitserlar faqat Putinning ambitsiyalari uchun qurbon bo‘lgani»ni ko‘rsatgan bo‘lardi.
Ukraina strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yarimorolda allaqachon aql bovar qilmas g‘alabalarga erishmoqda, Qora dengiz flotining «anchagina miqdorda»gi kemalarini yo‘q qilmoqda — britaniyalik mulozimlar tasdiqlashicha, so‘nggi to‘rt oy ichida ushbu flotning beshdan bir qismi yo‘q qilingan. Rossiya so‘nggi 240 yil mobaynida ushlab turgan harbiy-dengiz bazaning boy berilishi Putin uchun ulkan sharmandalik bo‘lgan bo‘lardi.
Ammo muvaffaqiyat tezligi Ukraina g‘arblik hamkorlardan oladigan harbiy yordamga bog‘liq bo‘ladi, deydi Zelenskiy. U Ukraina qurolli kuchlariga nemislar ishlab chiqargan, katta radiusda harakatlanuvchi va Kerch ko‘prigini vayron qilib, amalda Qrim yarimorolini Rossiyadan ajratib qo‘yishga qodir bo‘lgan Taurus rusumli qanotli raketalarni yetkazib berishni so‘ragan. «Rossiya biz uchun bu harbiy obekt sanalishini bilishi kerak», — deya qayd etadi u.
Zelenskiy Ukrainaning sharq va janubdagi maqsadlari bo‘yicha yanada noaniq gapirgan. U tomonidan oldin ham ko‘p aytilgan strategik maqsad — Ukrainani 1991 yilgi chegaralariga qaytarish — o‘zgarmagan va o‘zgarmaydi, ammo u endi Ukraina yangi yilda qancha muddatda va qancha hududini ozod etishi mumkinligi haqida gapirmayapti. Bugungi kunda birinchi galdagi vazifa — «sharqni himoya qilish, Ukrainaning sharqi va janubidagi o‘ta muhim shaharlarni, Xarkiv, Dnipro, Zaporijjya, Xerson, Mikolayivni saqlab qolish» va mamlakatning juda muhim infratuzilmalarini muhofaza qilish.
2023 yilgi qarshi hujumdan haddan tashqari ko‘p narsa kutilgani yakunda qisman umidsizlikka olib keldi, deya qayd etadi Economist. Ukraina qo‘shinlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy mazkur nashrga 2023 yil noyabrida bergan intervyusida jang maydonida turg‘unlik yuzaga kelganini tan olgandi. Uning bu so‘zlari avvaliga Zelenskiyning g‘azabini keltirgan bo‘lsa-da, generalning chiqishi prezidentga o‘z ritorikasini o‘zgartirishi uchun ham imkon berdi. Endi u g‘alaba uchun nafaqat g‘arbni, birinchi galda Ukrainaning o‘zini safarbar etish lozimligini aytmoqda.
«Biz o‘z kuchlarimizni hisobga olishimiz kerak», — degan Zelenskiy. U hamon Amerika yakunda harbiy yordam ko‘rsatishiga ishonsa-da, Ukraina, uning so‘zlariga ko‘ra, g‘arbdan keladigan yordam yetarli bo‘lmay qolgan taqdirda o‘z ishlab chiqarish hajmini ham oshirishi kerakligini ta’kidlagan. Buning uchun u Amerika hukumatidan Ukrainaga artilleriya tizimlari va raketalardan tortib havo hujumidan mudofaa vositalariga qadar bo‘lgan qurollarni ishlab chiqarish uchun litsenziya taqdim etishni so‘ragan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, urush boshida sezilarli bo‘lgan «ukrain jamiyati va butun dunyo safarbarligi» bugungi kunda sezilmayapti. «Buni o‘zgartirish zarur», degan u va ukrain jamoatchiligi tomonidan yaxshi qabul qilinmasa ham, safarbarlik yoshini pasaytirish hamda xizmatni kechiktirish uchun asoslarni qisqartirishdan boshqa muqobil yo‘qligini ta’kidlagan.
«Safarbarlik — bu faqat frontga yo‘l oladigan askarlardan iborat emas. Gap barchamiz haqida ketadi. Bu barcha kuchlarni safarbar qilish demakdir. Bu davlatimizni himoya qilish va yerlarimizni ozod etishning yagona yo‘lidir. Keling, rostgo‘y bo‘laylik, biz ichki siyosat bilan chalg‘ib qoldik, — deydi Zelenskiy. — Agar biz e’tiborimizni ichki siyosatga qaratishda davom etsak, saylovlar belgilashimiz kerak bo‘ladi. Qonunlarni, konstitutsiyani o‘zgartirish. Ammo u holda qarshi hujum va deokkupatsiya harakatlarini unutishga to‘g‘ri keladi».
Zelenskiy hamon Ukraina Rossiyani mag‘lub etish rejasidan chekina olmaydi, deb hisoblaydi. «Bugungi kunda ukrainlar uchun eng muhim kasb — Ukrainada bo‘lishdir…, bizning g‘arblik hamkorlarimiz uchun esa — Ukraina bilan bo‘lish… Agar kuchingiz yetmasa, chetga chiqing. Biz chekinmaymiz», — degan Ukraina prezidenti.
Birgina masala Zelenskiy dunyoning qolgan qismini ham bu fikrga qo‘shilishga unday olishida, deya qayd etadi The Economist.
Mavzuga oid
22:08
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
17:53
AQSh razvedkasi Putinning xorijdagi muxoliflari o‘ldirilishiga oid maxfiy hujjatlarni qisman ochiqladi
16:33