Toshkentda noma’lum quruvchi daraxtzorni yo‘q qildi. Hokimlik uning kimligini ochiqlashni istamayapti
O‘rab olingan hudud yaqingacha daraxtzor bo‘lgan. Moratoriyga qaramay daraxtkesarliklar to‘xtamayotgani sababli boshlig‘i vaqtincha ishdan chetlashtirilib, vakolatlari cheklangan Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi ushbu holatga ham “o‘ta yumshoqlik” va noaniqlik bilan munosabat bildirgan. Mahalliy hokimlik esa quruvchi kimligini yashirmoqda.
Yunusobod tumanidagi Shahriston metro bekati va Toshkent teleminorasi o‘rtasidagi chorraha yonginasida joylashgan yashil hudud noma’lum quruvchi tomonidan qurilish qilish maqsadida o‘rab olingan. Fuqarolar murojaatidan so‘ng Kun.uz muxbiri vaziyatni joyiga borib o‘rgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Shahriston mahallasi hududida joylashgan “UNG Petrol” AYoQSh oldidagi yashil hududda yaqingacha daraxt ko‘p bo‘lgan. Biroq hudud o‘rab olingach, daraxtlar birin-ketin kesib tashlangan. Buni murojaatchilar taqdim qilgan suratlarda ham ko‘rish mumkin.
“Daraxt kesish oy boshida boshlandi. Ikki chetdagi daraxt qoldi faqat, o‘rtadagilari kesib tashlandi. Bir necha kundan keyin esa o‘rab olishdi”, deydi hududda yashovchi Mavjuda Tursunxo‘jayeva.
Yana bir fuqaro Dilorom Umarova esa quruvchi noma’lum ekanini ta’kidladi:
“Eng asosiysi bu yerdan metro tunneli o‘tgan. Katta-katta mashinalar ishlayapti, tuprog‘i olinyapti. Buning ustiga, loyiha ma’lumotlari yozib qo‘yilmagan, qurilish kompaniyasi, qanday obekt qurilayotgani, mas’ullar haqida ma’lumotlar yo‘q”.
Kun.uz holat yuzasidan “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, ushbu yashil hudud “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli emas. Biroq AYoQSh xodimlari tomonidan hudud tozaligi va u yerdagi daraxtlarga qarab kelingan. Yaqinda bir tadbirkor kelib, bu yer unga tegishli ekanini, qurilish qilmoqchiligini aytgan hamda yashil hududni o‘rab olgan.
Yunusobod tuman hokimligi esa hudud kimga qarashliligi, unda yerga egalik qilish huquqi bor yoki yo‘qligi haqidagi savollarni javobsiz qoldirdi.
Holat yuzasidan Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi rasmiy munosabat bildirgan. Unga ko‘ra, hududdagi uch tup archa daraxti fuqaro tomonidan boshqa joyga noqununiy ko‘chirib o‘tqazilgan hamda uch tup mevali daraxt o‘zboshimchalik bilan yo‘q qilib yuborilgan. Fuqaroga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima belgilangan. Shuningdek, unga har bir kesilgan daraxt va buta uchun uch yil parvarishlash sharti bilan 100 tupdan ko‘chat ekish majburiyati yuklatilgan.
Ammo poytaxtda moratoriyga qaramay daraxtkesarliklar to‘xtamayotgani sababli boshlig‘i vaqtincha ishdan chetlashtirilib, vakolatlari cheklangan boshqarmaning ushbu rasmiy munosabati biroz bahsli. Sababi, oldinroq olingan suratlarda bu yerda ancha ko‘p daraxt bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Baxtiyor To‘xtayev,
Kun.uz
Mavzuga oid
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024
Toshkentning ikkita ko‘chasida harakat 19 kunga cheklanadi
17:26 / 21.11.2024
Toshkentda isitish quvurida avariya yuz berdi
15:44 / 21.11.2024