Jahon | 19:14 / 08.01.2024
11722
7 daqiqa o‘qiladi

Pentagon rahbari shifoxonaga tushib qoldi, ammo bu boshqalardan «yashirildi»

Uch kun davomida bu haqda na uning o‘rinbosari, na AQSh prezidenti xabardor qilingan. Respublikachilar tushuntirish talab qilmoqda.

US Department of Defense / Cover Images / Scanpix / LETA

2 yanvar kuni AQSh Mudofaa vaziri o‘rinbosari Ketlin Hiks o‘z boshlig‘i Lloyd Ostinning ba’zi vakolatlarini zimmasiga oldi. Hiks o‘sha paytda Puerto-Rikoda ta’tilda bo‘lib, Ostin shifoxonaga yotqizilganini bilmas edi. Bu haqda Pentagonning ikki vakiliga tayanib CNN ma’lum qildi.

AQSh mudofaa vazirligi 70 yoshli Lloyd Ostinning shifoxonaga yotqizilganini faqat 5 yanvar kuni e’lon qildi. Qisqacha press-relizda aytilishicha, 1 yanvar kuni kechqurun vazir odatdagi tibbiy muolajalar oqibatida yuzaga kelgan asoratlar tufayli Milliy harbiy tibbiyot markaziga yotqizilgan. Biroq «allaqachon tuzalmoqda va o‘z vazifalarini to‘liq bajarishga qaytmoqda».

Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayderning aniqlik kiritishicha, Ostin 22 dekabr kuni rejadagi tibbiy muolajadan o‘tgan va ertasi kuni uyiga qaytgan. Biroq, 1 yanvar kuni kechqurun «kuchli og‘riq his qilgan», shundan so‘ng shifoxona reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Ostinning shifoxonaga yotqizilganini nafaqat uning o‘rinbosari, balki davlat kotibi Entoni Blinken va AQSh prezidenti Jo Bayden ham bilmay qolgan.

Vaziyatdan xabardor bo‘lgan CNN manbasiga ko‘ra, Bayden Ostinning shifoxonaga yotqizilgani haqida bir necha kundan keyin bilgan. Bu haqda unga milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jyeyk Sallivan xabar bergan, uning o‘zi Ostin shifoxonada ekanidan faqat 4 yanvar kuni kechqurun xabar topgan.

Patrik Rayderning CNN telekanaliga aytishicha, shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Charlz Kvinton Braun Ostinning shifoxonaga yotqizilgani haqida 2 yanvar kuni xabardor qilingan. Ammo, telekanal ta’kidlaganidek, u vazirlikka bo‘ysunmaydi.

Oqibatda, Ostin shtab boshlig‘i Kelli Magsamen davlat kotibi o‘rinbosari, milliy kotib va milliy xavfsizlik maslahatchisiga faqat 4 yanvar kuni boshliqning shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarnoma yuborgan. Rayderning so‘zlariga ko‘ra, u kasalligi tufayli buni ilgariroq qila olmagan (qanday kasallik ekani haqida matbuot kotibi tushuntirish bermadi).

Hodisa tufayli ko‘plab amaldorlarda Pentagonga savollar tug‘dirdi va Ostinning o‘zi «qattiq tanqidga uchradi», deb yozdi CNN. «Bu odamlarning barchasi Ostinni doimiy ravishda qurshab olishadi, unga kun-u tun yordam berishadi. Nahotki hech kimda bu haqda (uning shifoxonaga yotqizilgani) Oq uyga xabar berishga imkon yo‘q edi? Hozircha hech kim «yashirish» so‘zini ishlatmayotganiga hayronman», dedi ismini oshkor etmagan Pentagon rasmiysi CNN telekanaliga.

Respublikachilar partiyasi vazirdan tushuntirish talab qildi. Jumladan, Mayk Rojyers va deputat Adam Smit (birinchisi Qurolli kuchlar qo‘mitasiga raislik qiladi, ikkinchisi esa uning a’zosi) tomonidan e’lon qilingan bayonotda, ular Ostinning shifoxonaga yotqizilgani haqida qanday «ma’lumot berilganidan xavotirda» ekanini aytgan. «Bir nechta savollar javobsiz qolmoqda, jumladan, tibbiy muolajalar va yuzaga kelgan asoratlar, vazirning sog‘ligi hozir qandayligi, uning vakolatlari qanday va qachon topshirilgani, prezident va Kongressni xabardor qilishning kechikishi sabablari», deb ta’kidladi respublikachilar.

Qurolli kuchlar qo‘mitasidagi eng yuqori martabali respublikachi senator Rojyer Uikerning aytishicha, Ostinning shifoxonaga yotqizilishi bo‘yicha shaffoflikning yo‘qligi «Bayden ma’muriyatiga ishonchni pasaytiradi». U Pentagon tomonidan mudofaa vazirining sog‘ligi haqidagi ma’lumotlar bir necha kun davomida yashirilganini nomaqbul deb atadi.

Ostin shifoxonada yotgan davrda, 4 yanvar kuni AQSh Bag‘dodda eronparast «An-Nujaba» guruhi qo‘mondonini yo‘q qilish maqsadida havo zarbasini berdi. Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayderning aniqlik kiritishicha, Ostin bu zarbaga shifoxonaga yotqizilishidan oldin ruxsat bergan.

Shuningdek, shifoxonaga yotqizilgan kuni vazir AQSh prezidenti bilan suhbatlashgan, unda Yaman husiylarining xorij kemalariga hujumi tufayli Qizil dengizdagi vaziyat yomonlashuvi muhokama qilingan, deb yozdi CNN. Nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, qo‘ng‘iroq paytida Ostinning ovozi «odatdagidek» yangragan.

CNN ta’kidlaganidek, Ostin shifoxonaga yotqizilgani haqida jamoatchilikka xabar berish kechikishi boshqa shunga o‘xshash misollarni hisobga olgan holda hayratlanarli. Masalan, 2022 yilda AQSh bosh prokurori Merrik Harlend operatsiya qilinganida, Adliya vazirligi jarayondan bir hafta oldin bu haqda batafsil bayonot bergandi. Ostinning o‘zi o‘sha yil avgust oyida koronavirus testining musbat natijasi va AQSh prezidenti bilan so‘nggi aloqasi haqida batafsil ma’lumot bergan.

6 yanvar kuni, AQSh mudofaa vaziri shifoxonaga yotqizilganidan besh kun o‘tib, Pentagon Ostinning bayonotini e’lon qildi. Vazir o‘zini davolagan shifokorlarga minnatdorchilik bildirgan, ommaviy axborot vositalarining «shaffoflik borasidagi tashvishlari»ni tushunishini aytgan va «jamoatchilikni vaqtida xabardor qilish uchun yaxshiroq ishlashi mumkinligi»ni tan olgan. «Men yaxshiroq ishlashga va’da beraman. Ammo shuni aytishim kerakki, bu mening tibbiy amaliyotim edi va men ma’lumotni oshkor qilish bo‘yicha qarorlarim uchun javobgarlikni to‘liq o‘z zimmamga olaman», deb qo‘shimcha qildi u.

O‘sha kuni Bayden Ostin bilan «samimiy suhbat» o‘tkazdi, deb yozdi Politico Oq uydagi manbasiga tayanib. Nashr suhbatdoshining ta’kidlashicha, prezident hali ham «Ostinga to‘liq ishonadi». Nashrning ta’kidlashicha, mudofaa vaziri va AQSh prezidenti o‘rtasidagi munosabatlar yaqin deb hisoblanadi va Ostin ilgari Bayden ma’muriyati ichida ham, tashqarisida ham tanqidlarga uchramagan.

Ostinning sog‘ligi haqidagi holat hali ham Oq uyning ko‘plab rasmiylariga to‘liq tushunarli emas, ammo ularning ba’zilari CNN bilan suhbatda bu holat Amerika prezidentining vazirga nisbatan ijobiy munosabatiga ta’sir qilishi dargumonligini aytgan. Oq uy rahbariga yaqin bo‘lgan boshqa manbaga ko‘ra, Bayden uzoq vaqtdan beri shaxsiy masalalar – hatto hukumat amaldoriga tegishli bo‘lsa ham, maxfiy bo‘lishi mumkin, degan fikrda.

Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayderning so‘zlariga ko‘ra, bu voqea mudofaa vazirligining ko‘plab rasmiylarida «chuqur umidsizlik»ka sabab bo‘lganiga qaramay, Ostin iste’foga chiqish niyatida emas.

Mavzuga oid