Jahon | 13:30 / 07.01.2024
22577
12 daqiqa o‘qiladi

Besh yulduzli mehmonxona, metro bekati va 70 ming mashina uchun avtoturargoh – dunyoning eng yirik aeroportlari

Bugun dunyoning aksariyat yirik aeroportlari kichik shaharchalarni eslatadi. Juda katta hududlar, ko‘plab binolar, sanoqsiz odamlar, mashinalar, savdo do‘konlari, metro bekatlari va mehmonxonalar – bular aeroportlarni butun boshli ma’muriy birlikka aylantirib qo‘yadi. Ushbu materialda hudud jihatdan dunyodagi eng yirik aeroportlar haqida ma’lumot beramiz.

Foto: archdaily.com

Ko‘pgina shaharlar xalqaro markaz – dunyo bo‘ylab parvozlar amalga oshiriladigan joyga aylanishga harakat qilmoqda. Shu maqsadda yirik aeroportlar qurilmoqda.

Shuningdek, ayrim shaharlarda ishlab turgan havo qo‘nalg‘alari torlik qilib qolgani va ularni kengaytirishning iloji bo‘lmagani uchun ham boshqa yirikroq aeroport qurilgan.

Masalan, Istanbuldagi aeroport bilan shunday bo‘ldi. Eski aeroport yildan yil parvozlar va yo‘lovchilar soni oshib boravergani uchun tiqilinch bo‘lib qoldi. Shu sababli bu shaharda yangi havo qo‘nalg‘asi qurildi.

Dunyodagi aeroportlarga ikki xil tasnif bo‘yicha yirik maqomi beriladi. Biri aeroport egallagan yer maydonining o‘lchami, ikkinchisi yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha hisoblanadi.

Agar egallab turgan yer maydoniga ko‘ra oladigan bo‘lsak, 2023 yil reytingiga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi Qirol Fahd xalqaro aeroporti dunyodagi eng katta aeroport hisoblanadi.

Yevropadagi hududi bo‘yicha eng yirik aeroport Istanbulning yangi aeroporti hisoblanadi. Ungacha Parijdagi Sharl de Goll aeroporti shunday maqomga ega bo‘lgan.

Osiyoda Saudiya Arabistonidagi Qirol Fahd, Amerikada Denver, Afrikada Qohira aeroporti hududi jihatdan eng yirik havo qo‘nalg‘alari hisoblanishadi.

Avvalroq, dunyoning eng ko‘p yo‘lovchi o‘tkazuvchi aeroportlari haqida ma’lumot bergandik. Quyida eng katta hududga ega bo‘lgan yirik aeroportlar haqidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.

Qohira aeroporti

10. Qohira xalqaro aeroporti (Misr) – hududi 36,3 km.kv.

Qohira aeroporti (xalqaro qisqartmasi – CAI) Star Alliance a’zosi bo‘lgan Misrning EgyptAir milliy aviatashuvchisining asosiy markazi hisoblanadi.

Mazkur havo qo‘nalg‘asi Misrdagi eng yirik va Afrika qit’asidagi ikkinchi eng gavjum aeroport bo‘lib, undan ko‘plab mahalliy va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovlar amalga oshiriladi.

Misr hukumati yaqin kelajakda bu aeroportni Afrika va Yaqin Sharq o‘rtasidagi asosiy markazga aylantirishni rejalashtirmoqda. Bu uchun unda barcha sharoitlar bor.

Jumladan, aeroport hududida besh yulduzli mehmonxona, terminallararo poyezd, ulkan uchish-qo‘nish yo‘lagi va uni Giza bilan bog‘laydigan qariyb 7 kilometrli yangi metro liniyasi mavjud.

Kelajakda aeroport hududida The Cairo Cargo City va Oasis Project biznes parkini qurish rejalashtirilgan.

Shanxaydagi Pidun xalqaro aeroporti Foto: airliners.net

9. Pudun xalqaro aeroporti (Shanxay, Xitoy) – hududi 39,9 km.kv.

Pudun xalqaro aeroporti (xalqaro qisqartmasi – PVG) 1999 yilda Xunsyao aeroporti o‘rniga qurilgan. Hongkong va Makaodan amalga oshiriladigan qatnovlar ham asosan shu yerda qabul qilinadi.

Aeroportning yillik yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichi 60 million kishini tashkil qiladi. Ma’muriyat bu ko‘rsatkichni 80 million yo‘lovchiga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Pudong xalqaro aeroporti Air China, China Eastern Airlines, Shanghai Airlines va Spring Airlines aviakompaniyalari uchun baza hisoblanadi.

Xyustondagi xalqaro aeroport

8. Jorj Bush nomidagi xalqaro aeroport (Xyuston, AQSh) – hududi 44,5 km.kv.

Xyustondagi bu aeroport (xalqaro qisqartmasi – IAH) 1969 yilda qurilgan va 1997 yilda AQShning 43-prezidenti Jorj Bush (Xyustonda tug‘ilgan va 1988-1992 yillar oralig‘ida AQShni boshqargan) nomi berilgan.

2018 yilgacha Xyuston aeroporti tirik bo‘lgan davlat arboblari nomi bilan atalgan Amerikadagi ikkita aeroportdan biri edi.

Bu aeroportdan xalqaro va ichki qatnovlar amalga oshiriladi. Aeroport Continental Airlines aviakompaniyasining bosh qarorgohi va asosiy tranzit markazi hisoblanadi.

Har kuni mazkur havo qo‘nalg‘asidan 1 400 ta uchish va qo‘nish amalga oshiriladi.

Pekindagi yangi Dasin aeroporti Foto: burohappold.com

7. Dasin xalqaro aeroporti (Pekin, Xitoy) – hududi 46,6 km.kv.

Avvallari Xitoy poytaxtidagi eng yirik va eng gavjum havo qo‘nalg‘asi Pekin xalqaro aeroporti edi. Shahar ma’muriyati bu havo qo‘nalg‘asida yo‘lovchilar sonini kamaytirishga qaror qiladi va yangi yirik Dasin aeroportini (xalqaro qisqartmasi – PKX) quradi.

Bu aeroport hududi qariyb 100 ta futbol maydoniga teng. Dasin aeroportining yillik yo‘lovchi o‘tkazish salohiyati 100 million kishini tashkil etadi.

Aeroport binosi juda futuristik ko‘rinadi. Unda terminallar dengiz yulduzi shaklida qurilgan bo‘lib, har bir zal Xitoy madaniyati ramzlaridan biriga bag‘ishlangan. Masalan, terminallardan birida choy, boshqasida ipak matoga urilgan tasvirlarning suratlari bor.

Aviatashuvlardan tashqari, Dasin aeroporti tezyurar temiryo‘l va avtomobil yo‘llari uchun tutashmasi hisoblanadi.

Vashingtondagi Dalles aeroporti Foto: archdaily.com

6. Dalles xalqaro aeroporti (Vashington, AQSh) – hududi 48,6 km.kv.

Vashington shahridagi Dalles xalqaro aeroporti (xalqaro qisqartmasi - IAD) 1962 yilda ishga tushirilgan. Bu havo qo‘nalg‘asi asosan AQSh poytaxti va uning atrofidagi shaharlarga xizmat qiladi. Aeroportga AQShning ellik ikkinchi davlat kotibi Jon Foster Dalles nomi berilgan.

Dalles aeroporti orqali uchadigan asosiy aviakompaniyalar – United Airlines, JetBlue Airways va American Airlines. Bu aeroportda eng ko‘p yo‘lovchini United Airlines aviakompaniyasi tashiydi — 61,5 foiz.

Mazkur aeroport AQShdagi eng yirik arzon qatnovlar amalga oshiriladigan havo qo‘nalg‘asi hisoblanadi. Independence Air loukosteri o‘z parvozlarini asosan shu aeroport orqali amalga oshiradi.

Shu loukoster parvozlarni boshlagandan so‘ng Dalles aeroporti AQShning eng tig‘iz aeroportlari reytingida 24-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarilgan.

Orlando xalqaro aeroporti

5. Orlando xalqaro aeroporti (AQSh) – hududi 53,8 km.kv.

Ushbu aeroport (xalqaro qisqartmasi – MCO) 1981 yilda Orlando shahridan 10 km uzoqlikda qurilgan. Bu yerda har kuni 850 ga yaqin parvozlar amalga oshiriladi.

Orlando xalqaro aeroporti AirTran Airways aviakompaniyasi uchun qo‘shimcha markaz va Southwest Airlines hamda JetBlue Airways aviakompaniyalari uchun asosiy markaz hisoblanadi.

2022 yilda Orlando aeroporti 50 milliondan oshiq yo‘lovchini o‘tkazgan. Bu ko‘rsatkich bilan u Florida shtatida birinchi, AQShda o‘n birinchi o‘rinni egallagan.

Aytgancha, aynan Orlando aeroporti Shuttle kosmik kemalarining favqulodda qo‘nishi uchun zaxira joyi hisoblanadi.

Dallas aeroporti

4. Fort-Uert xalqaro aeroporti (Dallas, AQSh) – hududi 69,63 km.kv

Dallas aeroporti (xalqaro qisqartmasi – DFW) 1973 yilda qurilgan. Uning hududini ko‘pincha Nyu-Yorkdagi Manxetten bilan taqqoslashadi – aeroport hududi oroldan biroz kattaroq.

Mazkur aeroport American Airlines aviakompaniyasining eng yirik markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda parvozlarning 84 foizi ushbu aviakompaniya tomonidan amalga oshiriladi.

Dallas aeroportidan ichki va xalqaro parvozlar bo‘yicha 273 ta yo‘nalishga uchish mumkin. Bu aeroport so‘nggi yillarda yiliga 75 million yo‘lovchi o‘tkazmoqda.

Aeroport hududi shunchalik kattaki, o‘zining pochta indeksi, favqulodda yordam va kommunal xizmatlar hamda va pochta bo‘limlariga ega.

Istanbuldagi yangi aeroport

3. Istanbul xalqaro aeroporti (Turkiya) – hududi 76,5 km.kv

2018 yil oktyabr oyida Istanbulda yangi aeroport (xalqaro qisqartmasi – IST) ishga tushdi va Yevropadagi eng yirik havo qo‘nalg‘asiga aylandi.

Aeroportning ichki va xalqaro qatnovlar amalga oshiriladigan bo‘limlari joylashgan binolarda ko‘p sonli dam olish joylari va kafelar mavjud. Bu aeroport hududida 70 ming mashina uchun to‘xtash joyi bor.

2019 yilda Istanbuldagi Mustafo Otaturk nomidagi aeroport yopildi. Shundan so‘ng yangi aeroport Istanbuldagi asosiy havo qo‘nalg‘asi bo‘lib qoldi.

Istanbul aeroportidan 350 ta yo‘nalishga parvozlar amalga oshiriladi. Hozir uning yo‘lovchi o‘tkazish quvvati yiliga 70 million kishini tashkil etadi.

Yaqin kelajakda turklar bu aeroportni yiliga 150-200 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladigan qilishni rejalashtirgan.

Denver aeroporti

2. Denver xalqaro aeroporti (AQSh) – hududi 135,71 km.kv

Denver aeroporti (xalqaro qisqartmasi – DIA) hududining kattaligi bo‘yicha AQShdagi eng yirik havo qo‘nalg‘asi bo‘lib, u shahar markazidan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Ushbu aeroport Frontier Airlines va United Airlines aviakompaniyalari uchun asosiy hab, Southwest Airlines uchun esa baza hisoblanadi.

Denver xalqaro aeroporti har yili 26 mlrd dollardan ortiq daromad keltiradi. U yerda 35 ming xodim ishlaydi va aeroport bu ko‘rsatkich bilan Kolorado shtatidagi eng yirik ish beruvchilardan biri hisoblanadi.

Mazkur aeroport yo‘lovchi o‘tkazish soni bo‘yicha AQShda beshinchi o‘rinni egallaydi. U 30 ta xalqaro va 185 ta ichki yo‘nalishlarga parvozlarni amalga oshiradi.

Denver aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagining ko‘rinishini fashistlarning svastikasiga o‘xshatishadi. Shuningdek, u yerdagi yerosti tunnellarini konslagerlarga tenglashtirishadi va shu tufayli tanqid qilishadi.

Aeroport binosining tom qismi Denver shahrining ramzi bo‘lgan qorli tog‘ cho‘qqilar ko‘rinishida qurilgan.

Dammam aeroporti

1. Qirol Fahd xalqaro aeroporti (Dammam, Saudiya Arabistoni) – hududi 780 km.kv

Qirol Fahd aeroporti (xalqaro qisqartmasi – DMM) tijoriy parvozlar uchun faqat 1999 yilga kelib ochildi. Ushbu havo qo‘nalg‘asi Dammam shahridan 25 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Aeroport har yili taxminan 10-12 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Bu aeroport Saudi va Flynas kabi aviakompaniyalar uchun asosiy hab hisoblanadi.

Bu aeroport tig‘iz havo qo‘nalg‘asi hisoblanmaydi – yiliga bor-yo‘g‘i 4 mln nafar yo‘lovchi o‘tkazadi. U Saudiya Arabistoni aeroportlari orasida yo‘lovchi tashish bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi.

Mamlakat sharqidan boshqa davlatlarga uchadigan saudiyaliklar va xalqaro sayyohlar Dammam aeroportidan ko‘ra qo‘shni Bahrayn aeroporti orqali uchib keladi yoki uchib ketadi.

Aeroport juda katta hududni (780 km.kv) egallagan bo‘lsa-da, faqat uning 40 km.kv.dan foydalaniladi. Aytgancha, Qirol Fahd aeroportining maydoni Bahrayn hududidan (760 km.kv) kattaroq va butun Nyu-York shahri hududidan atigi 2 km.kv kam.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid